18:51 / 12.11.2021
9361
Abdusalom Azizov O‘zbekiston milliy jamoasi bilan uchrashdi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Prezidenti Abdusalom Azizov Gruziyaga qarshi bahs oldidan milliy jamoa a'zolari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati. 

Foto: O‘FA

Futbolimiz rahbari milliy jamoa oldida turgan keyingi musobaqalar mas'uliyati, ularga tizimli tayyorgarlik ko‘rish, har bir o‘yinda sidqidildan harakat qilish lozimligi haqida fikr bildirdi.

Milliy jamoada o‘ynash har bir futbolchi uchun faxr ekanligi, jamoa birdam bo‘lib, Vatan sharafi uchun kurashishi va yurt obro‘sini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilish kerakligi ta'kidlandi.

Shuningdek, futbolchi va murabbiylar bilan o‘tgan suhbatda ijobiy natijalarga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi ma'lum qilindi. O‘z o‘rnida jamoamizning bir qator yetakchi futbolchilari o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Abdusalom Abdumavlonovich bo‘lajak uchrashuvlarda jamoamizga omad tiladi.

O‘FA rahbari murabbiylar shtabi bilan suhbatda tayyorgarlik jarayonida kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish muhimligini e'tirof etdi. Srechko Katanets milliy jamoamiz bilan ishlashdagi dastlabki taassurotlari va fikr-mulohazalarini bildirdi. Klublardagi muntazam mashg‘ulotlarda futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga alohida e'tibor qaratish zarurligi aytilib, bu borada jamoalarga kerakli ko‘rsatmalar berilishiga qaror qilindi.

Foto: O‘FA

«Tibbiy shtab tomonidan jarohat olgan futbolchilar borasida ma'lumotlar eshittirildi va O‘FA prezidenti ularga eng zamonaviy, yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini davom ettirishga ko‘rsatma berdi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Shundan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasi Gruziyaga qarshi bahsda ishtirok etish uchun Tbilisiga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, Gruziya - O‘zbekiston uchrashuvi 15 noyabr kuni Gruziyaning Gori stadionida o‘tadi. Bahs soat 19:00da boshlanadi.

Top