19:51 / 07.11.2021
7996

Iroq bosh vaziriga suiqasd vaqtida uchta dron qo‘llangan

Foto: Getty Images

Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiyga suiqasd vaqtida uchta dron qo‘llangan. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vazirligiga tayanib mahalliy OAV xabar berdi. 

Avvalroq Iroq bosh vazirining Bag‘dodning kuchli himoyalanuvchi “yashil hududi”da joylashgan qarorgohiga dron yordamida hujum sodir etilgani, uning oqibatida al-Kozimiyning bir nechta tansoqchisiga jarohat yetgani ma'lum qilingandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari dronlardan ikkitasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Shuningdek, qarorgoh tomida portlamay qolgan snaryad aniqlangan. Ayni vaqtda sapyorlar uni xavfsizlantirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.

Al-Kozimiy hujumdan keyin mamlakat aholisiga murojaat qilib, bosiqlik ko‘rsatishga chaqirgan.

AQSh ushbu hujumni qoralagan va uni tergov qilishda o‘z yordamini taklif qilgan.

O‘z navbatida, Eron milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shahmaniy ham ushbu hujumni qoralagan. U Twitter’dagi sahifasida hujum uchun javobgarlikni “xorijiy tahliliy markazlar” zimmasiga yuklagan.

G‘arb OAVning ta'kidlashicha, bosh vazirga suiqasd Iroqda 10 oktyabrda o‘tgan parlament saylovlaridan keyin ortayotgan keskinlik ortida yuz bergan.

Mavzuga oid
Top