21:42 / 09.11.2021
31050
Oliy sud hamma ko‘rib turgan haqiqatdan ko‘z yumdi. Qamchiqdagi “Burgut”ga kim “xaridor” bo‘lmoqda?

Toshkentni vodiy bilan bog‘lab turuvchi Qamchiq dovonidagi yo‘lovchilar “Burgut” deb ataydigan “Bir zumda” kafesi va uning hududini tadbirkordan olib qo‘yish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.

Foto: Kun.uz

Pop tuman hokimi qarorlariga ishonib, uzoq yillar davomida obod qilingan ushbu maskan tuman hokimining avvalgi qarorlarini bekor qilishi natijasida buzilish xavfi ostida qoldi.

Keyinchalik Pop tuman ma'muriy sudi “Burgut” maskanini buzish haqidagi hokim qarorini bekor qildi.

Pop tuman hokimligi kurashdan chiqqanidan so‘ng, “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi “Burgut” maskanini buzdirish harakatiga tushib qoladi.

Xususan, “Qamchiqavtoyo‘l” Norin tuman ma'muriy sudiga shikoyat bilan murojaat qilib, Pop tuman hokimligiga nisbatan hokimning 2016 yil 25 oktyabrdagi 1803-sonli, 2018 yil 10 dekabrdagi 2425-sonli, 2019 yil 14 sentyabrdagi 4526-sonli hamda 2019 yil 18 dekabrdagi 4966-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqida hal qiluv qarori chiqarishni so‘raydi.

“Qamchiqavtoyo‘l” sudda Pop tuman hokimining tadbirkorga yer ajratish bo‘yicha qarorlari Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli “Avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga zid ravishda qabul qilinganini, yo‘l chetidagi qurilishlar avtomobil yo‘lining me'yoriy norma va qoidalariga nomuvofiq tarzda qurilganini bildiradi.

Norin tuman ma'muriy sudining 2020 yil 24 dekabrgi hal qiluv qarori bilan arizachi “Qamchiqavtoyo‘l” shikoyati rad qilinadi. Sud bunga asos sifatida Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 186-moddasida belgilangan sudga murojaat qilish uchun 3 oylik muddatni uzrli sabablarsiz o‘tkazib yuborganini keltiradi.

“Qamchiqavtoyo‘l”ning apellyatsiya shikoyati ham Namangan viloyat ma'muriy sudining 2021 yil 17 mart kungi qarori bilan qanoatlantirishdan rad etiladi.

Shundan so‘ng, “Qamchiqavtoyo‘l” Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qiladi.

Buni qarangki, Oliy sudda 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida quyi instansiya sudlarining qarorlari bekor qilinib, tadbirkorning zarariga ishlaydigan qaror qabul qilindi.

Sudni bevosita kuzatgan jamoatchilik vakillari Oliy sudning qaroriga qo‘shilmasligini bildirdi. Xususan, huquqshunos Saidali Muxtoraliyev davlat tashkilotlari foydasiga kelganda so‘zsiz ishlaydigan da'vo muddatlari tadbirkorga kelganda ishlamay qolganini afsus bilan qayd etdi.

Da'vo muddati o‘tmagan deb hisoblashdi, qoyil. Agar mana shu vaziyatda tadbirkor shikoyatchi, davlat tashkiloti esa javobgar yoki manfaatdor shaxs bo‘lib qolganida nima bo‘lar edi? “Da'vo muddati o‘tib ketgan” deyishmasmidi? Bunga ko‘p guvoh bo‘lib kelyapmiz. Hoxlasak, tuyani uchadi deymiz, hoxlasak uchmaydi deymiz.

Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasida “sud ishni kassatsiya tartibida ko‘rish chog‘ida birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudi tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va protsessual qonun talablariga rioya qilinganligini ish materiallari bo‘yicha tekshiradi. Kassatsiya instansiyasi sudi yangi dalillarni tekshirish va yangi faktlarni aniqlashga haqli emas” deyilgan. Biroq, kechagi kassatsiya sudida birinchi va apellyatsiya sudida ko‘rilmagan yangidan-yangi dalillar asosiy rol o‘ynagandek bo‘ldi.

Shunday qilib, kecha Oliy suddagilar burgutchi tadbirkorning "qanotini bir urinishdayoq sindirib tashlashdi”, – deydi Saidali Muxtoraliyev.

Shuningdek, bloger Bahodir Ahmedov ham o‘z sahifasida mazkur holat bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

“Qamchiqavtoyo‘l” o‘zi bu ishlar qoidaga zid degani bilan, o‘zi tomonidan 2019 yil avgustda texnik shart berilgan. O‘sha yili iyul oyida qurilish ko‘zdan kechirilib "Qamchiqavtoyo‘l" rahbariyati tomonidan dalolatnomaga imzo chekilgan (xujjatlar bilan tanishib, shu yeriga hayron qoldim).

Sud majlisi juda qiziq bo‘ldi. Tashkilot o‘z vajlarini keltirdi. Hokimlik yuristi sudga kelib judayam shubhali tarzda barcha qilingan ishlarni noto‘g‘ri qilganmiz, hokimlikdan ayb o‘tgan deb turibdi-yu! “Qamchiqavtoyo‘l” esa qurilish muxofaza zonasida (25 metr) bo‘lgan degan fikrni ilgari surdi (vaholanki “Qamchiqavtoyo‘l”ni o‘zining binosi 10-15 metr yaqinlikda turibdi ekan).

Oliy sud kutilmagan qaror qabul qildi. Tadbirkor mulki noqonuniy ajratilgan degan to‘xtamga kelindi. Tadbirkor kuydi.

Menda savol: demak tadbirkor hokim qarori asosida joy olsa, “Qamchiqavtoyo‘l” ham xujjatlarga imzo chekib bersa va tadbirkor cho‘ntagidan qurilishlar qilinsa. Ma'lum vaqt o‘tib, hokimlik qarori noto‘g‘ri bo‘lib chiqib, “Qamchiqavtoyo‘l” o‘zi imzo chekkan xujjatlarga qarshi borib, sud ularni qo‘llab quvvatlab, "yeb qolgan" tadbirkor bo‘lib qolaverarkanda? Hokimlik vakili kelib noto‘g‘ri qilganmiz deb tursa, davlat ishi o‘yinchoq ekan-da. Shunaqalar ishlayaptimi hali davlat ishida?” – deydi Bahodir Ahmedov.

Amonjon Matkomilov va uning advokati Oliy sudning ushbu qarorini absurd, qonunlarga namoyishkorona tarzda hurmatsizlik deya baholamoqda.

Ularning fikricha, aynan shu manzildagi joy kimgadir kerak bo‘lib qolgan va ular bu maqsadiga erishishda suddan “vosita” sifatida foydalanishmoqchi.

Ma'lum qilinishicha, Oliy sudning bu ajrimi ustidan tez kunlarda shikoyat kiritiladi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Top