19:07 / 11.11.2021
5896

BAA va Bahrayn ilk bor Isroil bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Foto: via press tv

AQSh BAA, Bahrayn va Isroil bilan Qizil dengizda qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Bu haqda AQSh harbiy-dengiz kuchlariga tayanib The Times of Israel nashri xabar berdi.

E'tiborlisi, bu mashg‘ulotlar BAA va Bahrayn Isroil bilan 2020 yil sentyabrda o‘zaro munosabatlarni yaxshilaganidan keyin ushbu davlat armiyasi bilan ilk bor hamkorlik qilishi hisoblanadi.   

“AQSh kuchlari mintaqadagi hamkorlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishini ko‘rish yoqimli. Bu mashg‘ulotlar dengizda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha umumiy imkoniyatlarimizni mustahkamlashga qaratilgan. Dengiz hamkorligi erkin kemachilikni va erkin savdoni ta'minlashda yordam beradi. Bu esa mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik uchun zarur”, deb aytgan AQSh vitse-admirali Bred Kuper bayonotida.

Kuperning aytishicha, Qizil dengizda o‘tadigan 5 kunlik mashg‘ulotlar “ishtirokchi tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga” qaratilgan. Mashg‘ulotlar 10 noyabrda AQShning USS Portland kreyserida boshlangan. Ular kuzatuv olib borish, tintuv o‘tkazish va musodara qilish mashg‘ulotlarini o‘z ichiga olgan. 2017 yilda safga kiritilgan kema 14 tagacha desant transportyori va 4 ta CH-46 Sea Knight jangovar vertolyotini olib yura oladi.

Ta'kidlanishicha, mashg‘ulotlar Eron tomonidan Isroilga bildirilayotgan yangi tahdidlar ortida o‘tmoqda. 11 noyabrda Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general Amir Ali Hojizoda “Isroil urushni boshlashi mumkin, lekin uni Eron tugatadi”, deb aytgan. Uning ta'kidlashicha, “Isroil tomonidan Eronga nisbatan har qanday xato Isroilning yo‘q bo‘lishiga olib keladi”.

Qizil dengizdagi to‘rt tomonlama mashg‘ulotlar oldidan Eron dunyo neft eksportining 20 foizga yaqini o‘tadigan Fors ko‘rfazida katta ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Eron armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlari, jangovar samolyotlari, desantchilar va harbiy kemalar ishtirok etmoqda.

Eronlik harbiylar mashg‘ulotlar vaqtida ta'sir doirasi 300 kmgachani tashkil qiluvchi “Qodir” qanotli raketalarini otishni mashq qilishgan.

Fors ko‘rfazi davlatlarida ushbu mashg‘ulotlar kemachilikka tahdid deb qabul qilinmoqda.

2020 yil 16 sentyabrda BAA va Bahrayn AQSh vositachiligida Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash haqidagi kelishuvni imzolagandi.

Mavzuga oid
Top