23:28 / 07.11.2021
5662

Saakashvili norozilik sifatida dorilar qabul qilishdan bosh tortdi

Foto: RIA Novosti

Rustavi shahridagi turmada bir oydan ko‘proq vaqtdan beri ochlikni davom ettirayotgan Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili dorilar qabul qilishdan ham bosh tortdi. Bu haqda uning shaxsiy shifokori Nikoloz Kipshidze ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Saakashvili turmadagi shifokor xonasida ovqatlanayotgani aks etgan video tarqatilganiga norozilik sifatida shunday qarorga kelgan.

“Mixail Saakashvili dorilar qabul qilish, testlardan o‘tish va qon quydirishdan voz kechdi. U bu muassasada unga biror-bir muolaja ko‘rsatilishini boshqa istamayapti”, deb ma'lum qilgan jurnalistlarga Kipshidze.

Avvalroq Gruziyaning maxsus penitensiar xizmati Saakashvili tanovul qilayotgani videosini tarqatgan.

“Jamoatchilik orasida katta qiziqish borligi sababli Mixail Saakashvili ovqat qabul qilayotganidan ba'zi faktlarni e'lon qilmoqdamiz. Videoda u kunning turli vaqtida ovqat va tabiiy sharbatlar olayotganini ko‘rish mumkin. Biz, shuningdek, Saakashvili olgan oziq-ovqat mahsulotlari suratini ham e'lon qilamiz”, deb ma'lum qilingan xizmatda.

Shuningdek, Gruziya adliya vaziri Rati Bregadze siyosatchining sog‘lig‘i barqaror ekanligini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, Saakashvili bo‘tqalar yemoqda va sharbatlar ichmoqda, uning barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me'yorida.

Saakashvili 1 oktyabrda Gruziyada hibsga olingach, bunga qarshi norozilik sifatida ochlik e'lon qilgandi.

Top