21:14 / 07.11.2021
4639
Samarqandda xalqaro yarimmarafon: eng oxirida yo‘lga chiqqan ishtirokchi 21 kilometrni birinchi bo‘lib bosib o‘tdi

Samarqand shahrida uchinchi marotaba «Samarkand Half Marathon» xayriya yarimmarafoni o‘tkazildi.

Mazkur marafon Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi, Turizm va sport vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etib kelinmoqda.

Marafon ochilishida Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Nurullayev qatnashdi va ishtirokchilarni tabrikladi.

«Ushbu marafonga shahrimiz mezbon ekani nafaqat bizga mas'uliyat yuklaydi, balki faxr ham beradi. 2020 yilda pandemiya sababli xalqaro marafon onlayn tarzda o‘tkazilgandi. Mana, bu yil yana katta bayramdek tayyorgarlik ko‘rdik. Shahrimizda madaniy muassasalar, tarixiy obidalar ko‘p. Ushbu obektlarimizni bugun dunyo bo‘ylab ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Bu ham siyosat, ham sport targ‘iboti, deb hisoblayman. Ishonamanki, bugungi tadbir kelgusida shahrimizga sayyohlar oqimi ortishiga ham xizmat qiladi», — dedi shahar hokimi.

Samarqanddagi yarimmarafon yugurish yo‘lagi eng go‘zal va qiziqarli trassalardan biri bo‘lib, yugurish marshruti davomida ishtirokchilar shaharning barcha asosiy diqqatga sazovor joylarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Marafonga Registon majmuasi yonidan start berildi.

Marafonda bevosita ishtirokchi, ham tadbir tashkilotchilaridan bo‘lgan Turizm va sport vazirligi huzuridagi ommaviy sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zarina Abdullayeva tadbirning ahamiyati haqida gapirib berdi.

«Marafon onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilmoqda. Demoqchimanki, dunyoning o‘ttizga yaqin davlati, qo‘shni davlatlardan tashqari Yevropa mamlakatlari, hatto Meksikada ham ushbu marafonda biz kabi yugurayotgan ishtirokchilar bor. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda joylashgan madaniyat va san'at obektlarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirishdan iborat.

Bundan tashqari, barcha yoshdagi yurtdoshlarimizni ommaviy sportga jalb etishni niyat qilganmiz. Yarim marafondan kelib tushgan mablag‘lar imkoniyati cheklangan shaxslarni madaniyat muassasalariga ishga joylashtirish uchun xayriya maqsadida sarflanadi», — dedi Zarina Abdullayeva.

 

Marafonda nafaqat professional sportchilar, balki taniqli tadbirkorlar, korxona-tashkilotlarning ko‘ngilli xodimlari ham qatnashdi. Xususan, Murad Buildings rahbari va NRG kompaniyasining asoschilaridan biri Murod Nazarov Samarqandda o‘tkazilayotgan an'anaviy marafonni sog‘inib kelganini aytib o‘tdi.

«Marafonda ishtirok etish uchun biz ham qariyb ellik kishilik jamoamiz bilan keldik. O‘tgan safar o‘n kilometr masofaga 48 daqiqada yetib kelgandim. Bu safar 44 daqiqada keldim, shaxsiy rekordimni yangiladim. Umuman, marafon bahona Samarqandga minglab insonlar yig‘ilyapti, mehmonxonalar to‘la. Bu turizmning rivojlanishiga xizmat qiladi, qolaversa, Samarqandni ko‘raman deb sabab topolmay yurgan insonlarga shaharni yana ko‘rish imkoniyatini beryapti», — dedi Murod Nazarov.

Turli masofalarda marafonda yugurgan ishtirokchilar birin-ketin finish chizig‘iga yetib kela boshlashdi. E'tiborli jihati, 2019 yilda birinchi, 2020 yilda ikkinchi bo‘lib marraga yetib kelgan Shohrux Davlatov bu safar ham 21 kilometrlik masofaga birinchi bo‘lib yetib keldi.

«Bu safargi marafon men uchun ancha og‘ir o‘tdi. Sababi, dastlab adashib 10 kilometrlik masofaga yugurib boshladim va 21 kilometrlik masofaga yuguruvchi sheriklarimni ko‘rmaganim sababli ortga qaytdim. Startga qaytib kelgunimcha 21 kilometrlik marafonchilar jo‘nab ketishgan ekan. Ancha vaqt va kuch yo‘qotdim. Shunday bo‘lsa-da, bor kuch va irodamni ishga soldim. Mashaqqatli tayyorgarlik o‘z natijasini berdi, xudoga shukr, safdoshlarimdan keyin start olgan bo‘lsam-da birinchi bo‘lib finishga yetib kelish nasib qildi. Kechagina farzandli bo‘lgandim, ushbu yutug‘im oilam uchun katta sovg‘a bo‘ldi», — dedi Surxondaryo yengil atletika maktabi vakili Shohrux Davlatov.

21 kilometrlik masofaga ayollar o‘rtasida birinchi bo‘lib qirg‘izistonlik Gulshanoy Sattarova yetib keldi.

«Allohga shukr, ushbu marafonda birinchilik nasib qildi. Shu vaqtga qadar Qirg‘iziston va Qozog‘istonda xalqaro yarimmarofonlarda g‘olib bo‘lganman. Har bir marafonda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ladi, bu safar ham oson bo‘lmadi. 18 yildan beri sport bilan shug‘ullanaman. Birinchi ustozim andijonlik, ayni vaqtda Qirg‘izistonda yashayman», — dedi Gulshanoy.

Bu safargi «Samarkand Half Marathon» xalqaro yarimmarafonda 29 davlatdan 2165 nafar ishtirokchi qatnashdi. Xususan, ikki kilometrlik masofaga 880, o‘n kilometrlik masofaga 733, yigirma bir kilometrlik masofaga 450 hamda shimolcha yurish (2 kilometr) musobaqalarida 102 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi.

Samarqand xalqaro yarimmarafonida turli yosh toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari topshirildi.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir ALIBOYeV.

Top