12:19 / 12.11.2021
1
30116
Ronaldu Dublinda to‘xtatildi, Rossiya guruhida birinchi. Yevropa saralashidagi 4 guruhda so‘nggi tur arafasidagi vaziyat

Payshanba oqshomida Yevropada JCh-2022 saralashi doirasida to‘rt guruhda navbatdagi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: RIA Novosti

Yil avtogoli
N guruhi

Malta — Xorvatiya — 1:7 (Brozovich, 31, avtogol — Perishich, 6. Chaleta-Tsar, 22. Pashalich, 39. Modrich, 45+1. Mayyer, 57, 64. Kramarich, 53).
Slovakiya — Sloveniya — 2:2 (Duda, 58, penalti. Strelets, 74 — Zayts, 18. Mevlya, 62).
Rossiya — Kipr — 6:0 (Yeroxin, 4, 87. Smolov, 55. Mostovoy, 56. Sutormin, 62. Zabolotniy, 81).

Kimdir maltaliklar sensatsiya ko‘rsatishini kutgan bo‘lsa, bu umid tezda o‘ldirildi. Modrichning pressingi, raqib to‘p yo‘qotishi — va Kramarich deyarli qo‘riqlanmayotgan darvoza qarshisiga Perishichni chiqarishi. Maltaliklar urgan gol ofsayd tufayli bekor qilinishi ortidan, xorvatlar Chaleta-Tsarning kuchli zarbasi bilan ustunlikni oshirishdi.

Bo‘lim o‘rtalarida Brozovichning avtogoli maltaliklarni xursand qildi, u qaychi uslubida to‘pni uzoqlashtirmoqchi bo‘lganida to‘pni o‘z boshiga tekkizdi, to‘p undan darvozaga borib tushdi. Lekin yuzaga kelgan intriga tezda Kramarichning ikkinchi golli pasi bilan o‘ldirildi, bu safar u darvoza qarshisida bo‘sh turgan Pashalichni topdi.

«Shashkachilar» ortiqcha zo‘r bermay hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi — jamoa Rossiyaga qarshi Splitda bo‘lib o‘tadigan o‘yindan oldin hujum chizig‘ida barchasi joyida ekanini namoyish etdi. 

Valeriy Karpin jamoasi Sankt-Peterburgda autsayderga qarshi u qadar kuchli bo‘lim o‘tkazmadi, ammo ikkinchi bo‘limda hisob yirik ko‘rinishga keltirildi.

Bu safar bosh murabbiy sardorlik bog‘ichini Aleksandr Golovinga taqdi, avvalgi o‘yinlarda Jikiya, Barinov, Smolov, Kuzyayev va Sutormin kabi futbolchilar jamoani maydonga boshlab tushishgandi. Karpin o‘z boshqaruvidagi olti o‘yinda olti xil sardor bilan o‘ynadi, ikkinchi bo‘limda Golovin maydondan olingach, bog‘ich Yeroxinga berildi. Karpin o‘z boshqaruvidagi olti o‘yinda Rossiya besh g‘alaba va bir durangga erishdi va guruhda birinchi o‘rinda bormoqda.

Keyingi o‘yin — ikki kundan keyin jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun Xorvatiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Zlatko Dalich jamoasiga qarshi durang hisobni ushlab qolish uchun o‘ynash — deyarli istiqbolsiz mashg‘ulot. Eng to‘g‘ri yo‘l maydonga faqat g‘alaba uchun chiqish, garchi Karpin o‘zining debyut o‘yinida xorvat hujumchilarini to‘xtatishga erishgan bo‘lsa-da, bu safargi o‘yin xorvatlar maydonida kechadi.

14 noyabr. Xorvatiya — Rossiya, Sloveniya — Kipr, Malta — Slovakiya.

Ispaniyaga durang ham kifoya

V guruhi
Gruziya — Shvetsiya — 2:0
(Kvaratsxeliya, 61, 77).
Gretsiya — Ispaniya — 0:1 (Pablo Sarabiya, 26, penalti).

Kutilganidek, bu guruhda barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi — Ispaniya va Shvetsiyaning o‘zaro o‘yinida. Faqat kuchlar nisbati Batumidagi sensatsiya tufayli keskin o‘zgardi. Birinchi bo‘limda shvedlarda hududiy ustunlik kuzatilgan bo‘lsa-da, Loriya darvozasi tomon jiddiy tahdid solinmadi. Darvozabon faqat bir epizodda, Klasson to‘pni Isakka o‘tkazib yuborganida jamoani qutqarishiga to‘g‘ri keldi.

Ammo Gruziya ham birinchi bo‘limda golli vaziyatlarga ega bo‘ldi, Kvaratsxeliya to‘pni chap qanotdan kirib kelgan Lobjanidzega yetkazib berganida u qulay vaziyatdan turib xato zarba berdi. Ikkinchi bo‘limda — Klasson Ibrahimovich tashlab bergan to‘pni darvozabon hududida turib to‘rga joylay olmaganidan keyin — Xvicha qiyinroq vaziyatda turib hisobni ochdi. Shu lahzadan «Rubin» yarimhimoyachisining benefisi boshlandi, uning uzoqdan bergan zarbasini Ulsen qaytarishga erishdi, ammo maydon markazidan kirib borishiga na himoyachilar va na darvozabon to‘sqinlik qila olmadi - 2:0.

Xvicha nafaqat ham Gruziya va ham Ispaniyani xushnud etdi, balki ajoyib davraga ham qo‘shildi. Gap shundaki, jahon chempionatlari saralash o‘yinlarida shu vaqtgacha faqat quyidagi yulduzlar dubl qayd etishgan: Kantona, Kloze, Shyurrle, Krishtianu Ronaldu va Robben.

Ispaniya esa qilishi kerak bo‘lgan ishni qildi. «Qizil furiya» muxlislari jiddiy sinovni boshdan kechirishga ulgurdi, ammo Masurasning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, ko‘p o‘tmay mehmonlar penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Luis Enrike nihoyat Pablo Sarabiya timsolida shtatdagi penaltistni topdi, ispanlar qatorasiga besh marta 11 metrli zarbadan adashganidan keyin faqat u bu seriyani to‘xtata oldi. Uning ishonchli zarbasi g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi, yakshanba kuni Sevilyada shvedlarga qarshi hal qiluvchi uchrashuvda ispanlarni durang natija ham qoniqtiradi.

14 noyabr. Ispaniya — Shvetsiya, Gretsiya — Kosovo.

Portugaliya g‘alabasiz va Pepesiz

European Qualifiers

A guruhi
Irlandiya — Portugaliya — 0:0.

Ozarboyjon — Lyuksemburg — 1:3 (Salahli, 82 — Rodrigesh, 67, 90+1. S.Till, 78).

Dublindagi o‘yin natijasi portugallarni yakshanba kuni Serbiyaga qarshi o‘yinda qanday natija qanoatlantirishini belgilardi. Aytish kerakki, Yevropaning sobiq chempionlari uchun o‘yin juda qiyin kechdi, Krishtianu Ronaldu esa yakkakurashlardan keyin ikki marta gazonga qulagani bilan yodda qoldi. Ikkinchi holatda u yerga tushishda ehtiyot bo‘lgani jarohatdan saqlab qoldi, birinchi vaziyatda bel qismiga Doerti tomonidan berilgan zarbadan keyin o‘ziga kelishi uchun ma'lum vaqt talab qilindi.

Ikkinchi bo‘limda Krishtianu himoyachilar qurshovidan omon chiqib bosh bilan zarba berganida esa bu zarba biroz noaniq chiqdi. Yana bir vaziyatda esa u aylanma zarbasi bilan uzoq burchakni nishonga olishda adashdi. Yakunda Portugaliya nafaqat g‘alabasiz qoldi, balki jamoa yetakchilaridan biri Pepeni yo‘qotdi. Qo‘pol o‘yini bilan mashhur bo‘lgan himoyachi Robinsonning yuziga tirsagi bilan zarba bergach, ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi.

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, bu nursiz o‘yindan keyin ham Fernandu Santush jamoasini Lissabonda durang ham qoniqtiradi. Bu jamoada to‘plar nisbati Serbiyanikidan yaxshiroq.

14 noyabr. Portugaliya — Serbiya, Lyuksemburg — Irlandiya.

Makedoniya Qatarga intilmoqda

J guruhi
Germaniya — Lixtenshteyn — 9:0 (Gundo‘g‘an 11, penalti. Kaufmann, 22, avtogol. Sane, 22, 49. Roys, 23. Myuller, 76, 86. Baku, 80. Geppel, 89, avtogol).
Armaniston — Shimoliy Makedoniya — 0:5 (Traykovski, 22. Bardi, 36, 66, penalti, 90, penalti, Ristovski, 79).
Ruminiya — Islandiya — 0:0.

JCh-2022 yo‘llanmasini hal qilib bo‘lgan Germaniya futbolda ham mitti davlat bo‘lgan raqibni juda yirik hisobda taslim etdi. 9-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qolgan mehmonlarda bundan saqlanishning imkoni yo‘q edi. Hofer karatechilarga xos zarba bilan Goretskani nokaut holatiga tushirishiga bir baxya qoldi va o‘yinda bosh hakam bo‘lib ishlagan Ivan Martinchich uni kiyim almashtirish xonasiga jo‘natdi.

Germaniyalik futbolchi tezda o‘ziga keldi. O‘yindagi eng kutilmagan holat — Xans Flik bunday darajadagi o‘yinga eng tajribali tarkibni tushirgani bo‘ldi, bu jamoaning o‘rtacha yoshi (29 yoshu 11 kun) nemislarning 21 asrdagi eng keksa tarkibiga aylandi. Lekin buni milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov bilan xayrlashuv marosimiga bog‘lash mumkin.

European Qualifiers

Bu guruhda intriga faqat ikkinchi o‘rin uchun saqlanib qolmoqda, kunning birinchi o‘yinida Armanistonning nazariy imkoniyatlari makedonlar tomonidan shafqatsizlik bilan yo‘q qilindi. Bahorda Xoakin Kaparros jamoasi sensatsiya ko‘rsatib yetakchiga aylangan, sikl oxiriga kelib esa jamoa faqat ochko ulashuvchi maqomiga tushib qoldi. Mehmonlar yarimhimoyachisi Bardi esa bu o‘yinda makedoniyaliklarning yirik turnirlar saralash bosqichidagi ilk het-trigi muallifiga aylandi.

Bolqon jamoasi ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi, bu o‘rinni Buxarestdagi o‘yinda Ruminiya va Islandiyadagi o‘yinda hisob ochilmagani tufayli o‘zida saqlab qoldi. Bu o‘yinda mezbonlar o‘yin so‘ngida g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo Hadjining uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi darvoza ustunidan qaytdi. Ruminlar so‘nggi turda Lixtenshteynga gol urishi aniq, makedonlar esa hozirgi pozitsiyani saqlab qolib, pley-offga o‘tish uchun o‘z uyida islandlarni yengishi talab etiladi.

14 noyabr. Armaniston — Germaniya, Shimoliy Makedoniya — Islandiya, Lixtenshteyn — Ruminiya.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top