10:14 / 08.11.2021
7255
Avstriya tashqi ishlar vaziri 20 yil ichida birinchi marta O‘zbekistonga keldi 

Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonning Venadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida Avstriya TIV rahbari Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligida rasmiy muzokaralar o‘tkazadi.

Uchrashuvlar chog‘ida siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.

Vazir Mixael Linxartning tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston-Avstriya biznes-forumi ham bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va biznes tuzilmalarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda.

Ushbu tashrif Avstriya TIV rahbarining so‘nggi 20 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir. Avstriya tashqi ishlar vaziri Benita Ferrero-Valdner O‘zbekistonga oxirgi marta 2000 yilda YeXHTning amaldagi raisi sifatida kelgan edi.

Ta'kidlanishicha, keyingi yillarda O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar yangi darajaga ko‘tarildi. Tomonlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari samarasida 2018 yil tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi va keyingi yillarda ham ijobiy o‘sish dinamikasi saqlab qolinmoqda. Bundan tashqari, Avstriya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtiroki sezilarli darajada faollashdi.

Masalan, Toshkent shahridagi “Humo-Arena” muz majmuasi va “Milliy” stadioni qurilishida Avstriyaning “Oberhofer Stalbau” va “Haslinger Stalbau” kompaniyalari, “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortini qurish loyihasini amalga oshirishda esa “Doppelmayr” kompaniyasi ishtirok etgan.

Mavzuga oid
Top