07:37 / 08.11.2021
12742

Toshkentda ichki ishlar xodimi xizmat kiyimini kiyib olgan fuqaro qo‘lga olindi

Yo‘llarda yo‘l-patrul xizmati hamda shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida soxta xodim hamda qidiruvdagi va yonida giyohvand modda olib yurgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

2021 yil 5 noyabr kuni soat 20:00larda, Bektemir tumanida joylashgan “Bektemir” YPX maskanida xizmat olib borayotgan xodim R.Tilepov tomonidan Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib kelayotgan, IIO xizmat kiyimini kiyib olgan, 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi T.G‘. boshqaruvidagi "Spark" rusumli avtomobil to‘xtatilgan. O‘zaro muloqot davomida haydovchi o‘zining xatti-harakatlari bilan YPX xodimida shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng tekshiruvlar natijasida, fuqaro T.G‘. Ichki ishlar idoralarining hech qaysi tizimida xizmat qilmasligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro Bektemir tumani IIO FMBga topshirilgan.

5 noyabr kuni soat 22:30larda Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari N.Jumanazarov va R.G‘ofurovlar tomonidan Toshkent viloyati hududidan poytaxtga kirib kelayotgan "Lacetti" rusumli avtomobil to‘xtatilib, xolis va guvohlar ishtirokida tekshirilganida, haydovchi, 1979 yilda tug‘ilgan T.I.ning cho‘ntagidan 1000 so‘mlik pul kupyurasiga o‘ralgan, 2 dona oq qog‘oz parchalariga solingan, jigar rangli, o‘tkir hidli, saqichsimon moddalar topilgan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro va aniqlangan moddalar Chilonzor tumani IIO FMBga topshirilgan.

5 noyabr kuni soat 01:00larda, Chilonzor tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari B.Mirzarahimov, S.G‘ulomov va L.Qurbonovlar tomonidan Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan "Matiz" rusumli avtomobil to‘xtatilib, haydovchi, 1984 yilda tug‘ilgan O.A.ning ma’lumotlari planshet moslamasi yordamida, maxsus dastur orqali tekshirilganda fuqaro O.A. Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, 2020 yil 21 oktabr kunidan buyon qidiruvdaligi ma’lum bo‘lgan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro O.A. Chilonzor tumani IIO FMBga topshirilgan.

Top