21:36 / 08.11.2021
43605

Shifokorlarning o‘rtacha maoshlari ma'lum qilindi

2021 yil 1 iyun holatiga, davlat tibbiyot muassasalaridagi oliy toifali shifokorlarning maoshi o‘rtacha 3,2 – 4,3 mln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.

Foto: Getty Images

Moliya vazirligi 2021 yilda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasi uchun ajratilayotgan mablag‘larga bag‘ishlangan “Fuqarolar uchun budjet” nashrini taqdim etdi.

Unda davlat muassasalaridagi “alohida tibbiy xodimlar”ning o‘rtacha oylik ish haqi (qo‘shimcha to‘lovlar bilan qo‘shib hisoblaganda) to‘g‘risida ma'lumotlar bor.

2021 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, birlamchi sog‘liqni saqlash muassasalari – oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda:

  • oliy toifali shifokorlar 3 mln 178 ming so‘m;
  • oliy toifali patronaj hamshira 1 mln 919 ming so‘m;

tez tibbiy yordam brigadalarida:

  • oliy toifali shifokor 3 mln 654 ming so‘m;
  • oliy toifali feldsher esa 2 mln 207 ming so‘m;

tuman (shahar) markaziy shifoxonalari, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida:

  • oliy toifali shifokor-jarroh 3 mln 984 ming so‘m;
  • oliy toifali yuqumli kasalliklar shifokori 3 mln 974 ming so‘m;

shoshilinch tibbiy yordam markazlarida:

  • oliy toifali shifokor-jarroh 4 mln 131 ming so‘m;
  • oliy toifali shifokor-rentgenologlar esa 4 mln 437 ming so‘m maosh olishgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 1,1 barobarga oshirilgandi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida tibbiyot sohasiga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar va o‘qituvchilar maoshini ekvivalent hisobida ming dollarga yetkazish mo‘ljallanayotganini aytgandi.

Top