14:44 / 12.11.2021
8021
Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlari bayroq ko‘tarish marosimida qatnashdi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar rahbarlari ishtirokida tashkilotning yangi binosi oldida bayroq ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Istanbul shahrida 12 noyabr kuni Turkiy kengash kotibiyatining yangi binosi oldida bayroq ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va qardosh mamlakatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tantanali ravishda O‘zbekiston, Ozarboyjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Vengriya, Turkmaniston va tashkilotning bayroqlari ko‘tarildi. Turkiy kengash kotibiyati joylashgan bino XIX asr boshida barpo etilgan hamda Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish muhim ekangini ta'kidladi hamda ushbu kotibiyat tashkilot maqsad va vazifalarini amalga oshirishda bundan buyon ham muhim o‘rin tutishiga umid bildirdi.

Asosiy tadbirlari bugun o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi VIII sammit kun tartibidan kengash doirasidagi savdo, investitsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. 

Top