13:53 / 13.11.2021
16971
JCh saralashi. Angliya rekordlar bilan Qatarga yo‘l olmoqda, Italiya yana qolib ketishi mumkin

Yevropada juma oqshomida yana uch guruhda JCh-2022 saralashi doirasida navbatdagi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Angliya rekordlarni yangilamoqda

I guruhi
Angliya — Albaniya — 5:0 (Maguayr, 9. Keyn, 18, 33, 45+1. Henderson, 28).
Andorra — Polsha — 1:4 (Servos, 45 — Levandovski, 5, 73. Yujvyak, 11. Milik, 45+2).
Vengriya — San-Marino — 4:0 (Sobosloi, 6, 83. Gozdog, 22. Vechei, 88).

Angliyaliklar uchun o‘tgan turdagi yo‘qotish yetarli edi, ular o‘z uyida bu safargi saralashni juda yomon o‘tkazgan Vengriya bilan kutilmaganda durang o‘ynab qo‘ygandi va Qatar yo‘llanmasini hal qilishni kechiktirgandi, ammo navbatdagi o‘yinda «Uch sherlar» bu vazifani xotirjamlik bilan uddalashdi. Ikkinchi o‘rindan umid uzmagan Albaniya ham qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi, Maguayrning tezkor golidan keyin Pikford yakkama-yakka holatga chiqib kelgan Uzunini to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi. Ammo albanlar bu imkoniyatini yo‘qqa chiqargach, Keyn Henderson bilan hamkorlikda o‘n daqiqa ichida hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi (bittadan gol va pas almashib).

Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan boshlab maydondagi voqealar ko‘proq statistiklar uchun qiziq bo‘la boshladi, inglizlar o‘tgan asr boshidagi rekordlarni yangilashdi yoki takrorlashdi. Birinchidan, terma jamoa 1908 yildan buyon urilgan gollar bo‘yicha eng samarali yilni qayd etdi. O‘sha yili britanlar 39 gol urishgandi, hozir esa — 42ta bo‘lib ulgurdi. Ikkinchidan, Keyn 110 yil o‘tib terma jamoa uchun qatorasiga ikki yil kamida 10 gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi, bungacha bunday natija faqat ikki karra olimpiya chempioni Viven Vudvord tomonidan qayd etilgandi. Birinchi bo‘lim oxirida u qaychi uslubidagi zarbasi bilan «Uembli»ni hayratga solib, natural het-trikni rasmiylashtirdi (bir bo‘lim ichida ham ikki oyog‘i va boshi bilan gollar urdi).
 
Angliyaliklarning bayrami baribir yoqimsiz holatsiz kechmadi. Lyachi to‘pni uzoqlashtirish vaqtida Ris Jyeymsning boshiga tepib yubordi, shundan keyin «Chelsi»da ajoyib mavsum o‘tkazayotgan himoyachi terma jamoadagi jamoadoshi Stouns bilan ham to‘qnashib ketdi. Translatsiya rejissyorlari tomoshabinlar futbolchiga qanday tibbiy yordam ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lmasligi uchun kamerani o‘chirib turishdi.

Maydonga ikki zambil olib chiqilganida, vaziyat chindan ham jiddiyligi ma'lum bo‘ldi, ammo Jyeyms temir odam bo‘lib chiqdi. U nafaqat o‘ziga keldi, o‘yinni davom ettirishga qaror ham qildi. Uni faqat o‘yin oxirida almashtirishdi, Smit Rou milliy jamoada debyut qildi. «Arsenal»dan bo‘lgan ushbu talant Garet Sautgeyt davrida asosiy jamoada o‘ynagan 48-futbolchi bo‘ldi.

O‘z navbatida Polsha kutilganidek Andorrani mag‘lub etdi (raqib 1-daqiqadanoq bir kishi kam bo‘lib qoldi) va pley-offga chiqdi. Aniqroq aytganda, 10-soniyadayoq Kuku to‘p uchun kurashda raqib yuziga tirsak bilan zarba berib yubordi va kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.

5-daqiqadayoq tezkor gol urildi, bu Levandovski uchun yil boshidan buyon 61-gol bo‘ldi. Qayd etish kerakki, jahon futbolida bunday samaradorlik yetti yildan buyon kuzatilmayotgandi, oxirgi bor Krishtianu Ronaldu shunday natija qayd etgandi. «Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogar sifatida ko‘rilayotgan Levandovski o‘yin davomida portugaliyalik futbolchidan o‘zib ham ketdi. Unda hozirdanoq 62 gol va terma jamoa hamda «Bavariya» uchun yil oxirigacha yana gollar urishi tayin. Lekin Messining 2012 yilgi rekordiga yetish polyak futbolchisiga ham, yaqin orada boshqa birortasiga ham nasib etishi dargumon - argentinalik futbolchi o‘shanda o‘zga sayyoraliklarga xos natija ko‘rsatib, 91 gol urgandi.

Shuningdek, so‘nggi turda Polshada Angliyani quvib o‘tish va guruhda birinchi bo‘lish uchun ham imkon bor. Ammo bu faqat nazariy jihatdan mumkin — buning uchun britanlar so‘nggi turda San-Marinoga yirikroq hisobda mag‘lub bo‘lishi va polyaklar Vengriya ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonishi talab etiladi. Ammo bu aynan nazariy jihatdan — amalda bunday ssenariy ro‘y berishining imkoni yo‘q.

15 noyabr. San-Marino — Angliya, Polsha — Vengriya, Albaniya — Andorra.

Farer orollari daniyaliklar darvozasidagi joduni yechishdi

F guruhi
Moldaviya — Shotlandiya — 0:2
(Patterson, 38. Adams, 65).
Avstriya — Isroil — 4:2 (Arnautovich, 51, penalti. Shaub, 62, 72. Zabitser, 84 — Bitton, 32. Perets, 58).
Daniya — Farer orollari — 3:1 (Skov-Olsen, 18. Brun-Larsen, 63. Mele, 90+3 — K.Olsen, 89).

Shotlandlar oktyabrdagi o‘yinlarda g‘alaba uchun aql bovar qilmas iroda namoyish etishgandi. Isroil bilan o‘yinda ham, Farer orollari bilan o‘yinda ham so‘nggi daqiqalarda g‘alaba gollari urilgandi, shundan keyin pley-off yo‘llanmasi uchun joriy saralash bosqichida qatorasiga yetti o‘yinda yutqazgan Moldaviyani yengish kifoya bo‘lishi anglashilgandi. Kishinyovga kelgan britaniyaliklar xuddi o‘yin Glazgoda bo‘layotgandek harakat qilishdi.

Ammo, o‘z darvozasi tinimsiz bosim ostida turishiga qaramay, moldavanlar ham oldinga chiqib turishdi. Ionitsening bir necha metrdan bergan zarbasi Gordon tomonidan qaytarilishi o‘yinning shu vaqtigacha ro‘y bergan eng xavfli hujum edi. Faqat Pattersonning raqib jarima maydoni tomon yurishi va uzoq burchakni aniq nishonga olishidan keyin o‘yin kutilgan ssenariyda kecha boshladi.

Ikkinchi bo‘limda Adams muallifligidagi gol barchasiga nuqta qo‘ygandek edi, ammo videotakrordan keyin mehmonlar darvozasiga penalti qo‘yildi, Gordon esa zarbani qaytarib, Shotlandiyani 1998 yildan buyon ilk marta jahon chempionatiga yaqinlashtirdi va jamoa uchun ikkinchi o‘rinni kafolatladi. Endi guruhdagi qolgan o‘yinlar ahamiyatini yo‘qotdi.

Endi boshqa jamoalar prestij, muxlislari va reytingdagi ochkolar uchun o‘ynashadi. Isroil ikkinchi o‘rin uchun minimal imkoniyatlarini ham yo‘qotdi. Avstriya esa Millatlar ligasidagi fantastik natijasi tufayli pley-offga chiqishi kafolatlangan.

Daniya o‘zining unikal natijasini davom ettirishi mumkin edi. Sakkiz turni skandinavlar gol o‘tkazmay o‘tkazishdi va saralash o‘yinlarining oxirigacha darvozasi daxlsizligini saqlab qolishni orzu qilayotgandi. Ammo farerliklar o‘yin oxirida muxlislarga taskin beruvchi golni baribir urishdi, Shmeyxel esa bunga xuddi jamoasi mag‘lub bo‘lgandek reaksiya qildi.

15 noyabr. Shotlandiya — Daniya, Isroil — Farer orollari, Avstriya — Moldaviya.

Yevropa chempionlari yana qo‘shnilarini yenga olmadi

S guruhi
Italiya — Shveytsariya — 1:1
(Di Dorenso, 36 — Vidmer, 11).
Shimoliy Irlandiya — Litva — 1:0 (Shatkus, 17, avtogol).

Italiyai va Shveytsariya o‘rtasidagi uchrashuvlar jahon chempionati saralashidagi bezakka aylandi. Ikki jamoa ham so‘nggi tur arafasidagi o‘zaro uchrashuvga bir xilda - 14 ochko to‘plagan holda yetib keldi, ularning birinchi uchrashuvida golsiz durang qayd etilgandi. G‘olib amalda JCh-2022 uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqqan bo‘lardi, durang qayd etilgudek bo‘lsa, italiyaliklar so‘nggi tur arafasida turnir jadvalida to‘plar nisbatidagi ikki gol ustunligi evaziga yuqoriroqda turishardi.

«Shveytsariya bilan o‘yinmi? Bu yildagi eng muhimi!» — degandi Yevropa chempionlari ustozi o‘yindan oldin bergan intervyusida. Uning fikricha, jahon chempionati yo‘llanmasi hal bo‘ladigan o‘yin Yevro-2020ning har qanday o‘yinidan, hatto finaldan ham ko‘ra muhimroq.

Murat Yaqin Rimga to‘liq tarkibni olib kela olmadi. Jarohatlar tufayli Stiven Tsuber, Granit Chaka, Bril Embolo va Haris Seferovich o‘ynay olmasdi. Bunday futbolchilar yo‘qligida Shveytsariya futbolchilarida hujumlarni tashkillashtirishda muammolar chiqishi mumkin edi, ammo amalda boshqacha bo‘ldi.

11-daqiqadayoq Noa Okafor to‘pni Silvan Vidmerning yo‘liga tashlab berdi. «Mayns» himoyachisi faoliyatidagi eng yaxshi golni urdi. Hatto ikki metr bo‘yga ega Janluidji Donnarumma «to‘qqizlik»ka yo‘llangan zarbaga yeta olmadi.

Bunday hisob italiyaliklarni qanoatlantirmasdi. Tarkibdagi ayrim futbolchilar Rossiyadagi jahon chempionati saralashini esga olishgani shubhasiz. O‘shanda «skuadra adzurra» o‘tish bahslarida Shvetsiyadan o‘ta olmagandi (0:1, 0:0). Yevropaning eng yaxshi jamoasi uchun qatorasiga ikkinchi mundialni o‘tkazib yuborish haqiqiy fojia bo‘ladi. Bundan qochish uchun mezbonlar to‘pni tinimsiz ravishda maydonning ikkinchi qismiga olib borishdi.

36-daqiqada Italiyaning bosimlari samara keltirdi. Yan Zommerning himoyasidan Jovanni Di Lorenso foydalandi. Lorenso Insinening uzatmasidan keyin bo‘yi 182 santimetr bo‘lgan Di Lorenso to‘pga chiqqan darvozabondan ko‘ra ildamroq harakat qilib, darvozani ishg‘ol etdi.

Tanaffusdan keyin italiyaliklar to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo mehmonlar jarima maydonida xavfli vaziyatlar u qadar ko‘p bo‘lmadi. Mezbonlar o‘yin oxiriga qadar to‘pni osonlik bilan maydonning ikkinchi qismida olib yurishdi, ammo foydasiz bo‘ldi. O‘yin oxirida Garsiya Uliss yordamga keldi, ushbu himoyachi jarima maydoni ichida Domeniko Berardini yiqitdi, o‘yin bosh hakami Entoni Teylor esa videotakrordan keyin nuqtani ko‘rsatdi.

Jorjino ikki oy ichida Zommerga qarshi ikkinchi duelga chiqdi. Bazeldagi o‘yinda darvozabon italiyaliklarning ushbu shtatdagi penaltichisining zarbasini qaytargandi, bu safar biroz boshqacharoq bo‘ldi. Zommer o‘zini ishonchli tutdi, ammo uning ishtirokiga hojat qolmadi. Jorjino to‘pni darvoza to‘sinidan yuqoriga tepdi, o‘yinda hisob o‘zgarmay qoldi - 1:1.

Bu durang Italiyani guruhda birinchi o‘rindan mahrum etolmadi. «Skuadra adzurra» so‘nggi turda safarda Shimoliy Irlandiyani imkon qadar yirikroq hisobda yengishi talab etiladi. Ammo Shveytsariya uyida hech qanday motivatsiyaga ega bo‘lmagan Bolgariyani qabul qiladi va bu jamoa to‘plar nisbatini yaxshilab olib, italiyaliklarni turnir jadvalida quvib o‘tishi mumkin. Hozirda italiyaliklarda to‘plar nisbati ikki punktga yaxshiroq.

15 noyabr. Shimoliy Irlandiya — Italiya, Shveytsariya — Bolgariya.

Top