17:47 / 14.11.2021
17872

“Ilm nur kabidir – osiy qalbga aslo kirmas” - Najotni ilmdan topgan Doniyor Nasriddinov bilan suhbat

“Osmondagi bolalar” loyihasining navbatdagi mehmoni kimyo fani bo‘yicha xalqaro olimpiada sovrindori Doniyor Nasriddinov bo‘ldi.

  • Doniyor Nasriddinov Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanida tavallud topgan. Avval 26-maktabda, so‘ngra 77-sonli iqtidorli bolalar maktabida tahsil olgan. Samarqand davlat universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litseyni tamomlagan. 2014 yilda O‘zbekiston milliy universiteti kimyo fakultetining bakalavr bosqichini, 2016 yilda esa magistratura bosqichini bitirgan.

Suhbat davomida, yoshlarni ilmga bo‘lgan intilish va qiziqishlarini orttirish, bolalarni yoshligidan ilmga qiziqtirish, ta'lim va jamiyat muammolari, farzand kamolida ota-onaning tarbiyasi hamda jamiyatni qiynaydigan turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Barchasi qanday boshlangan?

— Hali maktabga chiqmasimdanoq, yozishni bilar edim. Ota-onam esa ta'limni, ta'lim beradiganlarni va oladiganlarni juda yaxshi ko‘rishar edi. Menga 5-sinfligimdan kimyo fanini o‘rganishni aytishgan, aslida kimyo fani Davlat ta'lim standartlariga binoan 7-sinfdan boshlab o‘tiladi. Bizning oilada uch nafar farzand bo‘lib, hech qaysimiz bog‘chaga bormaganmiz. Barcha ta'limni ota-onamizdan olganmiz.

5-6 sinflarda kimyoni yaxshiroq o‘rgandim. 7-sinf bo‘lganimda esa olimpiadaga qatnashdim. Birinchi kimyo bo‘yicha olimpiadamda 98 ball oldim, keyin viloyat bosqichi bo‘ldi, unda yana 2-o‘rinni oldim.

Dadam shunda aytgan: “Bolam, pardani yirtdik. Xudo xohlasa, buyog‘iga zo‘r ketadi”. Qarabsizki, 8-sinfda ham, 9-sinfda ham, keyinchalik ham bu holat takrorlandi.

Shu lahzani yoshligimda tasavvur qilganman...

Bir narsa esimga tushadi har doim. O‘sha voqeani o‘quvchilarimga rohatlanib, gapirib beraman. Tasavvur qilinglar, ota-onangizning aytganini qilinglar, albatta, erishasizlar deyman. Bokudagi olimpiadada sahnaga chiqqanman, kimdir menga bayroq bergan, kim ekani esimda yo‘q. Bayroqni ko‘tarib turibman va shunday orqaga qarab, o‘zimni yo‘qotganman. Chunki, dadam har doim xalqaro olimpiadada yutganingni, sahnada turganingni, bayroq ko‘targaningni tasavvur qil derdilar. Yoshlikda shu narsalarni tasavvur qilib yurardim va ortimga qarasam, doim qizil fonni ko‘rardim. Olimpiadada ham shunday ortimga qarasam, qizil fon turgan ekan. Shunday mazza qilganman. Allohning fazli ila bo‘lgan, Allohga hamdlar bo‘lsin…

Nima uchun bizda yoshlar muvaffaqiyatga erisha olmaydi? Muammo nimada?

— Muammolar haqida gapirishni yomon ko‘raman. Muammo haqida gapirar ekansiz, yechim bilan kelish kerak deb o‘ylayman. Lekin muammolar ko‘p, juda ko‘p.

— Unda yechim haqida gaplashamiz!

— Men o‘zim haqimda gapirib beraman. Oilada 3 farzandmiz. Qiz farzand yo‘q. Uchalamiz ham chempionlarmiz. Akam Belarusdan, men Bokudan, ukam Qozog‘istondan yutib keldik va institutga imtiyozli ravishda kirdik. Uchalamiz ham kimyo bo‘yicha chempionlarmiz. Ota-onamizning tarbiyasi, bizga bo‘lgan e'tibori bizni shunday darajaga olib keldi.

Aslida, birinchi muammo ota-onalarda. Farzandlariga e'tibor bermay qo‘yishdi. Bir kunda bir soat vaqt e'tibor berishganda edi, hozirda start-aplar chiqayotgan bo‘lardi. Hech bo‘lmaganda 1 soat. Lekin, hozir 10-12 daqiqa ham ajratishmayapti.

Ota-onam haqida gapiraman: “Hurmatli millat umidlarining ota-onalari, ota-onamdan o‘rnak oling, albatta farzandlaringiz millatni yetaklaydigan bo‘ladi. In Sha Alloh”.

Ota-onam bizni deb ko‘p narsalardan kechishgan. Televizor ko‘rishmagan, telefon ishlatishmagan, ko‘p pul sarflashmagan. Yoshligimda ajib voqealar sodir bo‘lgan. 5-sinf edim. Ota-onam menga ko‘p e'tibor qilar edi. Sinfda a'lochi edim. Ammo, uyga kelganimda eng sifatsiz farzand bo‘lib qolar edim. Akam juda aqlli, ukam gaplari o‘tkir va ravon, men esa hech nimani bilmasdim. Dadam akamga: “Ilmning asli kimyo, ilmning asli biologiya, ilmning asli fizika va matematika. Qolganlari kasb-hunar, o‘g‘lim. Buni o‘rgan, shu bilan davlat rivojlanadi, o‘zing rivojlanasan, hamma senga ergashadi. Buni ukalaringga ham o‘rgatasan”, dedilar. Akam menga matematika bo‘yicha dastlabki tushunchalarni berishni boshlagan. Ammo menga o‘rgatayotganlarini tushunmas edim. Bir kun uyga kirar ekanman, ota-onamning suhbatini eshitib qoldim. Dadam aytardi: “Bu Doniyorjonni nima qilamiz, akasi zo‘r o‘qiydi, ukasi ancha o‘tkir. Endi buni iqtidorli bolalar maktabiga o‘qishga kirgizamiz. Imtihonga uni tayyorlat dedilar. Shuni eshitib qolib, sekin chiqib ketdim. Oyim chaqirdilar: “Doniyorjon, kel o‘g‘lim botanika o‘qimiz”.

2-3ta mavzu o‘qirdim, birinchi o‘qiganim esimdan chiqib qolardi. Imtihonga kam vaqt qolgan edi. Bir kun kirdim, onam duo qilib turar edi: “Yo Robbiy, akasi zo‘r o‘qiydi, Doniyorjonimning ham ilmini ziyoda qil, bu ketishda ummatdan orqada qolib ketadi. Hammadan orqada qolib ketmasin, uning ilmini ziyoda qil”, — derdilar.

Bir kun o‘tdi. Kitob o‘qisam tushunyapman, har qanday masalani shunday o‘qisam, yechib ketyapman. Onaning duosi katta narsa! O‘sha-o‘sha bilasizmi nimalar bo‘ldi? Hech kim menga yetolmay qoldi. Sizga aytib bergan muvaffaqiyatlarim qayerdan kelganini bildingiz shekilli. Ota-onam menga shunday narsalar berdiki, hech kim menga yetolmay qoldi. Mendagi yutuqlarni, muvaffaqiyatlarni, nimani ko‘rsangiz, otamdan, onamdan, ustozlarimdan. Tomchidek yomonlik ko‘rsangiz, hammasi o‘zimdan, nafsimning dangasaligidan.

Dadam qilgan mehnatni tasavvur ham qilolmaysiz. Dadajonim 2 yoshimdan 5 yoshimgacha biror kun tark etmasdan ertak aytib berardi. Har kuni yangi ertak aytardilar. Tasavvur qila olasizmi, 3 yil? Buncha ertak kitob yo‘q deb o‘ylayman. Katta bo‘ldik. Bu ertaklar shunday sermazmun ediki, tasavvurimizni shu darajada boyitardi. Ota-onamning katta mehnati bilan qalbimizga ilm kirdi. Bu millatdan ta'lim ko‘tarilganining asosiy sababi ota-onalar e'tiborsizligida. Bolaga yoshligidan qalbiga ilm joylashganda edi, bunday bo‘lmasdi.

Ikkinchi muammo bu – maktab! O‘zbekistonda boshlang‘ich ta'lim juda chiroyli, a'lo darajada. Ammo 5-sinfga o‘tganida, bola aynishni boshlaydi. Aslida, ta'lim ustozni hurmat qilish bilan yuqadi. Bola 5-sinfga o‘tgandan so‘ng, ustozni hurmat qilmay qo‘yadi.

Men Colba ta'lim markazida shogirdlarimga shunday deyman: “Ilm berish uchun yo‘lga chiqdik. Millatni yetaklaydigan yoshlar bilan shug‘ullanaylik”. Ularni o‘rganinglar deb chiqarib yuboraman. Maktablarga borib 7-8 sinf o‘quvchilarni kuzatishadi. Ular nima xohlashini bilishmaydi. Men 7-sinfda olimpiadada yutganman. Qalbimga ilm singib bo‘lgan edi. Ularda aniq bir maqsad yo‘q. Nima qilishini bilmaydi.

Ustozga hurmat yo‘q. Bu nima degan gap? Ustozni hurmat qilsa, ilm yuqadi. Ustozga hurmat yo‘qolgandan so‘ng ustozlar bunga ko‘nika boshlaydi. Ta'lim bergisi kelmaydi. Bu holat 5 yil davom etsin, ustozlarda ham ta'lim o‘lib ketadi. Ulamolar aytadi: “Ustozlarni hurmat qiling, yumshab ketganidan, bor ilmini sizga bersin. Tabiblarni hurmat qiling, yumshab ketganidan bor mehri bilan sizni davolasin”. Hurmat yo‘qolgandan so‘ng shu holatga keldik. Boshida ayb ustozlarda emas edi. Hamma ayb bolalarda va ota-onalarda edi. Endi hech qaysi ustoz o‘z ustida ishlamay qo‘ydi. Chunki, birorta o‘quvchi ta'lim talab qilmay qo‘ydi. Ustozlarga ham farqi bo‘lmay qoldi.

Hozirda O‘zbekistonda hamma davlat ta'lim standartlariga asoslanib o‘qitiladi va o‘quvchilar ham bir xil fikr yuritadi. Bizga tanqidiy fikr yetishmaydimi deb o‘ylayman. Bunga fikringiz?

— Bu muammolar ichida bir muammo. Hammani bir qolipga solgandan so‘ng, albatta, hamma bir xil fikr yuritadi. Bu albatta yomon. Lekin yaqin-yaqindan variatsion sinflar tashkil qilina boshlandi. Bu nodavlat markaz sifatida tashkil qilinyapti. Eshitib juda xursand bo‘ldim.

Shu masala bo‘yicha maktablarga kirib borishni niyat qilib turibman. Ya'ni bu shunday ta'limki, institutga kirish uchun 5ta fanni o‘z ichiga olgan. Bu 5ta o‘qitilgan fanning pulini ota-onalar to‘laydi. Qolgan fanlarning pulini davlat. Bu variatsion sinflarda kimyo va biologiyaga qiziqadigan bolalar bitta sinfga to‘planadi. Matematikaga qiziqadiganlar alohida, ingliz tiliga alohida yig‘ilib, ta'lim berish boshlanadi. Maktabda tabaqalanish boshlanadi. Hammani o‘z yo‘nalishida ta'lim berish boshlanadi va tanqidiy fikrlar ko‘p chiqadi degan umiddaman.

Ko‘pchilik ota-onalar so‘rashadi: “Nima uchun bugungi kunda farzandlarimizga kimyo va biologiyani o‘rgatishimiz zarur? Iqtisodiyot fanlari rivojlanayotgan paytda, nima uchun aynan kimyo va biologiya?

Bu juda katta mavzu. Imom Shofiy rohmatulloh aytgan ekanlar: “Ilm ikkitadir. Biri din ilmi, ikkinchisi tib ilmi. Boshqa hammasi kasb-hunar” degan ekanlar. Tib ilmi bu – tibbiyot tarkibidagi kimyo, biologiya, fizika, matematika – hammasini mukammal o‘rganish kerak. Nima uchun o‘rganish kerak?

Nima uchun o‘rganmayapti? Shu to‘g‘risida gaplashaylik. Birinchi navbatda yoshlar o‘zlariga lider topa olishmayapti. Kimningdir ortidan ergasha olishmayapti. Hozirda yurtimizda butun ijtimoiy tarmoqlarda biznesmenlar, tadbirkorlar va shunga o‘xshash liderlar ko‘p. Natijada hamma ularga intila boshladi. Hayotning yengil tarafiga o‘tib olishdi.

Lekin biz unday qilmadik. Tadbirkor bo‘lish imkoniyatim bor edi. Ammo men ilmga umrimni bag‘ishladim. Ko‘p pul kelishni boshladi. Hech kambag‘al bo‘lmadim. Liderlar yo‘qligidan, ular o‘qimay qo‘yishdi. Ota-onalarga yana bir gapim bor. Farzandlarini kech ta'limga berishadi. Shifokor bo‘lish oson emas. Bir yil o‘qib shifokor bo‘lish mumkinmi? Mumkin emas. Ota-onalarga murojaatim shunaqaki, farzandingizni millatni, ummatni yetaklaydigan ilm-fan sohibi bo‘lishini istasangiz, vaqtliroq harakat qiling!

O‘zbekistonga kelib, ta'lim olishadi...

Ko‘pchilik davlatlarga chiqamiz. Yuragimni, qalbimni og‘ritadigan voqealar bor. Ayniqsa, Rossiyaga chiqarkanmiz, O‘zbekiston aholisiga ular mardikor sifatida qaraydi va uni eshitib odamning yig‘lagisi keladi. Oxirgi yillarda, biz mardikor eksport qiladigan davlatga aylanib qoldik. Lekin, bugungi kunga kelib, hamma ilmga qiziqishni boshladi, vaziyat o‘zgardi. Ishonamanki, tez orada biz mutaxassis eksport qilishni boshlaymiz. Lekin, bu chegaramiz bo‘lib qolishi kerak emas. Dunyodagi top-universitetlari bo‘lgan rivojlangan davlatlar na mardikor, na mutaxassis eksport qiladi. Ular faqat ta'limni eksport qiladi. Biz ham niyat qilamiz, ta'limni eksport qilishni. Qanday qilib? Butun dunyodagi yoshlar Angliya, Amerika, Germaniya kabi davlatlarga o‘qishga borishadi, ko‘p holatlarda u yerda ishlab, yashab qolib ketishadi. Biz ham ta'limni eksport qilmoqchimiz. O‘zbekistonga ham boshqa davlatlardan o‘quvchilar kelib ta'lim olishadi, eng zo‘r ta'lim O‘zbekistonda deydi. Albatta, ilmning eng cho‘qqisi ta'limni eksport qilishdir. Chunki, shonli tariximizga qarasak, ajdodlarimiz karvonsaroylarning zo‘rligidan emas, balki ta'lim eksport qilishgani uchun zo‘r bo‘lib ketishgan. Ular beruvchi qo‘l edilar, biz esa beruvchi ham, oluvchi ham qo‘l emasmiz… Alloh taolo nasib qilsa, bularni tez orada amalga oshiramiz.

Qiziqishlar qanday kelib chiqadi?

— Qiziqishlarni shakllantirish haqida ko‘plab, kitoblar o‘qidik. Hozirda hech kimda qiziqish yo‘q. Odamlar namuna qilib ko‘rsatilmayapti. Eng katta muammo shunda. Men ukam bilan bir reja qildim. Bu uchun juda katta ishlar qilindi. Qiziqishlar 100 foiz atrof-muhitga qarab shakllanadi. Chunki, biz qishloqning bir burchagida tug‘ilgan uch aka-uka, zabardast kimyogar bo‘lib yetishdik-ku! Ota-onam qiziqtirdi-ku! Boshqalarni ham qiziqtirsa bo‘ladi.

Aslida qiziqishlar ko‘rilsa, amaliy qilib ko‘rsatilsa, keyin shakllanar ekan. Bolalarni yoshligidan o‘zgartirish kerak. Biz xususiy bog‘chalar tashkil qilamiz. Ular tabiiy fanlarga, biologiya, kimyo va shunga o‘xshash fanlarga ixtisoslashgan bolalar bog‘chasi bo‘ladi. Bu bog‘chalarda ta'lim, odob-axloq hamma narsa o‘rgatiladi. Bundan tashqari, ko‘chat va daraxt ekish, gullarni parvarishlash hammasi o‘rgatiladi. O‘rganib, ko‘rib, ularga mehr qo‘ya boshlaydi. Biz ularga tabiatni yaxshi ko‘rishni o‘rgatmoqchimiz. Ular maktabga chiqqanda, tasavvurlari boy bo‘lib, moddalarni ajrata oladigan kuchli bo‘lishadiki, maktabda o‘qiydigan 7-sinf o‘quvchisini oldida ancha ilmli bo‘ladi. Fikrlashi, tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishi jihatidan ancha kuchli bo‘ladi. Shu yo‘nalishda, shu tartibda bu muammolarni hal qilishni reja qilganmiz. Bunga juda kam vaqt qoldi. Men ishonaman. Hammasi ijobiy hal bo‘ladi. Lekin bugun ta'limni tubdan o‘zgartirish uchun katta siyosiy iroda kerak. Bu narsalarni shunchaki qilish juda qiyin. Men ishonaman yaqin kelajakda bu narsalarga erishamiz.

— Nima uchun ilmiy izlanishlar, yangiliklar, ixtirolar qilmasdan ta'lim bilan shug‘ullanyapsiz? Bunga sabab nima?

— Menda talabalik davrlarimda, ulkan kashfiyotlar qilish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Lekin, laboratoriyalar ichida yuribmiz-u, ko‘ramiz ular haminqadar bor. Jihozlar eski, kitoblarning aksariyati 1980-yillarda yozilgan. Kuchli mutaxassislar ko‘p, yetarlicha bilim bor, muammo laboratoriyalarda.

Ukam bilan zo‘r dori kashf qilamiz, butun insoniyatga foydasi tegadi deb reja qildik. U farmatsevt. U ilmiy ishni boshladi, birga qilamiz deya harakat ham qilib ko‘rdik. Ko‘p chet el kuzatishlari, ustozlarning tajribasini o‘rgandim va ma'lum bo‘ldiki bu ishni qilish uchun kamida ikki yil vaqt ketadi. O‘zbekistondagi jihozlardan amallab qilsa bo‘ladi. Lekin, Germaniya va boshqa rivojlangan davlatlardagi laboratoriyalarda bu ishni 1 haftada qilsa bo‘ladi. O‘yladim, 1 haftada qilish mumkin bo‘lgan ishga, 2-3 yil umrimni sarflab, vaqtimni zoye qilmayman. Yoshlarga ta'lim beraman. Yoshlarning hayotida “lekin, kunlardan bir kun” degan burilish bo‘lishiga sababchi bo‘laman. Hamma ilmga qiziqqanda, ishonamanki, texnologiyalar ham O‘zbekistonga kirib kelganda, yurtimizda yangi, rivojlangan ilm-fan shakllanadi. Butun yoshlarni ilmga qiziqtiraman, ta'lim beraman deb chiqib ketdim.

— Nima sizni oldinga undaydi, nima sizni harakatga keltiradi, nima uchun uyg‘onasiz ayni shu ishlar, g‘oyalar bo‘yicha?

— Ko‘pchilik so‘raydi, ustoz menga motivatsiya bering deb. Motivatsiya aslida bitta bo‘ladi. Ko‘p bo‘lmaydi. Motivatsiya olgan o‘quvchilarim bir hafta motivatsiya olib yuradi. Keyin yana asl holatiga qaytadi. Men ularga ko‘p bor aytamanki, yoshligimdagi asosiy motivatsiya bu – ota-onam bo‘lgan. Uyg‘onar ekanman, ota-onam deb uyg‘onar edim, ota-onam meni deb gap eshitmasin deb harakat qilar edim. Hozir ham shunaqa. Ota-onam menga katta motivatsiya. Undan ham kattarog‘i ummatga xizmat qilamiz deb yo‘lga chiqdik. Alloh taolo kam qilmadi. Umrimizning oxirigacha ajdodlarimiz qoldirib ketgan merosni qayta tiklab, Movarounnahr diyorida yana shu narsa tiklandi, deyishlarini xohlaymiz. Agar, balki ulgura olmasmiz, niyatni qildik. Niyat misli otilgan kamon o‘qiga o‘xshaydi. Undan keyin to‘g‘rilash qiyin. Balki, yarim yo‘lda to‘g‘rilarmiz, lekin biz niyatni qildik. Shu renessansni qayta qilamiz. Meni intilishga undaydigan narsa shu aslida. “Ilmning asli kimyo, ilmning asli biologiya, ilmning asli fizika va matematika. Ilmning orqasidan quvaveramiz. Xudo xohlasa ajdodlarimizning renessansini qayta tiklaymiz. Agar shogirdlar ilm istab, ustozini hurmatini joyiga qo‘ysa, ilm uchun ta'lim beraman, ta'lim olaman deb yo‘lga chiqsa, Inshaalloh Movarounnahr diyorida renessansni qayta tiklay olamiz, albatta.

Top