23:05 / 12.11.2021
7621

Britaniya Polsha-Belarus chegarasiga harbiylar yubordi 

Britaniya mudofaa vazirligi Polsha va Belarus chegarasidagi migratsiya inqirozi ortida u yerga chegarani mustahkamlashda yordam berish uchun harbiylar yuborganini tasdiqladi.

Foto: Kacper Pempel/Reuters

“Britaniya qurolli kuchlari harbiylarining kichik guruhi Polsha hukumati bilan mavjud kelishuvga ko‘ra, Polshaga yuborildi. Harbiylar Belarus bilan chegaradagi vaziyatni hal qilish uchun qanday muhandislik yordami ko‘rsata olishimizga baho beradi”, deb aytilgan mudofaa vazirligi xabarida.

Avvalroq Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak britaniyalik harbiylar Polshaga Belarus bilan chegaradagi to‘siqni mustahkamlashda yordam berishini ma'lum qilgan.

Yozda Belarusning Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan chegarasida G‘arbiy Yevropaga o‘tishga urinayotgan Yaqin Sharq va Afrikadan qochqinlar oqimi ko‘paygandi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk qochqinlar oqimini boshqa ushlab turmasligini, chunki G‘arb sanksiyalari sababli mamlakatda “bunga na kuch va na pul borligi”ni aytgan.

Top