12:44 / 11.11.2021
15021

Jasur Yaxshiboyev milliy jamoa qarorgohini tark etdi

O‘zbekiston milliy jamoasining Toshkentdagi yig‘iniga kelib qo‘shilgan Jasur Yaxshiboyev Srechko Katanets qo‘l ostidagi bir kunlik mashg‘ulotlardan keyin milliy jamoa qarorgohini tark etdi.

Foto: Tribuna.uz

Tribuna.uz manbasi xabariga ko‘ra, «Sherif» klubi hujumchisi 10 noyabr kuni Katanets murabbiyligida mashg‘ulotlarda ishtirok etgach, bugun, 11 noyabr kuni ertalab milliy jamoa ixtiyorini tark etgan. Hujumchining milliy jamoa yig‘inini tark etishi jarohat bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababmi – noma'lum.

O‘FA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Yaxshiboyev jarohati sababli o‘zini noqulay his qilgan.

«Jasurbek Yaxshiboyev milliy jamoa mashg‘ulotlariga kelib qo‘shilgan edi. U yig‘inga eski jarohati bilan kelgan va o‘zini noqulay his qilgan. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, uning Gruziyaga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi ma'lum bo‘ldi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Jasur Yaxshiboyev Katanets qo‘l ostidagi oktabr oyida Iordaniyada o‘tkazilgan yig‘inga ham kelmagandi. O‘shanda futbolchining «Sherif» klubi safida olgan jarohati bunga sabab bo‘lgani haqida aytilgan. Sentabr oyida Shvetsiyada o‘tgan dastlabki yig‘inda esa Yaxshiboyev chaqiruv olmagandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi dastlab Toshkentda, keyinchalik esa Gruziya poytaxti Tbilisida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Xorijdagi yig‘in doirasida 15 noyabr kuni Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini belgilangan. Uchrashuv Gori shahridagi «Tengiz Burjanadze» stadionida soat 19:00da boshlanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top