18:35 / 11.11.2021
14918

«40 ming rubldan past oylikka fuqarolarimiz deyarli qiziqmayapti» – Erkin Muhiddinov

O‘zbekistonda ish haqlari miqdori oshgani, pandemiyaga qaramasdan ish o‘rinlari yaratish sur'ati yuqoriligicha qolayotgani, qolaversa, qurilish sohasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani bois, o‘zbek mehnat muhojirlari past oylik uchun Rossiyaga bormayapti.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday fikr bildirdi.

“Ish beruvchi kelganidan so‘ng, ish sharoitlari, oylik maosh, iqlimi va boshqa ma'lumotlarni taqdim etmoqda. Hattoki, videoaloqa orqali sharoitlar bilan tanishtirish holatlari ham uchrayapti. Ertaga turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmasligi uchun barchasi oldindan tushuntirilyapti.

Bundan tashqari, mehnat muhojirining Rossiyaga borish uchun barcha xarajatlari ish beruvchi tomonidan, yoki Rossiya hukumati va O‘zbekiston hukumati tomonidan qoplab berilmoqda”, - dedi Erkin Muhiddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek mehnat muhojirlarining aksariyati barcha shart-sharoitlar bilan tanishgach, O‘zbekistonda ishlashni ma'qul ko‘rmoqda.

“Tanlovda ishtirok etayotganlarning 30 foizi tanlab olinayotganini ham izohlayman. Ular sharoitlar bilan tanishgach, misol uchun, iqlimi sovuqligi uchun bormasligini aytmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda ham ish haqi ancha oshdi. Pandemiyaga qaramasdan, ish o‘rni yaratish sur'atlari tushgani yo‘q, ortmoqda. Har bir hududda katta bunyodkorlik-qurilish obektlari bor. Ularda ham yuqori ish haqi to‘lanmoqda. Bu esa, tashqi mehnat migratsiyasiga ham ta'sir qildi.

O‘tgan yillarda rossiyalik ish beruvchilar 25-30 ming rubl (350-500 dollar) maosh uchun olib ketar edi. Hozir bu maosh uchun olib keta olmayapti. 55-60 ming rublgacha oylikni oshirishgan. 40 ming rubldan past oylikka fuqarolarimiz deyarli qiziqmayapti.

Bu shundan dalolat beradiki, past daromadga fuqarolar bormayapti. Xorijga yuqori daromadli joylarga bormoqda”, - dedi Muhiddinov.

Uning aytishicha, galdagi vazifa Rossiyada ishlamoqchi bo‘lgan mehnat muhojirlarining kasbiy malakasini baholash bo‘lib qolmoqda. Fuqaro ma'lum bir kasb mutaxassisligi bo‘yicha Rossiya sertifikatini olsa, u yuqori maoshga da'vogarlik qila oladi.

Top