14:36 / 11.11.2021
26152
Boshqaruvchi vazir. Yangi sog‘liqni saqlash vaziridan tizimda qanday o‘zgarishlar kutish mumkin?

Mutaxassisligiga ko‘ra iqtisodchi bo‘lgan Behzod Musayev O‘zbekistonning yangi sog‘liqni saqlash vaziriga aylandi. Bu bilan ma'lum sohadagi yaxshi mutaxassisni rahbarlik lavozimiga o‘tkazib qo‘yish bilan bog‘liq sovetlar davridan qolgan an'anadan chekinish bo‘yicha navbatdagi qadam tashlandi va sohani boshqarishda birinchi galda boshqaruvchilik qobiliyati muhim ekaniga e'tibor qaratildi.

Foto: Kun.uz

2020 yilda ham Behzod Musayevga ayni shu vazifa yuklatilgandi. Lekin o‘shanda u inqiroz davridagi menejyer sifatida vaqtincha tayinlangan va keyinchalik Abduhakim Hojiboyev doimiy asosda vazir bo‘lgandi.

Ammo bu safar hammasi jiddiy – Behzod Musayev rasman cog‘liqni saqlash vaziri sifatida ish boshlamoqda. U bu tizim rahbarligiga tayinlangan O‘zbekiston tarixidagi ilk shifokor bo‘lmagan mutaxassisdir. Bungacha vazirlikni turli yillarda boshqargan olti kishi ham shu sohadan chiqqandi.

Endi ko‘pchilikni bir savol qiziqtiryapti: qanday qilib iqtisodchi shifokor o‘rnini egallashi, tibbiyot tizimiga bosh rahbar bo‘lishi mumkin?

Aslida bu juda kam uchraydigan holat emas, jahon tajribasida bunday misollarni ko‘plab uchratish mumkin. Masalan? Buyuk Britaniyada siyosatshunos Mettyu Henkok, Germaniyada siyosatshunos va san'atshunos Yyens Shpan sog‘liqni saqlash tizimiga rahbarlik qiladi. Umuman, zamonaviy dunyo tizimni faqat soha vakili emas, usta menejyer boshqarishini talab qiladi.

O‘ylovlarda ham asoslar bor, vazir kasalliklar turlari, davolash usullaridan bexabar bo‘lishi katta kamchilikka aylanishi mumkin. Lekin har qanday vazirning ham turli yo‘nalishlardagi o‘rinbosarlari bo‘ladi. Vazir esa umuman tizimni inqirozdan olib chiqish hamda yanada rivojlantirish to‘g‘risida bosh qotirishi maqsadga muvofiq.

Behzod Musayevda bu borada qator ustunliklar bor:

  1. U bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan va muammolarni faqat tibbiy jihatdan emas, kompleks tarzda ko‘rishni o‘rgangan. Demak, yechimlarni ham bir yo‘nalishda izlamay, butun jarayon bo‘yicha qo‘llay oladi;
  2. Pul qayerdan topilishi va qanday ishlatilishi zarurligi bo‘yicha katta tajribaga ega. Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan trillionlab pullarning manbasi, sarflanishi va undan keladigan natijani tahlil hamda nazorat qila oladi;
  3. Yosh. Soha bu qadar yosh kadrni eslay olmaydi hatto. Vazir albatta professor bo‘lishi kerak, katta klinik tajriba to‘plashi lozim, degan asriy aqida va nihoyat ahamiyatini yo‘qotmoqda. «70+» vazirlar an'anasiga chek qo‘yilishi Behzod Musayevga ustunlik berish bilan birga mas'uliyat ham yuklaydi;
  4. Behzod Musayev qator mas'uliyatli lavozimlarda ishlasa-da, qattiqqo‘llik, talabchanlikni «o‘zimizga xos so‘kishlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi» degan tushuncha asosida ish ko‘rmaydi. Hamisha madaniyat bilan so‘zlashishi, muammolarni eshita olishi va takliflarni diqqat bilan tinglashi e'tiborga loyiq. Harqalay so‘kingani ommaga oshkor bo‘lmagan kam sonli rahbarlardan biri;
  5. Va nihoyat Behzod Musayev xorijiy tajribaga ega birinchi rahbar. Uning chet eldagi faoliyatiga oid ma'lumotlar oshkor qilinmagan, lekin shunday davr borligini ko‘pchilik biladi. Rivojlangan davlatlar amaliyoti esa asl inqirozni boshdan kechirayotgan tibbiyot tizimi uchun ayni paytda nihoyatda zarur bo‘lib turibdi.

Bu ustunliklar Musayevning oldidan chiqadigan tog‘dek muammolarni yechishga qo‘l keladimi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Pandemiya hali chekinmadi, budjet doimiy ravishda bu muammoga katta mablag‘ ajratilishini ko‘tara olmay qolishi hech gap emas.

«Shifokorlar maosh ozligidan pora oladi, davlat ular pora olishi tufayli kam maosh beradi» degan illatli doirani kimdir qachondir parchalashi zarur. Har ikki tomon bir-birini ayblab, jabrini xalq ko‘rishi abadiy davom etishi mumkin emas. Bu masala Behzod Musayevni ham birinchi navbatda o‘ylantiradiganlaridan ekani shubhasiz. Lekin qanday yechim topiladi, bunisi endi katta savol.

Aholi orasida sog‘lom turmush tarziga amal qilish deyarli nol darajada. Oxirgi selektor yig‘ilishida prezident bu masalada barchani qattiq tanqid qilib, nihoyatda jiddiy talablar qo‘ygani ham bor gap. Nafsilamrini aytganda, Behzod Musayevning bu lavozimga tayinlanishiga ham o‘sha yig‘ilish yakuniga ko‘ra qaror qilinganini anglash mumkin. Musayevdan endi ommani salomatlikka safarbar qilish kutiladi, talab qilinadi va natija so‘raladi.

Aprel oyida u Kun.uz’ga bergan intervyusida tibbiyot sohasidagi muammolar va yechimlar haqida gapirgandi.

«Bugungi kunda asosiy tibbiyot sohasida ishlovchi xodimlarning soni birlamchi qatlam – oilaviy shifoxonalarga to‘g‘ri keladi. U yerda qariyb 120 ming xodim ishlaydi. Mana shu qatlam qay darajada to‘g‘ri va sifatli tashxis qo‘ya olsa, aholi salomatligiga zarar ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ya olsa, tabiiyki aholining sohaning ikkinchi qatlami bo‘lmish ko‘p tarmoqli va maxsus klinikalarga murojaati kamayadi», degandi u.

Musayev bemorlarga tashxis qo‘yilishi bilan muammo tugamasligi, ularni davolash choralarini ham ko‘rish lozimligini ta'kidlagandi.

«Ayniqsa, tumanlardagi muassasalarda ularni davolaydigan jihozlar, yetuk mutaxassislar masalasi ancha qiyin. Buni gapirish oson, ammo tashkillashtirish juda qiyin. Shuni tashkillashtirish uchun markazda o‘tirgan barcha mas'ullardan pastga tushish, odamlarning dardini o‘z tanasida his qilib ko‘rish talab qilinmoqda», deya qo‘shimcha qilgandi u.

Tizimda kadrlar tanqisligi, malakasizlik dahshatli darajaga yetgan. Aholining e'tirozlari asosli, pora olgani holda ko‘ngildagidek davolashga salohiyati yetmaydigan shifokorlar nihoyatda ko‘payib ketgan. Demak, yillardan keyin natija beradigan kadrlar tayyorlash dasturini tuzish ham Musayevning chekiga tushadi.

Shuningdek, tibbiy xizmatlar to‘lovidek chalkash va shaffof bo‘lmagan tugun ham nihoyat yechilishi zarur. Tibbiy sug‘urta qo‘llanadimi, prezident taklif qilayotganidek bevosita bemorning o‘ziga pul beriladimi yoki xususiylashtirish yo‘lidan borib, davlat faqat islohotchi maqomini saqlab qoladimi, hozircha noma'lum.

Bular Behzod Musayevni ayni paytda o‘ylantirayotgan muammolarning ayrimlari, xolos. Hali tizimda o‘rnida qotib qolgan keksa amaldorlar, davlat xaridlarida qing‘irliklar, raqamlashtirishda keskin ortda qolish kabi yuzlab muammolar borki, yangi vazirga omad tilasa va yaxshi islohotlar kutsa arziydi.

Abror Zohidov

Top