16:19 / 11.11.2021
7471
Lukashenko Yevropaga gaz tranzitini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi

Belarus orqali Yamal-Yevropa transmilliy magistral eksport gaz quvuri o‘tgan, deya qayd etdi Lukashenko.

Foto: EPA/Vostock-photo

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko G‘arbning yangi sanksiyalariga javoban Yevropaga gaz tranzitini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.

“Polsha chegarani yopish bilan qo‘rqitmoqchi. Marhamat, yoping: u yerga kamroq qochqinlar boradi. Gap bunda emas”, – deya Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BelTA agentligi.

“Belarus orqali tranzitni yopib qo‘ysak-chi? Ukraina orqali o‘tmaydi: Rossiya chegarasi yopiq. Boltiqbo‘yi orqali yo‘l yo‘q. Polyaklar va masalan, nemislarga yopib qo‘ysak nima bo‘ladi? Bizni o‘z suverenitetimiz va mustaqilligimizni himoya qilishda hech narsa to‘xtata olmasligi kerak”, – dedi u.

Belarus orqali Yamal-Yevropa transmilliy magistral eksport gaz quvuri o‘tgan, deya qayd etdi Lukashenko.

“Biz Yevropani isityapmiz, ular esa chegarani yopish bilan tahdid qilishyapti. U yerga tabiiy gaz berilishini yopib qo‘ysak-chi? Shuning uchun Polsha, Litva rahbariyati va boshqa boshi yo‘qlarga gapirishdan oldin o‘ylashni maslahat beraman”, – dedi u.

Belarus va YeI mamlakatlari chegarasidagi migratsion inqiroz yozda, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko noqonuniy migrantlar oqimiga qarshi kurashmasligini aytganidan so‘ng yuzaga kelgandi.

Polsha chegara xizmatida ta'kidlanishicha, 8 noyabrdan beri respublika chegarasi yaqinida 2-4 minggacha muhojir to‘plangan. Ular Yevropa Ittifoqi hududiga o‘tishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid
Top