22:41 / 10.11.2021
7548

BMT “Tolibon”ni chetlab o‘tgan holda afg‘on shifokorlariga maoshlarini jo‘natdi

BMT afg‘on shifokorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga maoshlarini jo‘natdi. Xalqaro tashkilot yuborgan jami summa 8 mln dollarga yaqinni tashkil qilgan. Pullar “Tolibon”ni chetlab o‘tgan holda yuborilgan. BMT yana 7 mln dollarni Afg‘onistondagi tibbiy muassasalar faoliyati uchun sarflagan.

“Mamlakat nafaqat tibbiy, balki moliyaviy inqiroz sharoitida bo‘lgan vaqtda kimdir buni qilishi kerak edi”, deb aytgan BMT vakili Kanne Vinaraja.

Ma'lumotlarga ko‘ra, BMT Afg‘onistonning 34 ta viloyatidan 31 tasidagi 2,2 mingdan ko‘proq tibbiy tashkilotga yordam ko‘rsatgan. 2 mingga yaqin tibbiy xodimga naqd pul berish ko‘zda tutilgan, chunki bu odamlar chekka hududlarda yashab, zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniga ega emas.

Biroq BMTda Afg‘onistonga pullar qanday o‘tkazilayotgani oshkor qilinmagan.

Avvalroq Jahon banki toliblar hukumati tan olinmaguncha, Afg‘onistondagi ishini tiklamasligini ma'lum qilgan.

Top