16:40 / 05.11.2021
8446

Traktorchi, tarozibon, oddiy dehqon: ota kasbini egallagan Qoraqalpog‘istonlik yosh fermer qiz

30 yoshni to‘ldirgan Venera Ibragimova Qoraqalpog‘istondagi eng yosh fermer qizlardan biri. U «Beruniyli Anvarbek» fermer xo‘jaligini 7 yildan beri boshqarmoqda.

Yosh fermer qiz 23 yoshida otasidan fermerlikni qabul qilib oladi. O‘shanda ularning 60 gektar yeri bor edi. Hozir yer maydonlari 130 gektarni tashkil qiladi. Ekin maydonida asosan paxta va g‘alla yetishtiriladi.

Venera Ibragimovaning yoshligi Toshkentda o‘tgan. Shunga qaramay yerga mehri sohaga kirib kelishiga sabab bo‘lgan.

«Dadam insult bo‘lib qolganda, ishni boshlaganimning birinchi yili juda qiynaldim. U paytlarda ukam yosh edi. Men shaharda o‘sgan qiz edim. O‘shanda onam menga dalda berdi: «Senga ishonamiz, sen shu ishni qila olasan», dedilar. Birinchi-ikkinchi yili juda qiynaldik. Yerdan kuch olib, Xudoga shukur hozirgi kunga yetib keldik», — deydi, yosh fermer qiz.

U xo‘jalikda traktorchilikni ham, tarozibonlikni ham, oddiy ishchi vazifasini ham qilib ketaveradi.

«Boshida traktorchilardan biroz qiynalganman. «Bugun haydab bering, pul beraman desam» ham, «hozir vaqtim yo‘q», deya rad etishardi. Yoki «100 ming beraman», desam, 200 ming so‘m so‘rashardi. Oxiri o‘zimga o‘zim «Buni qiz bolaning ishi emas, yigitlar shug‘ulladigan kasb», degan joyi yo‘q. O‘zimning ham qo‘limdan keladi. Qani, bir haydab ko‘ray-chi, dedim. Onam «haydama bolam, bahaybat traktorni boshqara olmay urib olasan yoki ag‘darasan», dedi. Ag‘darsam ham, baribir haydayman, oxiri o‘rganaman, dedim va niyatimga yetdim», — deya, boshidan kechirganlarini aytadi Venera Ibragimova.

Venera Ibragimova joriy yilda o‘z oldiga reja qilib qo‘ygan 150 tonna paxta xirmonini ortig‘i bilan to‘pladi. Hozir yosh fermer qizning yillik daromadi 250–300 mln so‘mni tashkil qiladi. U o‘z sohasida eng yuqori cho‘qqilarga chiqmoqchi. Xo‘jalikni ko‘p tarmoqli qilib, ko‘proq odamni ish bilan ta'minlash niyatida.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Top