19:42 / 12.11.2021
11617
Samarqand viloyat SSBga Captiva xarid qilinayotgani haqida xabar tarqaldi. Boshqarma anglashilmovchilik bo‘lganini aytmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga Captiva 5 xarid qilish bo‘yicha imzolangan xat surati tarqaldi. Boshqarma bunday avtomobil sotib olinmasligini ma’lum qildi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 2021 yil 4 noyabr sanasi bilan imzolangan xatda xorijiy mehmonlarga qulay sharoit yaratish maqsadida budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Captiva-5 avtomobilini xarid qilish nazarda tutilgan.

Ayni vaqtda Captiva 5T Premier narxi 309 mln 900 ming so‘mni va Captiva 5 LT narxi 281 mln 500 ming so‘mni tashkil etadi.

Biroq, aprel oyidagi hukumat qaroriga asosan, davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari uchun sotib olinadigan avtomobillarning eng yuqori narxi BHMning 700 baravari deb belgilangan. Bu – hozirgi vaqtda 189 mln so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Captiva 5’ning istalgan turini xarid qilish hukumat qaroriga zid hisoblanadi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha anglashilmovchilik yuz bergan, ya’ni boshqarmada Captiva 5 xarid qilish niyati bo‘lmagan. U benzin tashuvchi avtomobil va muzlatkichli avtomobilni nazarda tutgan holda xodimlariga boshqarma ehtiyoji uchun kattaroq avtomobil olish kerakligini bildirganini, biroq xodimlar noto‘g‘ri tushunib, Captiva 5 xarid qilish bo‘yicha xat rasmiylashtirishgani va uni o‘rinbosari imzolab yuborganini qo‘shimcha qildi.

«Boshqarma tomonidan hech qanday Captiva 5 sotib olingani yo‘q. Bunga ehtiyojimiz ham yo‘q. Ayni vaqtda xizmat uchun «Tracker» avtomobilidan foydalanib kelamiz.

Ushbu xat xizmat safaridaligimda imzolab yuborilgan. Voqeadan xabar topishim bilan darhol xatni bekor qildirdim.

Xatning rasmiylashtirilishi ham noto‘g‘ri bo‘lgan. Boshqarma biror avtomobil xarid qilmoqchi bo‘lsa, buning uchun boshqarma boshlig‘i emas, sog‘liqni saqlash vaziri yoki viloyat hokimining ruxsati olinadi», deydi Davronbek Jumaniyozov.

Avvalroq, Navoiy viloyati hokimligi 369 mln so‘mga Malibu sotib olayotgani, bu – qonunchilikka zidligi, Oliy ta’lim vazirligi Malibu-2 sotib olayotgani, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi rahbari ishni Malibu-2 xaridi bilan boshlagani xabarlar berilgandi.

Top