19:34 / 12.11.2021
20886
Shavkat Mirziyoyev turkiy davlatlar hamkorligi borasida qator takliflarni ilgari surdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Istanbul yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tayotgan Turkiy kengash sammitida nutq so‘zladi.

«Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan kengashimiz doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Og‘ir pandemiya davrida ham biz sherikligimizni kengaytirishga, bir-birimizga yordam berib, aloqalarimizni muntazam rivojlantirishga intilib kelmoqdamiz.

Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi», dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev kengash davlatlarining hamkorlik borasida hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishga chaqirdi.

Shu munosabat bilan prezident qator takliflarni ilgari surdi:

  • Tashkilot doirasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratish;
  • uchinchi davlatlardan kirib kelayotgan mahsulotlarni tashkilotga a'zo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlar hisobidan qoplash;
  • Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish;
  • Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturini ishlab chiqish;
  • davlatlardagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida «Injiniring va texnologiyalar markazlari»ni tashkil etish;
  • kelgusi yili O‘zbekistonda «Turkiy davlatlar sanoat haftaligi»ni o‘tkazish.

Davlat rahbari raqamlashtirish, ekologiya, madaniyat va yoshlar masalalari borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi:

  • «aqlli shahar»larni barpo etish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish;
  • Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tuzish;
  • «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros obektlarini saqlash, restavratsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan «Yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish;
  • Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini tashkil etish;
  • 2022 yilni turkiy dunyoda «Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili» deb e'lon qilish.

So‘zini yakunlar ekan, davlat rahbari bugungi uchrashuv va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi qardosh xalqlarning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. 

Prezident hamkasblarini yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini o‘tkazish uchun kelgusi yil O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.

Top