13:15 / 11.11.2021
7748

«Bu – hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmas harakat» - Internet faollari ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi haqida nimalar dedi?

«O‘zkomnazorat» tomonidan Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar ma'lum vaqt davomida bloklanishi bo‘yicha hamon e'tirozlar yangrashi davom etmoqda. Kun.uz jamoatchilik faollarining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.

Foto: Kun.uz

3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar ikki soatdan ortiqroq vaqt davomida bloklandi. Bu «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi doirasida Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlash shartlarini bajarmagani uchun amalga oshirilgan. Bungacha iyul oyida ham TikTok, Twitter, Skype, «VKontakte»ning O‘zbekistondagi faoliyati cheklangandi.

Bu ish boshida turgan Vazirlar Mahkamasi prezident administratsiyasi bilan kelishmagan holda harakat qilgani ma'lum qilindi. Natijada yuqori lavozimli amaldorning uch nafari ishdan olindi. Ijtimoiy tarmoqlar faoliyati cheklab qo‘yilishi va bunga asos bo‘lgan qonunchilik noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz jamoatchilik faollarining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.

«Bu buyruqni berganlar yigirma birinchi asrda yashaydimi?»

«Abdulla Qahhorning bir gapi bor: «Rus tilining ahamiyatini tushuntirish bu quyoshning ahamiyatini tushuntirishday gap». Yuz yil o‘tib shu gapni internetga nisbatan bemalol ishlatish mumkin bo‘ldi. Internet butunjahon kompyuter tarmog‘i bo‘lsa, uning ichidagi ijtimoiy tarmoqlarni butun bir olamga qiyoslash mumkin. Bizning ijtimoiy munosabatlarimiz qurilgan olamga.

Biz YouTube’dan videodars ko‘rib o‘rganamiz, Twitter’dan zaruriy xabarni issig‘ida olamiz, Facebook’da dilimizdagini to‘kamiz, Telegram’da ishga oid turli jo‘natmalar almashamiz. Bu bizning virtual olamimiz. Ammo ba'zida shugina virtual olamimiz eshigiga qulf, yo‘lagiga shlagbaum, derazasiga panjara o‘rnatishni istab qolishadi. Tushunolmayman, bu buyruqni berganlar yigirma birinchi asrda yashaydimi yoki kompyuterni o‘chirib cho‘tda ishlayversa bo‘ladi, deb rostdan ham o‘ylaydigan kishilarmi?!

Hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan savdo munosabatlari allaqachon ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chgan. «Delovoy ishlar» esa telegram kabi messenjerlarda amalga oshmoqda. Istalgan davlat idorasini oling – ijtimoiy tarmoqda sahifasi bor. Saytlar xabarning qosh-ko‘zini bo‘yab ulgurmay, qaynoq xabar eng birinchi Twitter’dagi sahifasi va Telegram kanalida beriladi. Bunday ijtimoiy aloqa vositalarini to‘sish aqlsizlikdir, «starcheskiy marazm»ga uchraganlarning qo‘lidan keladigan ishdir.

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarni to‘sish onlayn do‘konlarga va yetkazib berish xizmatlariga zarba beradi, turizmga ta'sir qiladi, yo‘l-yo‘lakay ta'lim sohasi ham ziyon ko‘radi, qisqasi iqtisodiyotga zarari juda katta. Oxirgi yillarda tarmoqlarni to‘sib va ochib mushuk-sichqon o‘ynayotgan mas'ullarimizga insof tilayman, zamon bilan hamnafas yurishlarini, tarmoqlarni to‘smasliklarini so‘rab qolaman».

Shukurjon Islomov

Bloger, geofizik-injyener

«Kelgusida internet yana bloklanmasligi uchun bunga asos bo‘layotgan qonun bekor qilinishi kerak!»

«Ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga uringan odamlarni bugungi globallashuv davrida dunyoni o‘zining xizmat kabineti va uyidagi statsionar telefondan iborat deb hisoblaydigan shaxslarga o‘xshataman. Chunki ro‘y bergan voqealarni boshqacha izohlash qiyin. Ular Tomas Fridmanning «Dunyo tekis» (The World Is Flat) nomli asarini umuman o‘qishmagan bo‘lsa kerak. Globallashuv jarayonidan qochib qutulib bo‘lmasligi haqidagi ushbu asar 2008-10 yillarga kelib butun dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olingan.

O‘zbekistonda 2021 yilda globallashuv jarayonidan chetda turish haqida o‘ylayotgan odamlarning borligi va ularning ijtimoiy tarmoqlarni bloklash haqida o‘ylamasdan qaror chiqarayotgani eng kamida ushbu mansabdorlar o‘zlari egallab turgan lavozimga munosib emasligining isboti, menimcha. Ijtimoiy tarmoqlar kimdingdir ammasining uyidagi simini xohlaganda sug‘urib, xohlaganda ulab qo‘yish mumkin bo‘lgan ventilyatormas-ku.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Telegram yoki Instagram bilan bog‘liq biznes-loyihalarning o‘zi bir necha milliard dollarni tashkil etadi, ya'ni minglab yurtdoshlarimiz shu platformalar ortidan kun ko‘radi. Bu faoliyatni qonuniylashtirishga ko‘maklashish o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarni bloklash – hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan harakat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili O‘zbekistonni oldingidek dunyodan uzib qo‘yishning iloji yo‘qligini aytib, boshqa davlatlar bilan chegaralarimiz va Internet yopib qo‘yilmasligini ta'kidlagandi. Davlat rahbarining ushbu so‘zlaridan so‘ng bunday ishlarning sodir bo‘lishi – bu ochiqdan ochiq bugungi siyosatga teskari harakat. Shu bois ham prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov buni «O‘zkomnazorat» tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan harakat deb atadi.

«O‘zkomnazorat» tomonidan dastaklanayotgan, ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga asos bo‘layotgan qonun moddasiga amal qilinadigan bo‘lsa, elektron pochtalarni ham ishlatishimiz kerak emas, ro‘yxatdan o‘tish talab etiladigan boshqa saytlar xizmatidan foydalanishimiz ham mumkin emas. Bu degani o‘zbekistonliklar internetning taxminan 90 foiz qismiga kirmasligi kerak. Ya'ni «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27 prim birinchi moddasiga ko‘ra shaxsiy ma'lumotlar talab etiladigan hamma onlayn platformalar bloklanishi kerak.

Birinchidan, bu umuman imkonsiz ish. Ikkinchidan, bunday masshtabdagi bloklashni amalga oshirish uchun IT sohasida Xitoydagi kabi yetarli infratuzilma yaratilgan bo‘lishi kerak. Gap bulutli serverlar, muqobil platformalar haqida ketmoqda. «O‘zkomnazorat» tomonidan bloklangan platformalarning muqobili O‘zbekistonni qo‘ya turaylik, hattoki IT sohasida bizdan ancha oldindagi Rossiyada ham yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi onlayn biznes uchun katta iqtisodiy zarar keltirdi. Bundan tashqari, bu so‘z erkinligini bo‘g‘ishga urinish bo‘ldi. Chunki «O‘zkomnazorat» odamlar tanqid yozayotgan Telegram va Facebook’ni bloklab, izoh qoldirilmaydigan Google va Yandex’ni e'tiborsiz qoldirdi. Vaholanki, ular ham shaxsiy ma'lumotlarni yig‘adi, ammo ushbu platformalar serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirishgani yo‘q, biroq ishlamoqda. Men bu bilan ushbu qidiruv tizimlari ham bloklanishi kerak demoqchimasman, ushbu qarorning qanchalik absurdligini ta'kidlayapman.

Ushbu hodisa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga ham katta zarba bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar bloklanganidan yarim soat o‘tmay ikki nafar xorijiy hamkorimiz «Yana eski zamonga qaytyapsizlarmi, nima qilishgayam o‘ylanib qoldik», deb yozdi. Ko‘ryapsizmi, bu harakatning salbiy oqibatlarini. Shuning uchun ham kelajakda bu kabi holatlar takrorlanmasligiga uzil-kesil nuqta qo‘yish, buning uchun esa ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgan qonunni bekor qilish kerak, nazarimda. Qonun ijodkorligi uchun mas'ullar, hukumat bu iltimosimizni javobsiz qoldirmaydi degan umiddaman».

Xurshidbek Maroziqov
«EDU» va «EDU-Sofiya» xususiy maktab va o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi.

«Shaxsan mening ma'lumotlarim boshqalarning tanlovi va maxfiyligi hurmat qilinadigan joyda saqlanishini xohlardim»

«Ko‘r-ko‘rona nusxa olish har doim ham yaxshimas. Ayniqsa, kattaroq tizimning bir doiradagi qismini olib, boshqa holatlarga e'tibor bermasdan faqat shu qismni qiyshiq ko‘chirsa.

Rossiyada 2006 yilda qabul qilingan «Shaxsiy ma'lumot to‘g‘risida»gi va keyinroq 2014 yildagi shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga aniqlik kiritadigan qonunlar bor. Bizning hukumat bu qonunlarni birlashtirib, «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqqan.

Endi shu qonun asosida «O‘zkomnazorat» ba'zi ijtimoiy tarmoqlarning faoliyatini cheklashni boshlabdi. Shu masalada ba'zi narsalarni aniqlashtirmoqchi edim.

1. Bizning hukumat va xalq Rossiyanikidek ko‘p va boy emas. Katta, boy davlatlar turli kompaniyalardan har xil narsa talab qilishi mumkin. Bunda kompaniyalar mijozlarni yo‘qotmaslik uchun ko‘nadi odatda. Bu qonun menga ko‘zguda o‘zini sher ko‘rayotgan mushukni eslatyapti.

2. Rossiyada axborot texnologiyalarining rivoji ancha yuqori. Katta ma'lumotlarni saqlash va ularni qayta ishlash uchun yetarlicha muhit bor. Bizda – yo‘q.

3. Bizda boshqa hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar bor: oddiy dron uchishidan boshlab, Skype yoki FaceTime normal ishlamasligi, internet sifati kabilar. Ularga e'tibor berish xalqqa ko‘proq foyda keltiradi.

4. Saytlar bloklanishi uchun ochiq mexanizm qurilmadi. Tasodifan yoki pismiqlarcha qanaqadir saytlar bloklanadi va bu boshqa resurslargayam xalaqit beradi ba'zida.

5. Davlat xodimlari yotvolib Telegram ishlatishadi, u yerda almashadigan ma'lumotlar davlat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador. Negadir unga hech qanaqa tazyiq yo‘q (bo‘lmasin ham).

6. Ko‘p holatlarda, bunaqa cheklovlar aslida hukumat xizmat qilishi lozim bo‘lgan xalqqa ziyon keltiradi.

7. Hukumat bu yerda saqlanadigan shaxsiy ma'lumotlarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qanaqa kafolat beradi, bilmayman. Hukumat xohlagan payt shu ma'lumotlarni ololsa, unda bu xavfli: ertaga ma'lumotlar tarqab ketishi yoki tanish-bilish orqali olinishi ehtimoli kuchayadi.

Shaxsan mening ma'lumotlarim Kaliforniya yoki Yevropaga o‘xshagan, adolat to‘laqonli ishlaydigan, odamlarda insof kuchliroq, boshqalarning tanlovi va maxfiyligi hurmat qilinadigan joyda saqlanishini xohlardim».

Farhodjon Chinberdiyev,
bloger

Mavzuga oid
Top