22:10 / 11.11.2021
28156

Belarus va YeI chegarasida nimalar bo‘lmoqda? Asosiy savollarga javoblar

Belarus va Polsha chegarasidagi migratsiya keskinlashishda davom etmoqda. Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan kelgan minglab kishilar Polshaga o‘tishga harakat qilishmoqda. BBC rus xizmati bu odamlar bu yerda qanday qilib paydo bo‘lib qolgani haqidagi asosiy savollarga javob izladi.

Foto: Leonid SHCHeglov/BelTA/TASS

Flightradar24 servisi ma'lumotlariga ko‘ra, 9 noyabr kuni Minsk xalqaro aeroportiga Istanbul, Bag‘dod va Dubaydan o‘nga yaqin reys uchib kelgan (bu sayt charter parvozlarni hamisha ham qayd etmaydi).

Avvalgi kunlarda bo‘lgani kabi bu reyslarning aksar yo‘lovchilari - Belarus hukumati ovoza qilmagan holda qo‘llayotgan, bu mamlakat hududidan Yevropa Ittifoqi davlatlariga borish uchun tranzit punkt sifatida foydalanishni maqsad qilgan migrantlardir.

Qisqacha: migratsiya inqirozi qanday boshlandi
2020-2021 yillarda Belarus hukumati 76 davlat bilan vizali rejimni bekor qildi yoki soddalashtirdi. Bunday davlatlar qatorida - urushlar va qurolli nizolar qamrab olgan hamda tinch aholisi ketishga harakat qilayotgan Suriya, Liviya, Iroq va Afg‘oniston kabi davlatlar ham bor edi.

Suriya, Iroq va Turkiyadagi turistik agentliklar Belarusga sayohatlarni reklama qilib, shu bilan birga turar joy va YeI davlatlarida ish taklif etishga kirishdi. Mintaqada keng foydalaniladigan WhatsApp messenjerida shu kabi yuzlab takliflar paydo bo‘ldi.

Bunday «sayohat» taklif etilgan sharoitlarga qarab 10 ming dollardan 20 ming dollargacha turadi. DW nashri o‘z surishtiruvida Belarus konsulliklari shunday turfirmalarga sayohatchilarning pasportlariga Belarus vizalarini qo‘yib berish huquqini ham berganini aniqladi.

2021 yildan Belarusga Yaqin Sharq mamlakatlaridan aviareyslar soni keskin oshdi. YeI davlatlari, masalan, Fransiya TIV bu turfirmalar takliflari aynan Belarus hukumati tashabbusi ekanini taxmin qildi.

Migrantlar qayerlardan kelmoqda?
2021 yil yozida bu borada Iroq yetakchi edi. Sentyabrda YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ushbu mamlakat rahbariyati bilan Belarusga reyslar sonini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Endilikda YeIga Belarus orqali o‘tib olishga urinayotgan migrantlarning asosiy qismi Suriya shimolidagi kurdlardir. O‘z mamlakatida ularga ham hukumat, ham IShID jangarilari tahdid soladi.

Shuningdek, Liviya, Afg‘oniston, Yaman va Afrikaning qator davlatlari, siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra qurolli nizolar bo‘lib turgan Kongo va Efiopiya kabi davlatlardan ham qochqinlar ko‘p.

Ular Belarus-Polsha chegarasigacha qanday yetib kelgan?
Avvaliga «Belavia», «Turk havo yo‘llari» va «Qatar havo yo‘llari», shuningdek, FlyDubai loukosteri reyslari orqali. 

So‘nggi kunlargacha qochqinlarga, agar kerak bo‘lsa, vizalar aeroportning o‘zida berildi.

Qochqinlar Minsk aeroportida. Shaharliklarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab migrantlar yer osti o‘tish yo‘llarida va turar joylar pod'yezdlarida yashamoqda

Aeroportlarda parvoz oldidan bu yo‘lovchilarning qochqinligini aniqlashning amalda imkoni yo‘q. Ularning puli bor, barcha hujjatlari joyida, ustidagi kiyimlari risoladagidek - aviakompaniyalarda yo‘lovchilarni reysga qo‘ymaslik uchun hech qanday asos yo‘q.

Keyin bo‘ladigan voqealar esa - yopiq hudud. Lekin ko‘rinib turibdiki, migrantlarning aeroportdan Minskka olib kelinishi, keyin Litva yoki Polsha chegarasiga olib borilishi yaxshi tashkillashtirilgan. Qochqinlarning o‘zi Minskka uchish davomida olgan videolardan ham shunday xulosaga kelish mumkin. Ammo aynan kim tashillashtirganini aniq qilib aytish imkonsiz.

Qochqinlar chegarani qanday kesib o‘tmoqda?
Migratsiya inqirozi avvalida Polsha va Litva chegarachilari qochqinlarni chegaradan o‘tkazishayotgan va ularni maxsus joylarga joylashtirayotgandi. Shu bilan birga, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari darhol Belarusni qochqinlar oqimini uyushtirishda ayblab chiqqandi.

Chegarani har kuni dastlab yuzlab, keyin minglab odamlar kesib o‘ta boshlagach, Polsha va Litva ularni o‘tkazishni to‘xtatdi va chegara simto‘siqlar bilan mustahkamlandi.

Migrantlar soni o‘sgach, chegarada simto‘siqlar o‘rnatildi. GETTY IMAGES

Endi chegarani faqat noqonuniy yo‘l bilan kesib o‘tish mumkin va ko‘plab qochqinlar shunday yo‘l tutishmoqda. Ular yoki chegarachilarning to‘siqlarini buzib o‘tishmoqda (9 noyabr kuni ikki nuqtada shunday holat kuzatildi), yoki yaxshi qo‘riqlanmayotgan uchastkalarni qidirishmoqda. Belarus va Polsha chegarasi uzunligi qariyb 400 kilometrni tashkil etadi va uning aksar qismi o‘rmon va botqoqliklardan o‘tgan.

Belaruslik chegarachilar haqida nima deyish mumkin?
So‘nggi oylar va haftalarda qochqinlarning o‘zlari o‘nlab videolarda aytishicha (Litva va Polsha hukumatlari tomonidan e'lon qilingan), Belarus chegara xizmati qochqinlarni chegarani noqonuniy yo‘l bilan kesib o‘tishga majburlagan.

Belarus chegara xizmati sayti migratsiya inqirozi bo‘yicha izoh bermoqda, lekin bu bayonotlarda ko‘plab qochqinlar chegaradan o‘tish uchun viza kerakligi haqida tushunchaga ega emasligi ta'kidlanadi. «Belarus noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha to‘liq hajmda ish olib bormoqda. Uning sabablarini esa YeI davlatlari hududlardagi rangli inqiloblarni qo‘llab-quvvatlashidan izlash kerak, shunday harakatlar tufayli bu hududlarda odatiy turmush tarzi buzilib ketgan yoki hamon urushlar davom etmoqda», deyiladi muassasa saytida.

Chegara xizmati xodimlaridan biri «Nasha Niva» nashriga anonim tarzda bergan intervyusida o‘zi ishlaydigan muassasa faoliyatini «qonunlar va qasamyodni to‘liq devalvatsiya qilish» deb baholagan.

Foto: Leonid SHCHeglov/BelTA/TASS

Migrantlar yakunda qayerga bormoqchi?
Polsha va Litva ham qochqinlar uchun - tranzit davlatlar. Ular o‘zlarining ko‘plab qarindoshlari va tanishlari yashovchi Germaniya, Fransiya, Avstriya va Niderlandiyaga yetib olishni ko‘zlashgan.

Germaniya hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatga Belarus orqali kamida 5 ming kishi kelishga ulgurdi.

Belarusda ham qochqinlar qoladimi?
Ha, ammo hukumat ularning aniq soni haqida biror ma'lumot bermagan. Minskda yashovchilarning xabariga ko‘ra, yuzlab migrantlar savdo markazlarida, yer osti o‘tish yo‘llarida va barcha shaharlardagi ko‘p qavatli uylarning pod'yezdlarida yashashmoqda.

Ehtimol shu tufayli vaziyat nazoratdan chiqib ketishining oldini olish maqsadida Belarus hukumati so‘nggi kunlarda mamlakatga kelish shartlarini qat'iylashtirgan bo‘lishi mumkin. Xususan, nisbatan muammoli davlatlar fuqarolariga aeroportda viza berish bekor qilindi: Suriya, Eron, Afg‘oniston, Nigeriya va Yaman.

Rossiyaning migratsiya inqirozida ishtiroki bormi?
Yevroittifoq davlatlaridagi ko‘plab amaldorlarning hisoblashicha, ha. Masalan, Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy shunday dedi: «Lukashenko so‘nggi hujumning ijrochisi sanaladi. Ammo bu hujumning Moskvada o‘tirgan buyurtmachisi bor. Bu buyurtmachi - prezident Putin».

Rossiya hukumati bu ayblovni qat'iyan rad etdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moravetskiyning so‘zlarini asossiz va qabul qilib bo‘lmas so‘zlar deb atadi.

Mavzuga oid
Top