22:02 / 09.11.2021
40284
Ukraina chegarasi yaqinida yana rossiyalik harbiylar to‘planayotgani haqida xabar tarqaldi, Pentagon izoh so‘ramoqda
MAXAR TECHNOLOGIES

2021 yil davomida ikkinchi bor internetda Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegaralar tomonga siljitayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bahorda kuzatilgan harbiy keskinlikdan keyin yozda jimjitlik hukm surdi, ammo oktabr oyining so‘nggi kunlarida G‘arbning qator nufuzli nashrlarida chegara hududlarida harbiy faollashuv boshlangani haqida xavotirli xabarlar yangradi. Ukraina mudofaa vazirligi hozircha bunday xavotirlarga qo‘shilgani yo‘q va «Ukraina chegaralari yaqinida rossiyalik harbiylarning zarbdor guruhlari» joylashgani qayd etilmagani ma'lum qilingan. Aslida ham Ukraina sharqida faol harbiy harakatlar boshlanib ketishining qandaydir alomatlari bormi?

Dastlab Washington Post nashrida rossiyalik harbiy qismlar ukrain chegaralari tomon siljiyotgani borasida xavotirlar bayon etildi, Politico nashri esa Smolenskda harbiy texnikalar to‘plangani aks etgan sun'iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etdi (bu Rossiyadagi davlat nashrlarida istehzoli fikrlar bildirilishiga dastak bo‘ldi - shahar Ukraina chegarasidan ko‘ra Belarus chegarasiga yaqin joylashgan).

Satellite image ©2021 Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Ijtimoiy tarmoqlarda yana Belgorod oblastidan o‘tayotgan harbiy yuk mashinalari kolonnasi Ukraina yo‘nalishida ketayotgani, shuningdek, «Buk» qurilmalari o‘rnatilgan eshelonlar Smolensk oblasti yo‘nalishida harakatlanayotgani aytilgan roliklar tarqaldi. Qator rossiyalik siyosatchilarning Rossiya-Ukraina ziddiyatini siyosiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligi haqidagi bayonotlari olovga moy sepdi.

Satellite image ©2021 Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Lekin bu safar Ukraina mudofaa vazirligi xotirjamlik saqlamoqda: 1 noyabr kuni vazirlik razvedka boshqarmasi ma'lumotiga asoslangan holda o‘z chegarasi yaqinida Rossiya tomonidan hech qanday harbiy tayyorgarlik kuzatilmayotganini ma'lum qildi.

Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Sergey Nayev ham BBC News Ukraina uchun bergan intervyusida mamlakat chegaralari yaqinida rus qo‘shinlarining zarbdor guruhi borligi haqida ma'lumot yo‘qligini aytib o‘tgan.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa Kengashi kotibi Aleksey Danilov ham Amerika nashrlaridagi ma'lumotlarga qo‘shilmaydi, u 2 noyabr kungi intervyusida shunday degan: «Ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz, lekin bugungi kunda ular yozganidek, chegarada qo‘shinlar to‘planmagan».

Konsentratsiya, eskalatsiya va Medvedevning retseptlari
Washington Post gazetasining so‘rovlariga javob qaytargan harbiy ekspertchilar esa Rossiya sentabr oyidayoq Ukraina bilan chegara hududiga harbiylarini to‘play boshlaganini aytishgan. 16 sentabr kuni Rossiya–Belarus qurolli kuchlari ishtirokida «Zapad-2021» qo‘shma strategik mashg‘ulotlari yakunlandi, ammo unda qatnashgan harbiylar avvalgi dislokatsiya hududlariga qaytmasdan, Rossiya-Ukraina chegarasi tomon yo‘naltirilgan.

O‘sha vaqtda chegaraning mustahkamlanishini Ukraina va Amerika ishtirokida Rapid Trident-2021 nomli mashg‘ulotlar boshlangani (Ukraina qurolli kuchlari buni «Ukrainaning NATOga tomon muhim qadami» deb atagandi) munosabati bilan Rossiya tomonining sergaklik ko‘rsatishi sifatida qabul qilish mumkin.

Ammo bu mashg‘ulot yakunlangach ham Rossiya qo‘shinlarining chegarada to‘planishi jarayoni to‘xtamadi, eskalatsiya siyosiy maydonga ham ko‘chdi.

11 oktabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning «Kommersant» gazetasidagi kolonkasida «Hozirgi Ukraina rahbariyati bilan kontaktlar nega ma'nosiz?» sarlavhali maqolasi chop etildi. Ukraina yetakchilari mustaqil o‘yinchilar emasligi, qo‘shni mamlakat «tashqi boshqaruv»ga berilgani haqidagi ko‘p takrorlangan tezislardan foydalangan Rossiyaning sobiq prezidenti shunday xulosa qilgan: «Abadiy va asosiy savol o‘rtaga chiqadi: bu vaziyatda nima qilmoq kerak? Hech narsa. Ukrainada Rossiya bilan urush yoqasida total konfrontatsiyani (qarama-qarshilik) ko‘zlamaydigan yangi rahbariyat paydo bo‘lishini kutish kerak».

Medvedev tomonidan taklif etilgan retseptlar: qo‘shni davlat rahbariyatini ignor qilish va u yerda hokimiyat almashuvini kutish, bu usul Rossiya hukumati tomonidan aynan Medvedev prezidentligi davrida qo‘llangandi.

Viktor Yushchenkoning vakolatlari muddati yakunlanishiga yarim yil vaqt qolganida Rossiya amalda Ukraina bilan barcha munosabatlarni uzgan va prezidentlik saylovlari o‘tishini kutgandi, saylovda esa Kreml ta'siridagi Viktor Yanukovich g‘olib chiqqandi.

Ammo 2009 yilda ish bergan bu uslub 2021 yilda kamida g‘alati ko‘rinadi: birinchidan, Ukrainadagi keyingi prezidentlik saylovlari faqat 2024 yilga borib o‘tkaziladi. Ikkinchidan, bo‘lajak saylovlarda Moskvaga qandaydir simpatiya bildiradigan biror siyosatchi g‘olib chiqishi dargumon.

Kosyak tarixi va Putinning boshi berk ko‘chasi
Medvedevning kolonkasidagi maqola e'lon qilinishidan bir kun o‘tib Lugansk oblastida Rossiyani baribir Kiyev bilan qandaydir muloqot o‘tkazishga majbur qiluvchi hodisa ro‘y berdi.

13 oktabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining 24-brigadasi harbiylari Donbassdagi chegara chizig‘ida Rossiya fuqarosi Andrey Kosyakni tutib olishdi. LXRdagilar qo‘lga olingan rossiyalik Donbassdagi Maxsus missiyani boshqarish va yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shma markaz ofitseri ekani va u bu hududda Kiyev bilan kelishuv asosida bo‘lib turganini bildirdi. Ukraina tomoni esa avvaldan Lugansk oblastida istiqomat qilgan Kosyak Rossiya pasportini yaqinda olgani va u taqiqlangan bo‘lsa-da, chegara hududida qurol ko‘tarib yurgani, qolaversa, u 2014 yildagi mojarodan avval Ukrainada o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lganini ma'lum qildi.

Kosyakning qo‘lga olinishi front liniyasida keskinlikka sabab bo‘lmadi, Moskva esa bir hafta o‘tgandan keyin Ukraina hukumati bilan muzokara o‘tkazish uchun hech qanday masala yo‘qligini ta'kidladi.

Viktor Medvedchukning ta'qibga uchrashi Moskvada keskin e'tirozlarga sabab bo‘ldi. REUTERS

Keyin «Valday» xalqaro munozara klubi yig‘ilishida prezident Vladimir Putindan Ukraina hukumatining Viktor Medvedchukni ta'qib qilishi (Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan Oliy Rada deputati va «Muxolifat platforma — Hayot uchun» partiyasi yetakchisi, «Putinning otasi» nomi bilan tanilgan Viktor Medvedchukka qarshi sanksiyalar joriy qilingan), Kiyevning NATO bilan hamkorligi va Rossiya-Ukraina munosabatlari kelajagi borasida so‘rashdi.

Rossiya prezidenti qo‘shni davlatdagi vaziyatni tasvirlar ekan, ukrainalik saylovchilarning katta qismi mamlakatning yangi yetakchisini tanlashda u Moskva bilan konstruktiv munosabatlar o‘rnatishidan umid qilishgani, ammo keyinroq ozchilikni tashkil etuvchi millatchilar siyosatchilarni o‘z va'dalaridan voz kechish va konfrontatsiya rejimiga o‘tishga majbur qilishgani haqida gapirdi.

«Bu shunday boshi berk ko‘cha. Men undan qanday chiqishni bilmayman. Ko‘ramiz, yaqin vaqtlar ichida Ukrainaning ichki siyosiy sahnasida nimalar bo‘lar ekan», deya tan olgandi Rossiya prezidenti.

Ammo kutish haqidagi bu taklif ko‘p o‘tmay jiddiy to‘siqqa uchradi. 26 oktabr kuni ukrainalik harbiylar mamlakat sharqidagi mojaro hududida ilk bor turklarning zarbdor dronini qo‘llab, DXR qurolli kuchlarining gaubitsasini (zambarak) yakson etdi.

26 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bayraktar’dan uchirilgan raketa artilleriya qurilmasini nishonga olgani aks etgan video tarqaldi. O‘sha kuni Ukraina qurolli kuchlarining «Vostok» operativ qo‘mondonligi Donbassdagi qurolli tuzilmalar tomonidan artilleriya zarbasi berilishi oqibatida ukrain jangchilaridan biri halok bo‘lib, yana biri yaralangani haqida xabar berdi. Katta ehtimol bilan turk droni qo‘llanishi javob zarbasi bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Sergey Nayevning BBC bilan suhbatda aytishicha, DXRning qurolli tuzilmalari pozitsiyalariga zarba berishdan oldin ukrain harbiylari olti oy davomida Bayraktar TB2 dronlaridan razvedka va kuzatuv maqsadlarida foydalanib kelgan. U dronni qo‘llash taktikasi va kelgusidagi nishonlar to‘g‘risida gapirmagan. Harbiy boshliqning so‘zlariga ko‘ra, armiya Bayraktar TB2 zarbdor dronini Ukraina uchun harbiy tahdid darajasi yuqori bo‘lgan o‘rinlarda qo‘llaydi.

Kiyev Bayraktar TB2 dronlarini sotib olishni Petro Poroshenko prezidentligi davrida boshlagandi. Nayevning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi turk dronlarini Rossiya Ukraina chegaralari va anneksiya qilingan Qrimga qo‘shimcha kuchlar tashlaganidan buyon qo‘llab keladi. Shu vaqtga qadar bu qurilmalar faqat razvedka ishlarini amalga oshirishgan.

Rossiyalik harbiy ekspertlarning qayd etishicha, Suriya va Liviyadagi jang maydonlarida, shuningdek, o‘tgan yili Ozarboyjon-Armaniston urushida o‘zining yuqori samaradorligini ko‘rsatgan bu dronlarga qarshi turish imkoniyati Donbassdagi o‘zini mustaqil deb e'lon qilgan respublikalarning havo hujumidan mudofaa tizimlarida yo‘q. Faqat Rossiya armiyasi bunday vositalar bilan ta'minlangan bo‘lishi mumkin.

Donbassdagi tan olinmagan respublikalar dronlarga qarshi mustaqil kurasha olmaydi. Foto: REUTERS

Hozirda Ukrainada 12ta zarbdor dron mavjud, ammo yaqin kelajakda bunday qurilmalar sonini uch barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Harbiy kolonnalar Rossiya-Ukraina chegarasi tomon tashlanayotgani haqidagi video va suratlar aynan gaubitsa dron tomonidan yo‘q qilingani haqidagi xabardan so‘ng paydo bo‘la boshladi.

Hech narsaga kelishib bo‘lmaydigan uchrashuv
Kiyevdagilar Rossiya tomonini siyosiy maydonga qaytishga chorlamoqda. Bahorgi keskinlashuvdan keyin ukrainlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning ikki tomonlama uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilishgan bo‘lsa (yakunda bunday uchrashuv o‘tkazishga kelishib bo‘lmagandi), endi Ukraina TIV «Normand to‘rtligi» formatidagi yangi uchrashuv haqida gapirmoqda.

Yoz oxirlaridan boshlab to‘rtlikning navbatdagi uchrashuvi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun harakatlar boshlangan. Ammo Rossiya tomoni pozitsiyasi shunday: 2019 yil oxirida o‘tkazilgan shunday muzokaralar yakunlari bo‘yicha bir necha kelishuvga erishilgandi, Kremlning fikricha, Kiyev ularning birortasini bajarmagan.

«Rossiya» telekanaliga bergan intervyusida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvaning pozitsiyasini shunday izohladiki, Vladimir Putin bunday uchrashuvga faqatgina uning amaliy oqibatlari oldindan ma'lum bo‘lgandagina rozilik beradi.

Rossiya TIV rahbarining fikricha, Donbassdagi harbiy eskalatsiya faqatgina Kiyevning Moskvani shunday uchrashuv o‘tkazishga undash maqsadida yuzaga keltirilmoqda, ammo Rossiya tomoni ayni vaqtda bunday uchrashuv o‘tkazishdan ma'no ko‘rmayapti.

Rossiyaning ichki ishimi?
Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerikaning Politico nashrida 2 noyabr kuni chiqqan maqola yuzasidan munosabat bildirarkan, mamlakat hududida harbiy texnikalarni bir joydan boshqa joyga ko‘chirish Rossiyaning ichki ishi ekani va bunday manyovrlar hech kimga tahdid solmasligini aytib o‘tdi.

«Bunday maqolalar hatto e'tibor qaratish va izoh berishga ham arzimas darajada sifatsiz. Unda gap Ukraina haqida ketib, Belarus bilan chegara hududi suratlari ko‘rsatilgan», degandi Peskov.

Conflict Intelligence Team va Politico nashri ekspertlari ham Moskva oblasti va Rossiyaning boshqa regionlaridagi harbiylarning bir qismi ko‘chirib o‘tkazilgan Yelnya shahri chindan ham Ukrainadan ko‘ra Belarus chegaralariga yaqinligini tasdiqlashgan.

90-yillarda Yelnyada harbiy xizmatchilar uchun butun bir mikrorayon qurilgan, u yerga o‘shanda Estoniya va GDRdan olib chiqilgan harbiylar joylashtirilgan. Harbiylar bu yerda qariyb 20 yil davomida saqlab turilgan, ammo 2012 yilda, hali Ukraina bilan ziddiyat haqida hech kim o‘ylamagan mahalda mudofaa vazirligi rejalari o‘zgarib, harbiylar bu shahardan olib ketilgandi.

Smolenskdagi nashrlarning yozishicha, harbiylar uchun qurilgan mikrorayondagi binolar chiriy boshlagan va shaharchada yashagan mingga yaqin aholi ishsiz qolgan, bu tufayli Yelnya budjeti 5 million rublga yaqin zarar ko‘ragn.

Qrim anneksiya qilingach va Ukraina sharqidagi faol harbiy harakatlar yakunlangach, Rossiya mudofaa vazirligi siyosati yana o‘zgargan va endilikda harbiy qismlar aksincha Rossiyaning g‘arbiy chegaralari tomon surila boshlagan.

Bu o‘zgarish Yelnyaga ham taalluqli. 2016 yilda mudofaa vaziri Sergey Shoygu shaharga butun boshli motoo‘qchilar diviziyasi qaytishini ma'lum qilgan. 2018 yilda Yelnya yaqinidagi harbiy shaharcha qayta tiklangani va u yerga 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchi joylashtirilgani xabar qilingan.

Sun'iy yo‘ldosh orqali olingan va Politico nashri e'lon qilgan suratlarda so‘nggi vaqtlarda Yelnyaga 500 nafardan ancha ko‘p harbiy xizmatchi yuborilganini ko‘rish mumkin.

Ochiq qolayotgan savol shuki, hozir, kuzda Ukraina sharqida yana faol harbiy harakatlar boshlash uchun sabablar bahordagidan ko‘ra ko‘proqmi? O‘shanda, mart oyi oxirida Rossiya rasmiy Kiyev hamda tan olinmagan Donbass xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi o‘rtasida ziddiyat kuchayishi fonida Ukraina chegaralari yaqinida harbiylari sonini oshira boshlagandi. Aprel oyi boshida Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi Rossiya qo‘shinlarining Rossiya—Ukraina chegarasi hududida to‘planishini 2014—2015 yillardan beri eng keskin ko‘rsatkich deb atagandi. Ukraina hukumati o‘z chegaralari yaqinida rus qo‘shinlari to‘planganini tasdiqladi va uni «o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilish» deb atab, Rossiyani mintaqadagi vaziyatni og‘irlashtirishda aybladi. AQSh va Germaniya yetakchilari Moskvani harbiylarini ukrain chegaralaridan uzoqroqqa olib ketishga chaqirdi. Faqat aprel oyi oxiriga kelib Rossiya qo‘shinlari avvalgi joylariga qaytarildi.

Pentagon xavotirda
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining ma'lum qilishicha, AQShdagilar rossiyalik harbiylar Ukraina chegaralari tomon yaqinlashtirilganidan tashvishda va Moskvadan o‘z niyatlariga oydinlik kiritish so‘raladi.

«Biz rossiyalik harbiylar mamlakatning g‘arbiy hududlari va Ukraina atrofiga harakatlanishi yuzaga keltirgan xavotirli vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Biz Rossiyani o‘z niyatlarini, ular bu hududda aslida nima qilayotganini izohlashga chaqirishda davom etamiz», degan Kirbi brifingda Kiyevning Ukraina chegarasi yaqinida 90 ming rossiyalik harbiy xizmatchi borligi haqidagi iddaosi Pentagondagi ma'lumotlarga qanchalik mos kelishi to‘g‘risidagi savolga javoban.

CNN xabariga ko‘ra, MQB direktori Uilyam Bernsning 2-3 noyabr kunlari Moskvaga amalga oshirgan tashrifi ham Ukraina chegaralari yaqinida rossiyalik harbiylar to‘plangani bilan bog‘liq edi. Berns Moskvada Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan uchrashgan.

Telekanal manbasining qayd etishicha, Rossiyadagi uchrashuvdan keyin MRB rahbari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muloqot qilib, «keksinlikni pasaytirishga harakat qilgan».

Porter esminetsi (Foto: Reuters)

Bu vaqtda Qora dengizda Amerika floti ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi mamlakat chegalariga juda yaqin masofada ko‘p davlatlarning qurolli kuchlari to‘planishini «beqarorlashtiruvchi omil» deb baholagan. Mashg‘ulotlarda AQSh va Ukrainadan tashqari Bolgariya, Gruziya, Ruminiya va Turkiya ham ishtirok etmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligi Qora dengizga so‘nggi kunlarda raketa qurilmasiga ega ikkita Porter esminetsi, John Lenthall tankeri va Mount Whitney shtab kemasi kirganini, shuningdek, 6 noyabr kuni Qora dengiz akvatoriyasi ustidan AQSh Harbiy-havo kuchlarining V-1V rusumli ikkita strategik bombardimonchi samolyoti uchib o‘tganini ma'lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligining hisoblashicha, AQShning asosiy maqsadlaridan biri «Ukraina hududini harbiy o‘zlashtirish» hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top