19:48 / 15.11.2021
12899
Dunyoning eng tez boyiyotgan davlati ma'lum qilindi

XXI asr boshidan beri Xitoy dunyoda hammadan tez boyib, daromad hajmi bo‘yicha AQShni ortda qoldirdi. Bunday ma'lumotlar McKinsey konsalting kompaniyasi hisobotida keltirilgan.

Foto: Getty Images

Dunyodagi umumiy boylik oxirgi 20 yil ichida 3 karra oshgan. Mutaxassislar global daromadlarning bunday keskin o‘sishini uy-joy narxlari o‘sishi bilan tushuntirishmoqda. 

McKinsey’da hissasiga dunyodagi butun daromadning 60 foizi to‘g‘ri keladigan 10 ta davlatning sof aktivlari, ya'ni aholi va biznes egalik qiladigan barcha aktivlar qiymati o‘rganilgan. Olingan natijalarga ko‘ra, 2020 yilda dunyodagi umumiy boylik 514 trln dollarga yetgan. Asr boshida bu ko‘rsatkich 156 trln dollarni tashkil qilgan. Xitoy ulushiga ushbu o‘sishning uchdan biri to‘g‘ri kelgan. Mamlakatning umumiy boyligi 2000 yildagi 7 trln dollardan 2020 yilda 120 trln dollargacha ko‘paygan. AQShda bu ko‘rsatkich 2 marotabadan ko‘proqni tashkil qilgan va 90 trln dollarga yetgan. Ikkala davlatda ham barcha aktivlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i aholining 10 foizigagina tegishli.

Bundan tashqari, dunyodagi umumiy aktivlarning 68 foizi ko‘chmas mulk hisoblanadi. McKinsey tahlilchilarining fikricha, oxirgi 20 yilda global aktivlar qiymatining keskin o‘sishi past darajadagi foiz stavkalari sababli ko‘chmas mulk narxining o‘sishi bilan bog‘langan.

Tadqiqotning ko‘rsatishicha, dunyoda ko‘chmas mulk daromad o‘sishiga nisbatan tezroq qimmatlamoqda. Bu holat uy sotib olishga qodir odamlar sonining qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk narxining jadal o‘sishi 2008 yilda AQShda yuz bergan moliyaviy inqiroz kabi inqiroz yuz berishi xavfini oshiradi.

Top