15:25 / 12.11.2021
4628
Elektrda ishlaydigan samolyotlar va chiqindi darajasi nol bo‘lgan kemalar. BMT konferensiyasida nimalar muhokama qilindi?

Yonilg‘ining faqat ekologik toza turlaridan foydalanadigan elektr avtomobillar, avtobuslar va yuk mashinalari, kemalar ilmiy-fantastik filmdan bir lavha bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq Glazgodagi 26-Konferensiyada ko‘plab hukumat va kompaniyalar bu haqiqatga aylanishi uchun ish boshlab yuborilganini aytishdi.

Chiqindisiz ishlovchi National Express avtobusi

BMTning Glazgoda bo‘lib o‘tgan konferensiyasida yangi e'lonlar aytildi, va'dalar berildi. Ularning ko‘pchiligi asosan transport sektori rivoji bilan bog‘liq. Hozirda issiqxona gazlari global chiqindilarining taxminan to‘rtdan biri aynan shu sektor ulushiga to‘g‘ri kelyapti.

1970 yildan beri mazkur sektordagi chiqindilar ikki martadan ko‘proqqa ortdi. Ulardan 80 foizi yer usti transport vositalariga to‘g‘ri keladi. BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP)da hisob-kitob qilishlaricha, jahon transport sektori deyarli butunlay qazib olinuvchi yoqilg‘ida ishlayapti. Biroq yaqin o‘n yilliklarda bu o‘zgarishi mumkin.

Ichki yonish dvigatellaridan voz kechish

BMT 26-konferensiyasida 100dan ortiq hukumat, shahar va yirik korxonalar vakillari Nol darajada chiqindi chiqaradigan avtomobil va furgonlar haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Unda 2035 yilga borib dunyoning asosiy bozorlarida, 2040 yilga borib esa butun dunyoda ichki yonish dvigatellari savdosiga chek qo‘yish maqsad qilingan. 13 mamlakat 2040 yilgacha qazib olinuvchi yonilg‘ida ishlaydigan og‘ir transport vositalari savdosini to‘xtatish majburiyatini oldi.

Lotin Amerikasining bir necha shaharlari, jumladan, Bogota, Kuenka va Salvador 2035 yilga borib chiqindi darajasi nolga teng bo‘lgan jamoat transportidan foydalanishga o‘tish maqsadini belgiladi.

Hamburg Yevropa birinchi bo‘lib barcha avtobuslar parklarida elektr modellarni yo‘lga qo‘ygan ilk shahar bo‘ldi. Foto Unsplash/P.An-Dan

Kemada yuk tashish yashil sanoati

Kemada yuk tashish sanoatiga oid qadamlar ham qo‘yildi. Ana shu tarmoqdagi 200ta korxona 2030 yilga borib chiqindi darajasi nolga teng bo‘lgan dengiz kemalari va yonilg‘i miqdorini oshirish majburiyatini oldi. Ular hukumatlarni zaruriy qoidalarni ishlab chiqish va 2050 yilga borib kemada yuk tashish yashil sanoatiga adolatli o‘tishni ta'minlash uchun infratuzilmani tayyorlashga chaqirishdi.

19 mamlakat chiqindi darajasi nol darajaga teng bo‘lgan yuk tashish marshrutini yaratishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Klaydbank (Shotlandiyadagi shahar) deklaratsiyasini imzoladi. Unda joriy o‘n yillik o‘rtasida chiqindi darajasi nolga teng bo‘lgan kamida oltita dengiz yo‘lagini yaratish ko‘zda tutilgan. Deklaratsiyada 2030 yilga borib bunday yo‘laklarni joriy etishni ko‘paytirish ham ma'lum qilingan.

Dengiz orqali yuk tashilishi - xalqaro savdo asosi. 2022 yil 1 yanvaridan bunker yonilg‘isi bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi.

To‘qqizta yirik brend, jumladan, Amazon, IKEA, Michelin, Unilever va Patagonia 2040 yilga borib o‘zlarining barcha dengiz yuklarini tashish uchun chiqindi darajasi nol bo‘lgan kemalardan foydalanishni rejalashtirayotganini e'lon qildi.

Aviatsiya sohasidagi yutuq

Aviatsiya sohasi korxonalari va ularning yirik korporativ mijozlari “Ertangi kun uchun musaffo osmon” koalitsiyalari yangilanishi haqida e'lon qildi. Mazkur koalitsiyaning vazifasi aviatsion yonilg‘ining ekologik xavfsiz turlaridan foydalanishni oshirishdan iborat. Endilikda hujjatni imzolagan tomonlar 2030 yilga borib, ekologik yonilg‘i reaktiv yonilg‘iga jahon talabining 10 foizini tashkil etishini ta'minlash majburiyatini olishdi.

Bu “yashil yonilg‘i” o‘simlik yog‘i, palma yog‘i chiqindilari, shuningdek, maishiy va tijoriy chiqindilar kabi ekologik toza xomashyodan ishlab chiqariladi. O‘z kimyoviy tarkibiga ko‘ra ular reaktiv dvigatellar uchun an'anaviy qazib olinuvchi yonilg‘iga juda o‘xshash. Ushbu maqsadga erishilishi karbonat angidrid gazi chiqindilarini yiliga 50 million tonnaga qisqartirish va 300 mingga yaqin “yashil” ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

ICAO global havo transporti tarmog‘ining uzluksiz ishlashini ta'minlaydi. Foto Unsplash

Quyosh va elektr energiyasichi? Jahon iqtisodiy forumi aviatsiya bo‘limi boshlig‘i Loren Appinkning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda energiyaning bu manblaridan faqat qisqa parvozlarda foydalanish mumkin bo‘ladi.

“Vodorod va batareyalar kabi yangi texnologiyalardan foydalangan holda olinadigan eneriyaga oz bo‘lsada ehtiyoj bo‘ladi. Fizik xususiyatlariga ko‘ra energiyaning mazkur manbalaridan aviatsiyada foydalanish murakkab, ayrim hollarda iimkonsiz. Shu tariqa, ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi – aviatsiyada chiqindilarni kamaytirish uchun yagona yechim”, dedi Loren Appink.

Elektr va vodorod yonilg‘isida ishlaydigan ilk samolyotlar osmonda 2030 yilda paydo bo‘lishi e'lon qilindi.

KS-26 kelishuv loyihasi matni

Transport sohasidagi tashabbuslardan tashqari konferensiyadagi yana bir yangilik bu konferensiya yakuniga kelib qabul qilinadigan KS-26 kelishuvi loyihasining namoyish etilishidir.

Hujjatda mamlakatlar o‘z milliy majburiyatlarini kuchaytirish va 2022 yilga borib, issiqxona gazlari chiqindilarining nol darajasiga erishish bo‘yicha strategiyani taqdim etishga undov mavjud. Loyihada qazib olinadigan yonilg‘iga subsidiya ajratishni to‘xtatishga chaqirib, iqlim falokatlari natijasida “yo‘qotishlar”, “zarar” kabi so‘zlar ilk marta yodga olingan.

Top