10:43 / 14.11.2021
20742

Yana ikki jamoa Qatarga yo‘llanma oldi, Niderlandiya yana halokat yoqasida

Yevropada shanba oqshomida JCh-2022 saralashi doirasida navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Germaniya, Daniya va Braziliya ortidan Fransiya hamda Belgiya ham Qatardagi mundialga yo‘llanmani rasmiylashtirdi.

Foto: AFP

Mbappening pokeri va Bosniyaning muvaffaqiyatsizligi

D guruhi
Fransiya — Qozog‘iston — 8:0
(Mbappe, 6, 12, 32, 87. Benzema, 55, 59. Rabo, 75. Grizmann, 84, penaltidan)
Bosniya — Finlyandiya — 1:3 (Menalo, 69 — Forss, 29. Lod, 50. O'Shonessi, 73)

Intriga nuqtayi nazaridan bu guruhda turning asosiy o‘yini Zenitsada edi, bu uchrashuvda nafaqat Bosniya va Finlandiyaning kelajagi, balki bu turda dam oladigan Ukraina taqdiri ham hal qilinardi. Bolqonliklar maydon egasi sifatida o‘yinni kuchli bosim bilan boshlashdi, finnlar esa tezkor qarshi hujumlar bilan javob qaytarishdi va natijada to‘p jarima maydoni ichida Pyanichning qo‘liga tekkach, penalti tepish huquqini qo‘lga kiritishdi. Bosniyaliklar himoyasini o‘yin davomida alg‘ov-dalg‘ov qilgan Pukki Shexichni alday olmagan bo‘lsa-da, tezda xatosini to‘g‘rilab, keyingi hujumda qanotdan Forssga golli uzatmani amalga oshirdi.

Keyin ikki jamoa ham muhim futbolchilarini yo‘qotdi — jarohat olib oyoqda tura olmay qolgan Kolashinats va uning oyog‘iga tepgan Raytal maydonni tark etdi. Ammo Bosniyaga bu yordam bermadi va Pukki kamchilik holatida har bir epizoddan samara chiqar olish qanday bo‘lishini ko‘rsatib berdi. Uning o‘zi gol urmagan bo‘lsa-da, o‘yinda hal qiluvchi ikkinchi gol urilishida «Norvich» forvardi maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pga yetib borib, uni chiziq ustida to‘xtatib, hujumni davom ettirgani muhim rol o‘ynadi.

Maydon egalari tarkibidagi yulduzlar — Pyanich va Krunich — tribunadagi hushtakbozliklar ostida almashtirildi. Ularning o‘rniga tushgan jokerlar Goyak va Menalo jarima zarbasidan keyin javob golini yuzaga keltirishdi, ammo finnlarning uchinchi goli uyg‘ongan tribunalarni yana sukutga cho‘mdirdi. Markku Kanerva jamoasi Ukrainani ikki ochkolik farq bilan ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. So‘nggi turda ukrainlar motivatsiyadan mosuvo bo‘lgan Bosniyaga safar qiladi, bu jamoa ikkinchi o‘rinni egallab pley-offga chiqishi uchun saralash bosqichidagi ilk g‘alabasiga (imkon qadar ikki to‘p farqi bilan) erishishi va finnlarni qabul qiladigan Fransiyaning muvaffaqiyatiga umid qilishi kerak bo‘ladi.

Yo‘llanmani hal qilib bo‘lgan Yevropa chempionlari Finlandiyaga mehmonga boradi. Desham shogirdlari bu vazifani ishonch bilan, kuchli va chiroyli qilib uddalashdi. Mbappe 32-daqiqaga kelib terma jamoadagi ilk het-trigini rasmiylashtirdi. Statistikaga ko‘ra, fransuz futbolchilari rasmiy o‘yinlarda bunday «shlyapa bilan tryuk» 1985 yildan, Domenik Roshto davridan buyon ijro etilmagandi, fransuz futbolchisi jahon chempionatlari saralashidagi o‘yinning birinchi bo‘limida uch gol urishi esa so‘nggi bor 65 yil muqaddam ro‘y bergan.

Fransuzlar raqibning zaif nuqtalarini bilib olgach, barchasini chiroyli ijro etishga kirishib ketdi. Masalan, Grizmanning «rabona»sidan keyin Benzema to‘pni darvozaga chalqancha usuldagi zarba bilan yo‘llashga harakat qildi. «Real» forvardining bu nomeri amalga oshmadi, ammo u baribir ikkinchi bo‘limda o‘z maqsadiga erishib, ikki gol urdi va David Trezegeni ortda qoldirgan holda Fransiya termasi tarixidagi eng yaxshi beshinchi to‘purar bo‘lib oldi (35 gol). Agar Benzema mojaro tufayli milliy jamodan bir necha yilga chetlatilmaganida, uning natijasi qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Ammo bu nazariya, amalda esa Qatarda fransuzlar kuchli hujum uchligi bilan ishtirok etishadi.

Jamoa ichidagi muhit ajoyib ekani ko‘rinib turibdi. Buni o‘yin so‘nggida Mbappe penalti tepish huquqini Grizmannga berganida ham ko‘rish mumkin, Antuan darvozani ishg‘ol etgach, futbolkasini ko‘tardi va 13/11/15 yozuvini namoyish etib, «Sen-Deni» stadionidagi terakt qurbonlarini xotirladi. Mbappe esa baribir pokersiz qolmadi, u bu bilan 1958 yilgi jahon chempionatida bronza uchun bahsni benefisiga aylantirgan Jyust Fontenni yodga soldi. Aytish mumkinki, hozirgi Fransiya Qatarda o‘z titulini himoya qilishga qat'iy qaror qilganini ko‘rsatmoqda.

16 noyabr. Finlandiya — Fransiya, Bosniya — Ukraina.

Norvegiya Latviyada qoqildi, niderlandlarga Depayning dubli yetarli bo‘lmadi

G guruhi
Chernogoriya — Niderlandiya — 2:2
(Vukotich, 82. Vuynovich, 86 — Depay, 25, penaltidan, 54)
Turkiya — Gibraltar — 6:0 (Karim Oqturko‘g‘li, 11. Xalil Devisho‘g‘li, 38, 41. Merix Demiral, 65. Serdar Dursun, 81. Mert Moldur, 84)
Norvegiya — Latviya — 0:0

Bu oltilikdagi kun o‘yinlari Qatar yo‘llanmasi uchun davogar ikki jamoaning guruh autsayderlariga qarshi o‘yinlari bilan boshlandi. Turklar tanaffusga qadar Burak Yilmazning assistlar borasidagi het-trigi evaziga Gibraltar ustidan yirik hisob qayd etgan bo‘lsa, jarohat tufayli safdan chiqqan Holandsiz qolgan norvegiyaliklar Latviya mudofaasini yorib o‘ta olmadi.

Skandinavlarning bosimi tanaffusdan keyin pikka chiqdi, mezbonlarning zarbalariga goh aniqlik yetishmadi, goh Ozols to‘pni qaytardi, darvozabon to‘p uchun kurashga chiqqan pallada himoyachi darvoza chizig‘ida to‘pni to‘xtatgan holat ham bo‘ldi. Elyunussi baribir to‘pni darvozaga yo‘llaganida esa, videotakror ofsayd qayd etdi. Arbitr o‘yinning asosiy vaqtiga sakkiz daqiqa qo‘shib bergani ham yordam qilmadi, natijada Norvegiya to‘plar nisbati Turkiyanikidan yomonroqligi tufayli ikkinchi o‘rinni boy berdi.

Lui van Gaal jamoasi esa, barcha prognozlarga zid o‘laroq, finishga qadar intrigani saqlab qoladigan bo‘ldi. Jamoaning ushbu saralash siklidagi eng yaxshi to‘purari Depay (11 gol) ikki gol urgach, ko‘plar niderlandlar Qatar yo‘llanmasini hal qilib bo‘lganiga ishonib, ushbu yulduzning personal yutuqlarini muhokama qilishga kirishib ketgandi.

Birinchidan, Depay jami 14 aniq zarba bilan mamlakatning jahon chempionatlari uchun kvalifikatsiya o‘yinlaridagi asosiy to‘purariga aylandi, u bu borada Rud van Nistelroy va Robin van Persini ortda qoldirdi. Ikkinchidan, endi u terma jamoa tarixidagi eng yaxshi penaltist - to‘qqiz bor 11 metrdan aniq zarba yo‘lladi va sobiq ustozi Ronald Kumandan o‘zib ketdi.

Bundan tashqari, bu oqshomda Depay terma jamoadagi jami gollari sonini 37taga yetkazib, Dennis Berxkamp va Arena Robbenga yetib oldi, oldinda esa faqat van Persi (50), Klas-Yan Xuntelar (42) va Patrik Klyuyvert (40).

Podgoritsadagi o‘yin yakuniga 10 daqiqa vaqt qolganida ham tabloda 0:2 hisobi yonib turardi, ammo chernogoriyaliklar taslim bo‘lishni istamadi va mehmonlarning bayramini buzishga qaror qilishdi. Endi so‘nggi turda Norvegiyadan mag‘lub bo‘lishsa va  turklar  chernogoriyaliklardan ustun kelishsa, Niderlandiya guruhda uchinchi o‘rinda qolib ketishi mumkin. Durang hisob esa fantastik darajadagi to‘plar nisbati tufayli birinchi o‘rinni kafolatlaydi (+23).

16 noyabr. Niderlandiya — Norvegiya, Chernogoriya — Turkiya, Gibraltar — Latviya.

Favoritlarning kutilgan g‘alabalari

Ye guruhi
Belgiya — Estoniya — 3:1
(Benteke, 11. Ferreyra-Karrasko, 53. T.Azar, 74 — Sorga, 70)
Uels — Belarus — 5:1 (Remsi, 2, 50, penaltidan. N.Uilyams, 20. Devis, 77. Robers, 89 — Konsevoy, 87)

Bu guruhda barchasi kutilgan ssenariy bo‘yicha kechdi. Belgiya  JCh-2022ning navbatdagi ishtirokchisiga aylandi, jamoada o‘yindan oldin ham bayram muhiti hukmron edi, Mertensga «qizil iblislar» safidagi yubiley 100-o‘yin uchun xotira sovg‘asi topshirildi. Ushbu faxriy futbolchi boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmadi, ammo Lukaku yo‘qligidan Benteke foydalanib qoldi, u o‘zi hisobni ochib, ikkinchi bo‘limda Ferreyra-Karrasko uzoq masofadan ajoyib zarbasi bilan hisobdagi ustunlikni ta'minlashida assistentlik qildi.

Uels ham kutilganidek belaruslarni osonlik bilan taslim etdi, ikki oy davomida jarohat tufayli o‘ynay olmagan Beyl uchun shanba oqshomidagi o‘yin milliy jamoa safidagi 100-o‘yin bo‘ldi. «Real» forvardi yubileyni golli pas bilan nishonladi va tanaffusda almashtirildi, sardorlik bog‘ichi esa bu o‘yinda dubl qayd etgan Remsiga o‘tdi.

Endilikda so‘nggi turda Chexiya ikkinchi o‘ringa chiqishi uchun estonlarni safarda yirik hisobda mag‘lub etishi talab etiladi. Uels esa ikkinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolishi uchun o‘z uyida iloji boricha Belgiyaga mag‘lub bo‘lmasligi kerak, mag‘lubiyat ham — hukm emas. Uelsliklar ham, chexlar ham baribir Millatlar Ligasidagi natijalari tufayli pley-offda ishtirok etadi (Avstriya kabi).

16 noyabr. Uels — Belgiya, Chexiya — Estoniya.

Mavzuga oid
Top