14:18 / 07.11.2021
4459

Ilon Mask o‘z aksiyalarini sotish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazishga qaror qildi

Dunyoning amaldagi eng badavlat odami Ilon Mask Tesla kompaniyasidagi 10 foiz aksiyasini sotishi kerakligi yoki yo‘qligi bo‘yicha Twitter’da foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishga qaror qildi. U so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, o‘z aksiyalarini sotishga tayyorligini bildirdi.

Foto: AP

“Oxirgi vaqtda realizatsiya qilinmagan foyda soliqlardan qochish yo‘li ekani haqida ko‘p gapirilmoqda. Shu sababli Tesla’ning o‘zimga tegishli 10 foiz aksiyasini sotishni taklif qilmoqchiman. Siz buni qo‘llab-quvvatlaysizmi?” deb yozgan Mask.

Milliarder so‘rovnoma natijalariga ko‘ra qaror qabul qilishini aytgan. U o‘z kompaniyalaridan maosh yoki pul ko‘rinishidagi bonuslar olmasligini, shu sababli soliq to‘lashining yagona yo‘li aksiyalarini sotish hisoblanishini aytgan.

Ayni vaqtda so‘rovnomada 1,6 mlndan ko‘proq odam ishtirok etgan. Ulardan 53,7 foizi Mask o‘z aksiyalarini sotishi kerakligini, 46,3 foizi esa bunga qarshi ekanliklarini bildirishgan. Ta'kidlanishicha, so‘rovnoma bir kunga yaqin davom etadi.

Ilon Mask ayni vaqtda dunyoning eng boy odamlari reytingida yetakchilik qilmoqda. Hozirda uning boyligi Forbes va Bloomberg nashrlariga ko‘ra, mos ravishda 318 va 338 mlrd dollarga baholanmoqda. Oktyabr oxirida tadbirkor “milliarderlarga soliq solish” tashabbusiga qarshi chiqqan. Uning fikricha, bu AQSh davlat qarzi muammosini hal qilishda yordam bermaydi.

Avvalroq Mask BMTning jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Devid Bislining 6 mlrd dollar dunyodagi ochlik muammosini hal qila olishi haqidagi so‘zlariga javoban, dastur vakillari buni qanday amalga oshirish mumkinligini tushuntirib bera olishsa, Tesla’ning shu qiymatdagi aksiyalarini sotib, uni xayriya qilishga tayyorligini bildirgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Maskka Tesla’ning 21 foiz aksiyasi tegishli hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top