11:43 / 09.11.2021
22505
Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori 44 yoshida vafot etdi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Ikromjon Polvonov og‘ir xastalik oqibatida 44 yoshida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

I. Polvonov 1977 yilda To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

Faoliyatini To‘rtko‘l tumani prokuraturasida boshlab, Nukus shahar prokuraturasida yordamchi, katta tergovchi lavozimlarida ishlagan.

2004 yilda Qoraqalpog‘iston prokurori yordamchisi bo‘lgan, keyinroq O‘zbekiston bosh prokuraturasida boshqarma prokurori lavozimini egallagan.

2008 yilda Xorazm viloyatining Xonqa tuman prokurori etib tayinlangan Polvonov keyinroq Buxoro viloyati prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokurori o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib borgan.

U 2014 yil – 37 yoshida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori etib tayinlangan va bu lavozimda 2016 yilgacha ishlagan edi.

Ikromjon Polvonov vafotiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi prokurori vazifasida ishlayotgandi.

Oldinroq O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov vafot etgandi.

Top