14:46 / 11.11.2021
1594

Samarqandda Spark bilan to‘qnashgan mototsikl haydovchisi vafot etdi

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Payariq tumanida Spark mototsikl bilan to‘qnashgan. Oqibatda mototsikl haydovchisi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 3 noyabr kuni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-49 Chelak-Metan avtomobil yo‘lining Payariq tumani Ahmad Yassaviy mahallasi hududidan o‘tgan 34-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Spark mashinasi haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan mototsiklni o‘tkazib yubormasdan u bilan to‘qnashgan. Oqibatda mototsikl haydovchisi va uning yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan mototsikl haydovchisi shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida viloyat IIB YHXB xodimlari hamda mahalla ahli ishtirokida yo‘l-transport hodisasi oqibatlari muhokama qilingan. Muhokamada YHXB xodimlari aholiga yo‘llarda harakatlanishda e'tiborli bo‘lish, transport vositalarini boshqarayotganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish kerakligini targ‘ibot qilishgan.

Top