13:25 / 08.11.2021
2155
«Biz kelajagimiz uchun kurashyapmiz» — dunyoning yosh iqlim faollari Glazgoda namoyish o‘tkazdi

Butun dunyodan kelgan yuzlab iqlim faollari COP26 muzokarachilariga bosim o‘tkazish uchun Glazgo shahar markazida to‘planishdi. Ular dunyo liderlarini iqlim o‘zgarishiga e'tibor qaratishga chaqirmoqda.

Foto: Reuters

Shotlandiyaning Glazgo shahrida BMTning 26-iqlim o‘zgarishi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda butun dunyodan kelgan yosh iqlim faollari dunyo liderlari va keksa avlodni iqlim o‘zgarishiga e'tibor qaratishga chaqirib, Glazgo shahar markazida namoyish o‘tkazishdi.

Ular dunyo yetakchilarini iqlim inqiroziga qarshi kurashda «Men o‘z tartibsizliklarimni tozalashga majburman, nega sen o‘zingnikini saranjom qilmaysan?» — degan shiorlar yozilgan bannerlarni ko‘tarib, harakatlarini kuchaytirishmoqda.

Harakatlar butun dunyo bo‘ylab juma va shanba kunlari Shotlandiyada bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga to‘g‘ri kelgan qator namoyishlarning bir qismi bo‘ldi.

Glazgodagi namoyishda ba'zi namoyishchilar muzokarachilarni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qodir emaslikda, shu bilan birga havo haroratining xavfli darajada ko‘tarilishiga to‘sqinlik qila olmaydigan siyosatni aybladilar.

Foto: Reuters

Ko‘pchilikni konferensiyada qarorlar qabul qilish jarayonida yoshlarning kamligi tashvishlantirdi. 

«Iqlim o‘zgarishi avlod tanlamaydi», — deydi iqlim o‘zgarishini bartaraf etishda yoshlar ishtirokini oshirish uchun kurashayotgan keniyalik faol Kaluki Pol Mutuku. — Bu hammamizga ta'sir qiladi. Agar dunyo yetakchilari va keksa avlod vakillari bizni bu ishga jalb qilsa, to‘g‘ri bo‘ladi, chunki biz o‘z kelajagimiz uchun kurashyapmiz».

Bu fikrni boshqa COP26 namoyishchilari ham ma'qullashdi, ularning aksariyati o‘z maqsadlarini dunyo yetakchilariga yetkazish uchun butun dunyodan kelgan.

Ma'lumot o‘rnida, BMTning 26-iqlim o‘zgarishi konferensiyasi (COP26) 31 oktyabrda boshlangan va 12 noyabrgacha davom etadi.

Top