20:29 / 12.11.2021
16456

Qishloq xo‘jaligi vazirligi sabzi narxi 4-5 baravar arzonlashganini aytdi. Ammo narxlar o‘tgan yillardagidan 2-3 barobar yuqori

Qishloq xo‘jaligi vazirligining sabzi narxi haqidagi bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmayapti. EastFruit tahlillariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda sabzi yetishtirish hajmi kamaygan. Erta bahordagi sovuq kunlar ertapishar sabzi hosiliga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘rtachadan bir necha daraja issiq kechgan quruq va issiq yoz o‘rtapishar va kechpishar sabzi hosilini kamaytirgan.

Foto: Wilfredo R. Rodriguez / Creative Commons

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda sabzi narxi 2021 yilning iyun oyiga nisbatan 4-5 baravar arzonlashgani, optimal minimum darajaga yetgani va 2022 yilgacha shu darajada saqlanib qolishi haqida ma'lumot bergandi. EastFruit tahlilchilarining fikricha, ushbu bayonot mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«O‘zbekistonda sabzi narxi 2021 yilning iyuniga nisbatan 4-5 baravar arzonlashdi»

O‘zbekistonda sabzining o‘rtacha narxi EastFruit'ning 4 noyabr kuni o‘tkazgan narxlar monitoringi ma'lumotlariga ko‘ra, 1 kg uchun 4500 so‘mni tashkil etgan. Iyun oyida sabzi uchun eng yuqori narx 9 000 so‘m/kg bo‘lgan, ammo ushbu darajada atigi bir hafta saqlanib turgan. Yangi hosil narxi iyun oyida o‘rtacha 7500 so‘m/kg atrofida shakllangan bo‘lsa, o‘tgan yilgi sabzi shu vaqt bozorda 4500 so‘mdan sotilgan.

To‘g‘ri, hozirda ba'zan kichik hajmli ulgurji sotuvda 2500 so‘m/kg.dan sabzi topishingiz mumkin, lekin bu odatda mahsulot sifati bo‘yicha standartlarning minimal talablariga javob bermaydigan mayda sabzidir.

EastFruit ma'lumotlarini bilvosita Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Toshkent shahar Qo‘yliq bozorida o‘tkazilgan ulgurji narxlar monitoringi ham tasdiqlaydi.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, qizil sabzining ulgurji narxlari 2021 yil 9 noyabr holatiga ko‘ra, sabzavot hajmiga qarab: maydasi 2500 so‘mdan 3500 so‘m/kg.gacha, o‘rtachasi 3500 so‘mdan 4000 so‘m/kg.gacha va yirigi 4000 so‘mdan 5000 so‘m/kg.gacha sotilmoqda.

Vazirlik meva-sabzavotlarning butun assortimenti uchun aynan past narx oralig‘ini tanlash tendensiyasiga moyil. Ammo bu ma'lumotlar ham Qishloq xo‘jaligi vazirligi press-relizida e'lon qilingan narxlardan butunlay boshqacha narxlarni ko‘rsatmoqda.

Sabzi narxi 4-5 barobar arzonlashgani haqidagi bayonot real voqelikni aks ettirmaydi. Eng yaxshi holatda, narx ikki yoki uch baravar pasaygan bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, mahsulotning chakana narxlari o‘zgarishi har doim ulgurji narxlar o‘zgarishiga qaraganda kamroq ahamiyatga ega. Shu bois, O‘zbekistonda sabzining chakana narxi ham hech bir sharoitda 4-5 barobar arzonlasha olmagan.

«Sabzi narxi optimal minimum darajaga yetdi»

Bu unchalik konkret emas va juda tushunarsiz. Bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar doim bir vaqtning o‘zida optimal minimum va optimal maksimum darajada bo‘ladi, chunki narxlar talab hamda taklif mutanosibligi ta'sirida shakllanadi. Bozordagi narx obektiv reallik bo‘lib, uning optimal yoki yo‘qligini iste'molchi hal qiladi.

Faktlarga e'tibor berilsa, hozir O‘zbekistonda sabzining ulgurji narxlari rekord darajada yuqori! Ayni damda O‘zbekistonda sabzi narxi 2020 yilning noyabr oyi boshiga nisbatan deyarli 2 baravar va 2019 yilning shu davriga nisbatan 3 baravar qimmat.

Bundan shunday xulosaga kelinadiki, Qishloq xo‘jaligi vazirligining sabzi uchun maqbul minimal narxlar haqidagi bayonotlari bozor ishtirokchilarini chalg‘itishi mumkin. Yilning ayni vaqtida sabzi narxi odatdagidan ancha yuqori.

«O‘zbekistonda sabzi narxi 2022 yil bahoridagi yangi hosilga qadar shu darajada saqlanib turadi»

Bu bayonotni rad etish yo tasdiqlash qiyin, chunki kelajakda nima bo‘lishini hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq mazkur bayonotni tahlil qilib chiqsa bo‘ladi.

O‘tgan mavsumlarda O‘zbekistonda sabzining ulgurji narxlari odatda noyabr oyida barqarorlashib, yanvar oxirigacha, ba'zan esa fevral oyi o‘rtalariga qadar shunday saqlanib turgan. Qishki yangi hosil sabzining birinchi katta yoki kichik partiyalari odatda mart oyi oxirida paydo bo‘ladi. Ammo bu davrdagi narx, ko‘pincha, o‘tgan yilgi sabzi bilan belgilanadi, chunki ertapishar sabzi qimmatroq.

Qizig‘i shundaki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda sabzi narxi fevraldayoq yoki mart oyi boshida ko‘tarila boshlaydi, ya'ni bozorda yangi sabzi hosili paydo bo‘lgunga qadar, demoqda.

Vazirlik prognozlarini inkor etadigan 3ta muhim omil:

  1. Sabzavot yig‘im-terimi tugaganiga qaramay, hozirdanoq sabzi narxi rekord darajada yuqori;
  2. O‘zbekistonda ertapishar sabzi bozorga chiqishidan oldin ham narxning odatiy ko‘tarilishi;
  3. Rossiya va mintaqaning boshqa mamlakatlarida sabzi narxining nisbatan yuqori darajasi.

Vazirlik bayonotida aytilganidek, O‘zbekistonda sabzi narxi hozirgi darajada qoladi va o‘smaydi, deb prognoz qilishga jiddiy asoslar yo‘q.

Joriy yilda sabzi hosildorligi oshdimi?

Qishloq xo‘jaligi vazirligi sabzi hosildorligi va maydonlarining o‘sishi haqidagi ma'lumotlarni e'lon qildi. Aslida ham shundaymi?

Mantiqan o‘ylab qaralsa, agar sabzi yetishtirish ko‘paygan bo‘lsa, narxlar bir yil avvalgidan bir necha baravar yuqori bo‘lishi mumkinmi? Narxlar pasayishini kutishimiz kerak emasmi?

Faqatgina ichki bozorda yoki eksport bozorlarida talab keskin o‘ssa, narxlar yuqori bo‘lishi mumkin.

Iyul oyi o‘rtalaridan beri Rossiyada sabzi narxi O‘zbekistonnikidan doimiy ravishda past bo‘lib kelmoqda. Shunga ko‘ra, ushbu davrda narxga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sabzining eksport hajmlari mavjud emas va mamlakat ichida talab keskin oshgan, deyishga ham jiddiy asoslar yo‘q.

Shunga ko‘ra, katta ehtimol bilan sabzi narxi oshishiga 2021 yilda O‘zbekistonda uni yetishtirish hajmi kamayishi sabab bo‘lgan, deyish mumkin. Erta bahordagi sovuqlar ertapishar sabzi hosiliga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, o‘rtachadan bir necha daraja issiq kechgan quruq va issiq yoz esa o‘rtapishar va kechpishar sabzi hosilini kamaytirmasligi mumkin emas. Bundan tashqari, o‘sish jarayonida iqlimiy stressga duchor bo‘lgan sabzi odatda yaxshi saqlanmasligini yodda tutish kerak. Demak, O‘zbekistonda saqlash vaqtida ham sabzini boy berish darajasi juda yuqori bo‘lishi mumkin.

Bunday sharoitda ushbu sabzavot narxi yanada oshishi ehtimoli bor. Narxlar qachon ko‘tarilishini oldindan aytish juda qiyin, biroq bu mavsumda narxlar o‘sishi odatdagidan erta boshlanishini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Top