20:14 / 12.11.2021
14263

AQSh Yevropani Rossiyaning yangi tajovuzidan ogohlantirgan – Bloomberg

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Moskvaning Ukraina chegarasi yaqinida qo‘shin joylashtirish niyati tushunarsizligi, ammo Ukrainaga qarshi yangi tajovuz Rossiya uchun jiddiy xato bo‘lishini aytdi.

Foto: Getty Images

Bloomberg agentligining ma'lum qilishicha, AQSh Yevropadagi ittifoqchilariga Rossiya Ukrainaga bostirib kirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani borasidagi xavotirlari bilan o‘rtoqlashgan.

Agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur xavotirlar AQSh hozircha Yevropa mamlakatlari hukumatlariga ma'lum qilmagan axborotga asoslangan.

Oq uy bu xabarga hozircha hech qanday izoh bermadi.

Rossiya o‘z hududida qo‘shinlarni joylashtirish o‘zining ichki ishi ekanligini ta'kidlamoqda va AQShni Qora dengizdagi chegaralari yaqinida provokatsion harakatlarni amalga oshirishda ayblab, o‘zining hech qanday tajovuzkorlik maqsadi yo‘qligini bildirmoqda.

Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlari yana ko‘payayotgani haqida birinchi bo‘lib Washington Post gazetasi xabar qildi. Gazeta suhbatlashgan harbiy tahlilchilar Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘plashni sentabr o‘rtalarida boshlaganini ta'kidlashdi. “G‘arb-2021” Rossiya-Belarus o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng harbiylar o‘zlarining odatiy joylariga qaytmagan, ularni Rossiya-Ukraina chegarasiga yuborish boshlangan. O‘tgan haftada Ukraina mudofaa vazirligi chegara yaqinida 90 mingga yaqin rossiyalik harbiylar borligini bildirdi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Moskvaning Ukraina chegarasi yaqinida qo‘shin joylashtirish niyati tushunarsizligi, ammo Ukrainaga qarshi yangi tajovuz Rossiya uchun jiddiy xato bo‘lishini aytdi.

Blinken Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan uchrashuv chog‘ida AQSh ma'muriyati kongress bilan hamkorlikda Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etish ustida ishlashga va'da berdi.

Bu bayonotlar Rossiya tashqi ishlar vazirligining keskin e'tiroziga sabab bo‘ldi. TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov AQShga o‘z xatolari ustida ishlashni maslahat berdi, Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov esa “Kiyev rejimi”ga qurol yetkazib berish Ukraina janubi-sharqidagi vaziyatni keskinlashtirishini aytdi.

Mavzuga oid
Top