23:12 / 08.11.2021
6157

Birinchi marta xitoylik ayol fazogir ochiq koinotga chiqdi

Xitoylik ayol fazogir Van Yaping ochiq koinotga chiqqan birinchi xitoylik ayol bo‘ldi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.

Foto: STR / AFP

Xitoyning boshqariluvchi kosmonavtika dasturi devonxonasida ma'lum qilinishicha, 7 noyabrda “Tyangun” koinot stansiyasi ekipaji ochiq koinotga chiqdi. Fazogirlar stansiya tashqarisida 6,5 soat bo‘lishgan va bu vaqt ichida o‘z oldilariga qo‘yilgan barcha vazifani bajarishgan.

Van Yaping ochiq koinotga ekipaj sardori Chjay Chjigan bilan birga chiqqan. E'tiborlisi, aynan Chjigan 13 yil avval ochiq koinotga chiqqan birinchi xitoylik fazogir bo‘lgan. Bu uning ochiq koinotga ikkinchi chiqishi hisoblanadi.

Ekipajning uchinchi a'zosi Ye Guanfu bu vaqtda stansiyada qolgan va hamkasblari bilan aloqa kanali bo‘yicha o‘zaro harakat qilgan.

Fazogirlar ochiq koinotda stansiyaning asosiy moduli “Tyanxe”ning robotlashtirilgan manipulyatorini kelgusida stansiyaga keltiriladigan “Ventyan” robotlashtirilgan manipulyatori bilan aloqa qilishi uchun mo‘ljallangan qurilmani o‘rnatishgan.

Stansiyada hozirda faoliyat olib borayotgan uch fazogir ham unga oktyabrda “Shenchjou-13” kemasida kelgan. Ularning missiyasi 6 oy davom etadi.

Ta'kidlanishicha, fazogirlarning ochiq koinotga yana chiqishi rejalashtirilgan. 

Xitoy o‘z koinot stansiyasini 2022 yilda qurib bitkazmoqchi. Stansiyaning asosiy moduliga yana 6 ta parvozni amalga oshirish rejalashtirilgan. Asosiy modulga yana ikkita laboratoriya modulini biriktirish ko‘zda tutilgan.

“Tyangun” stansiyasining og‘irligi qurib bitkazilgach, 90 tonnaga yaqinni tashkil qiladi. U Xalqaro koinot stansiyasidan 5 marta kichikroq bo‘ladi va doimiy asosda 3 fazogirni, ekipajlar almashganda esa 6 fazogirni qabul qila oladi.

Stansiyaning xizmat qilish muddati 10 yilga yaqinni tashkil qiladi.

Tarixda ochiq koinotga chiqqan birinchi ayol fazogir sobiq ittifoq vakili Svetlana Savitskaya hisoblanadi. U 1984 yil 25 iyulda “Salyut-7” orbital stansiyasining tashqarisiga chiqib, ochiq koinotda 3 soat 35 daqiqa vaqt o‘tkazgan.

Top