11:01 / 06.11.2021
4783

Shavkat Mirziyoyev: «Prezident lavozimiga saylanishimni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi siyosatimizning yuksak e'tirofi sifatida qabul qilaman»

Senat yangi binosida O‘zbekiston Respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiya marosimi boshlandi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq so‘zlamoqda.

“Avvalo, menga ulkan ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib qayta saylagan barcha yurtdoshlarimga, chin qalbimdan minnatdorlik izhor etib, mehnatkash, oliyjanob va bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta'zim qilaman. 

Siz, azizlarga, sizlar orqali butun el-yurtimizga tinchlik va salomatlik, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman. Jonajon Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan davlat bayrog‘imiz, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga saylanishimni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borayotgan siyosatimizning yuksak e'tirofi sifatida qabul qilaman.

Bo‘lib o‘tgan saylovlarda ko‘p millatli xalqimiz faol ishtirok etib, o‘zining erkin xohish-irodasini, yuksak huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yaqqol namoyon etdi. Xalqimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yo‘limiz naqadar to‘g‘riligini, saylov natijalari yana bir bor tasdiqladi. Bu esa, barchamizga yangi kuch, baland ruh va ishonch bag‘ishlaydi.

Saylovning erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida o‘tganini, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham e'tirof etdilar. Prezident saylovida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uzoq muddatli missiyalari, butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi. 

Ayniqsa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Parlament Assambleyasi qatorida, birinchi marta Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. 

Umuman, saylovda 18 ta xalqaro tashkilot va 45 ta xorijiy davlatning mingga yaqin vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1 ming 700 ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini bevosita yoritib bordi. Ularning barchasi, saylov milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, yuqori saviyada o‘tganini, alohida qayd etdilar”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top