13:11 / 08.11.2021
35185

Gazga eng boy davlatlar: O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Dunyoda tasdiqlangan gaz zaxiralari 200 trln kubometrni tashkil qiladi, shundan 75 trln kubometri Yaqin Sharq davlatlarida, 65 trln kubometri esa MDH davlatlarida joylashgan.

Foto: Anadolu

Dunyoda tabiiy gazga boy davlatlar juda ko‘p. Ularning reytingi asosan tasdiqlangan gaz zaxiralarini hisobga olgan holda belgilanadi. Jahonda ushbu reytinglarni tuzuvchi bir necha tashkilotlar borki, ularning ma'lumotlari hamda reyting ishtirokchilarini saralash mexanizmlari ham turlicha. OPeK tashkiloti va «Bi-Pi» – British Petroleum – transmilliy neftgaz kompaniyasi shu kabi reytinglarni tuzuvchi eng ishonchli va obro‘li tashkilotlar sifatida tan olingan.

Bugungi maqolada aynan shu ikki manba ma'lumotlaridan foydalanamiz.

Umuman olganda, dunyoda 2020 yil holatiga tasdiqlangan gaz zaxiralari 200 trln kubometrni tashkil qilsa, shundan 75 trln kubometri Yaqin Sharq davlatlarida, 65 trln kubometri esa MDH davlatlarida (asosan Rossiya va Turkmanistonda) joylashgani aniqlangan. Eng qizig‘i, gaz zaxiralari bo‘yicha yetakchi davlatlar har ikki manbada ham bir xil, farq faqatgina raqamlarda xolos.

Demak, «Bi-Pi» reytingida davlatlar va ulardagi tasdiqlangan gaz zaxiralari (trln kubometrda):

1.     Rossiya — 38

2.     Eron — 32

3.     Qatar — 24,7

4.     Turkmaniston — 19,5

5.     AQSh — 12,9

6.     Xitoy — 6,4

7.     Venesuela — 6,3

8.     Saudiya Arabistoni — 6

9.     BAA — 5,9

10.  Nigeriya — 5,4

Bu reytingda O‘zbekiston 24-o‘rinni egallaydi hamda respublikaning tasdiqlangan gaz zaxiralari 1,2 trln kubometrni, yoki butun dunyoda mavjud gaz zaxiralarining 0,6 foizini tashkil qiladi

OPeK tashkilotining reytingida esa bu raqamlar boshqacha ko‘rinish olgan:

1.     Rossiya — 50,2 (umumiy hajmning 24,3 foizi)

2.     Eron — 33,9 (16,5 foiz)

3.     Qatar — 23,8 (11,5 foiz)

4.     AQSh  — 13,4 (6,9 foiz)

5.     Turkmaniston — 12,17 (5,91 foiz)

6.     Saudiya Arabistoni — 9,4 (4,5 foiz)

7.     BAA — 6,09 (2,95 foiz)

8.     Nigeriya — 5,76 (2,79 foiz)

9.     Venesuela — 5,67 (2,75 foiz)

10.  Jazoir — 4,5 (2,18 foiz)

OPeK reytingida Xitoy yetakchilar qatoriga kirmagan bo‘lsa, Jazoir kuchli o‘nlikni yakunlab bergan va Rossiyaning ko‘rsatkichlari keskin oshib ketgan. O‘zbekiston esa mazkur reytingda 1,522 trln kubometr gaz zaxirasi yoki dunyodagi umumiy gaz hajmining 0,74 foizi bilan 22-o‘rinni egallagan.

Yuqoridagi har ikki reytingdan ham ko‘rish mumkinki, ko‘pchilik o‘ylaganidek O‘zbekiston tasdiqlangan gaz zaxiralari bo‘yicha yetakchilar qatorida emas, hatto kuchli yigirmatalikka ham kirmaydi.

Gaz zaxiralari mavzusi qiziq albatta, lekin asosiysi ushbu gazni qazib olish alohida mavzu.

Agar gaz zaxiralari bo‘yicha har qanday reytingda Rossiya mutlaq yetakchilik qiladigan bo‘lsa, gaz qazib olish borasidagi yetakchilik AQSh tomonida va shu bilan birga o‘zi qazib chiqargan gazni asosan o‘zi iste'mol qiladi, ya'ni AQSh ichki bozoriga yo‘naltiradi.

2020 yil yakunlariga ko‘ra British Petroleum reytingi bo‘yicha gaz qazib oluvchi yetakchi davlatlar quyidagilardan tashkil topgan (mlrd kubometr/dunyo bo‘yicha umumiy hajmdagi ulush):

1. AQSh — 914,6 (23,7 foiz)

2. Rossiya — 638,5 (16,6 foiz)

3. Eron — 250,8 (6,5 foiz)

4. Xitoy  — 194,0 (5,0 foiz)

5. Qatar — 171,3 (4,4 foiz)

6. Kanada — 165,2 (4,3 foiz)

7. Avstraliya  — 142,5 (3,7 foiz)

8. Saudiya Arabistoni — 112,1 (2,9 foiz)

9. Norvegiya — 111,5 (2,9 foiz)

10. Jazoir — 81,5 (2,1 foiz)

Ko‘rinib turibdiki, gaz zaxirasi egalarining hammasi ham qazib olishda yetakchi bo‘la olishmagan. O‘zbekiston bu reytingda 2020 yil natijalariga ko‘ra 47,1 mlrd kub va 1,2 foiz bilan 17-o‘rinni egallagan.

Yuqoridagi reytinglarda “Qatar fenomeni” qiziq.

Ushbu kichkinagina davlat gaz zaxirasi bo‘yicha ham, uni qazib olishda ham yaqqol yetakchilar bilan bir qatordan joy olmoqda. Qatar so‘nggi yillarda gazni suyultirgan holda eksport qilish borasida ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishib katta daromad olmoqda.

Reytingning umumiy ro‘yxatiga nazar solinsa, 100 dan ortiq davlatda gaz zaxirasining umuman yo‘qligi yoki umuman qazib olinmasligini ko‘rish mumkin.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov mavzu yuzasidan Kun.uz'ga quyidagicha izoh berdi:

– O‘zbekiston reytingda qaysi o‘rinni band qilishidan qat'i nazar, respublika hududida mavjud tabiiy gaz zaxiralarining hajmlarini aniqlashtirish va ularni qazib chiqarishni samarali tashkil etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Jumladan, zaxiralarning aniq hisobini yuritish bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan “Degoler end Maknoton” kompaniyasini jalb etgan holda joriy zaxiralarning konlar kesimidagi taqsimotini yaxlit tizim asosida shakllantirish bo‘yicha ishlar tashkil etilgan.

Shuningdek, respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida neft va gaz sanoatida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari olib borilmoqda.

Yer ostidan qazib olinayotgan gaz zaxiralarining o‘rnini to‘ldirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yangi maydonlarni o‘zlashtirish hamda gaz konlarini topishga qaratilgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonda barcha yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini bajarish orqali uglevodorod xomashyo bazasini doimiy ravishda to‘ldirib borish va buning natijasida respublikamizda mavjud zaxiralar hajmini nafaqat kamayib ketishining oldini olish, balki ko‘paytirib borish va yuqoridagi reytinglarda yetakchilar qatoridan o‘rin olish imkoniyatlarini yaratish mumkin.

Abror Zohidov

Top