10:56 / 05.11.2021
11294
Toshkent aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi inshootda nosozlik yuz berdi

Toshkent shahri aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi “Qodiriya” bosh suv inshootida nosozlik yuz berdi. Bu haqda "Toshkent shahar suv ta'minoti" MChJ xabar qildi.

Qayd etilishicha, «Qodiriya» suv inshootida yuqori kuchlanishli elektr ta'minotida nosozlik sababli nasos agregatlarida o‘chish holati yuzaga kelgan. Shu tufayli Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik  suv ta'minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, ushbu nosozlik sabab Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suvi ta'minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilmoqda. Hozirgi vaqtda elektr ta'minoti qayta tiklangan, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. 2-3 soatda Toshkent shahri suv ta'minoti o‘z maromiga qaytadi.

Gazeta.uz’ning Energetika vazirligi matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, nasoslarning ishlashiga ta'sir qilgan «Markaz» nimstansiyasining o‘chib qolishiga chang bo‘roni sabab bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kechasi havodagi chang miqdorida me'yoridan 5 barobarga oshib ketdi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi ma'lumotlariga ko‘ra, avariyaviy holat sabab Mirzo Ulug‘bek tumani «TTZ-4» mavzesidagi 14/1 va 14/2 lokal qozonxonalarga sovuq suv bosimi pasaygan, sovuq suv kelishi to‘xtagan. Oqibatda esa 37 ta ko‘p qavatli uylarda issiq suv va issiqlik ta'minoti to‘xtatilgan. Xuddi shunday Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida ham 214 ta uyda ta'minot to‘xtagan.

Shuningdek, tumandagi «TTZ-1», «TTZ-2», «TTZ-4», «Qorasuv-1», «Qorasuv-2», «Qorasuv-3»,«Qorasuv-4» va «Feruza» massivlari, Oltintepa, Sayohat, Xirmontepa, Podshobog‘, Orol va Salom ko‘chalari, Bo‘z-1, Chust ko‘chalarida ichimlik suvi ta'minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

«Toshkent shahar suv ta'minoti»  va tuman hokimligi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

 

Top