15:29 / 15.11.2021
6806

“O‘zbekneftgaz”: Gazlida huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurash va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, uning oldini olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev, Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Bektosh Soyipov, Gazli shahar hokimi Sherali Po‘lotov, Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Shermat Shodiyev, Romitan tumani prokurori Farrux Atoyev, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, departament va bo‘lim boshliqlari, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbarlari hamda mehnat jamoasi vakillari ishtirok etdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Yig‘ilish avvalida Gazli regionida uglevodorodlarni qazib chiqarish va geologiya-qidiruv ishlari uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarni bajarishga qaratilgan geologik–texnik tadbirlar amalga oshirilishi holati tahlil qilindi. Bir necha yillardan buyon e'tiborsiz qolgan Boshqarma uchun yetarli sharoitlar yaratib berilgani, to‘liq moliyaviy ta'minlanayotganiga qaramay ishlar hanuz belgilangan darajada emasligi tanqid qilindi.

Boshqaruv raisi bir necha bor boshqarma faoliyati o‘rganilib, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha komplayens nazorat qilinayotgan bo‘lsa-da, o‘g‘rilik va talon-toroj qilishga urinayotgan ishchi-xodimlar borligi achinarli ahvolda ekanini ta'kidladi.

Jumladan, Gazli zavodida yillik quvvati 5,0 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirib berishga mo‘ljallangan Uchqir siquv kompressor stansiyasi, Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmog‘i, yangi qozonxona, Gazni quritish qurilmasi hamda Gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi foydalanishga topshirilib, Uchqir gazni oltingugurtdan tozalash majmuasi Gazli gazni qayta ishlash zavodi deb nomlangani, yangi ishchi o‘rni yaratilib mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash birinchi o‘rindagi vazifa etib belgilandi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Afsuski, boshqarmadagi mas'ul rahbar xodimlarning va mutaxassislarning e'tiborsizligi sababli talon-torojliklar va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

– Eng achinarlisi, intizomning bo‘shashtirib yuborilganligi natijasida 2021 yil mobaynida baxsiz hodisalar ro‘y bergan bo‘lib, albatta bu haqda gapirish rahbar sifatida menga juda og‘riqli, – deb avtohalokatda halok bo‘lgan ishchi-xodim va u bilan bog‘liq holatni yodga oldi.

Bundan tashqari, avtotransport sexida ehtiyot qismlar haqiqatda o‘rnatib berilmaganligi, hujjatlarga soxta ma'lumot kiritilgani, sexda saqlanayotgan NIVA va UAZ rusumli avtotransport vositalarining dvigatel hamda asosiy ehtiyot qismlari o‘g‘irlanib, jiddiy talafot yetkazilgan bo‘lsa-da, tezkorlik bilan tegishli choralar ko‘rilmagani keskin tanqid qilindi.

Avtotransport sexidagi transport vositalariga jami 40,4 mln so‘mlik ehtiyot qismlar haqiqatda o‘rnatib berilmaganligi tasdiqlandi, o‘rnatilmagan ehtiyot qismlar hujjatlarga soxta ma'lumot kiritish yo‘li bilan buxgalteriya hisobidan chiqarilganligi aniqlandi.

Ehtiyot qismlarini va yonilg‘i-moylash mahsulotlarini hisobdan chiqarishda ham muammolar aniqlangan. Misol uchun, Zil-131 rusumli o‘t o‘chiruvchi transport vositasi nosoz holda Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan “traller”ga ortib olib kelingan bo‘lsa-da, joriy yilning iyun oyida jami 3 931,2 ming so‘mlik 546 litr benzin yonilg‘isi buxgalteriya hisobidan asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi uchun xarid qilingan 4 dona jami qiymati 1 mlrd. 620 mln so‘mlik elektrodvigatellar o‘rganilganda, ular mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilmaganligi, birkalari o‘zgartirilganligida korrupsiya alomatlari mavjudligi to‘g‘risida shubha paydo bo‘ldi. Shu sababli tekshiruv o‘tkazilib to‘plangan hujjatlarni qonuniy ko‘rib chiqish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilindi. Hozirgi kunda tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘g‘riliklar aynan ishchi-xodimlar tomonidan qilinayotgani ham juda achinarli ahvol ekanligi ta'kidlandi. Masalan, yotoqxona komendanti 2021 yil 25 sentabr 2 dona akfa romi, 2 dona akfa eshik, 3 dona uzunligi 3 metr bo‘lgan d-73 mm.li bo‘lgan NKT quvuri, 20 dona uzunligi bir metr bo‘lgan d-50 mm.li bo‘lgan quvur, 5 dona uzunligi-2.50m. balandligi -1.5m.li hajmli bo‘lgan to‘r panjarasi (setochnoye ograjdeniye) va “COVID-19 dezinfeksiya tunneli”ni davlat raqamli belgisi 80/889 OAA “KAMAZ” rusumli yuk avtouloviga yuklab, usti beda bilan yopib, Uchqir hududidan asossiz olib chiqib ketilgan. Bunday huquqbuzarliklar muntazam davom ettirilgani tanqid qilindi.

Yana bir holatda aynan ana shu yotoqxona komendantining o‘g‘li uzrli sabablarsiz ishga kelmasdan jami 36 mln so‘m asossiz ish haqi to‘lovlari to‘lab kelingan. Ayni mana shu va boshqa holatlar bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy murojaat kiritilgan.

Boshqaruv raisi ushbu yig‘ilishga tashrif buyurgan huquq tartibot idoralari mas'ul rahbarlaridan kim bo‘lishidan qat'i nazar barcha o‘g‘irlangan va yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlarga tegishli huquqiy baho berilishi, har qanday korrupsion sxemalarni yo‘qotish, o‘g‘rilik va talon-torojliklarga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan jazo choralari ko‘rilishi, qonun ustuvorligini ta'minlash, oshkoralik va ochiqlik siyosati yo‘lida amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qildi.

Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Bektosh Soyipov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasidagi amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, qonunni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashishning mohiyati, uning o‘rni, uning oldini olishda amalga oshirilayotgan ishlar, yil boshidan buyon amalga oshirilgan xuquqbuzarliklar, talon-torojliklar, mansab lavozimlarini suiiste'mol qilish kabi holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta'kidladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, ishga joylashish masalasidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaslik holatlari bo‘yicha prokuraturaga kelib tushayotgan arizalar, vakant lavozimlar, ishga qabul qilishdagi shaffoflikni ta'minlash masalalari xamda kelgusida o‘zaro hamkorlikda ishlarni davom ettirish yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Prokuratura bilan birgalikda Gazlidagi barcha o‘g‘riliklar, talon-toroj, korrupsiya holatlari va “ko‘rinmas kuchlar”ga qarshi kurash hamda sodir etilayotgan yoki etilishi mumkin bo‘lgan barcha huquqbuzarliklarning oldini olish, bartaraf etish yo‘nalishida prokuratura organlari hamkorlikka har doim tayyor ekanliklarini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Shermat Shodiyev ham majlis qatnashchilariga qo‘riqlash ishlarini amalga oshirishda postlar va mobil guruhlar tashkil etilganligi, aniqlangan turli talon-torojliklar, o‘g‘rilik holatlari, o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarni ta'kidlab o‘tdi.

Bundan keyin ham Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan Gazli regionidagi vaziyat qattiq nazoratga olinishi hamda tunu kun qo‘riqlash harakatlari davom ettirilishini bildirdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shu vaqtga qadar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan talon-toroj hamda o‘g‘riliklarga qarshi kurash o‘z samarasini berib, bir qator huquqbuzarlik holatlari fosh etildi. “Kulbeshkak” va “Uchqir” konlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida, xuddiki cho‘pon sifatida faoliyat yuritib, aslida kondensat o‘g‘riligi bilan shug‘ullanayotganlar aniqlandi. U yerda kondensat saqlash joyi aniqlanib, hajmi 20 litrdan bo‘lgan 15 dona, hajmi 200 litr bo‘lgan 1 ta plastmassa idish ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

“Uchqir” konidagi 214-sonli quduqdan tabiiy gaz va mash'ala quvurlari o‘g‘irlab ketilgani fosh etildi.

– Qorako‘l tumani “Uchqir”-“Qumli” yo‘nalishida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Andaqli” koniga qarashli 7-sonli quduq oldida turgan 4 dona D89 mm.li, 1 dona 10 metrli temir quvurlari noma'lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.

– “Kulbeshkak-Doyaxotin” yo‘nalishi hududi cho‘llarida 4 nafar fuqaro I.O., K.H., B.H., O.T. gaz quvurlarini kesib olishayotgan vaqtida ushlanganlar.

– 2021 yilning 13 may kuni “Qumli”, “Savatli-Kulbeshkak” konlaridan, 27 iyun kuni “Kulbeshkak” va “Uchqir” konlaridan gaz kondensati va 5 iyul kuni “Uchqir” konidagi 214-sonli tabiiy gaz qudug‘ining “uzel zadavka” qismida hamda mash'ala (fakel) quvurlari o‘g‘irlangani hamda uni o‘g‘irlashda gumon qilinganlar aniqlangan.

– Joriy yilning 17 oktabr kuni taxminan soat 23:00 da “O‘zbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Hojikazgan-Qumli-Chaqaqum” gazokondensat quvurlari avtoyo‘nalishi atrofida Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan davlat raqam mavjud bo‘lmagan UAZ rusumli avtotransport vositasi to‘xtatib tekshirilgan. Avtotransport yukxonasida bo‘lgan har birining hajmi 60 litrni tashkil qiladigan 24 dona bo‘sh yelim bochka xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Foto: O‘zbekneftgaz

2021 yil yakuniga qadar tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarish, bu borada rejalashtirilgan geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish, uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish, shuningdek, boshqarmaning moliyaviy iqtisodiy holatini va xodimlar o‘rtasidagi muhitni yaxshilash maqsadida, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida qazib chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘ygan, moliyaviy iqtisodiy xolat yomonlashishiga sababchi bo‘lgan, mehnat intizomiga rioya qilmagan, o‘z xizmat vazifalarini qo‘pol ravishda buzgan 8 nafar mas'ul rahbar va ishchi xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.

Besh nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo choralari, 10 nafariga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi belgilangan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Boshqaruv raisi boshqarmada bu yo‘l qo‘yilayotgan salbiy holatlar hali hammasi emasligi, afsuski, bunday holatlar Jamiyat obro‘siga putur, manfaatlariga zarar yetkazishini bildirib, yangi rahbar Xislat Nazirovni butun jamoa qo‘llashi kerakligini, u qisqa muddatda ishlab chiqarishda sezilarli o‘zgarish qilganligini, boshqarma faoliyatida ko‘plab ko‘rsatkichlar bajarilganini ta'kidlab, “O‘zbekneftgaz” AJning barcha departamentlaridan bittadan malakali xodim bir oy davomida shu yerda faoliyat olib borishini bildirdi.

Albatta bu qilinayotgan ishlar, boshqarmaning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, belgilangan reja ko‘rsatkichlarini oshirib bajarish, moliya, hisob, xo‘jalik, iqtisodiy, xarid jarayonlari hamda boshqa yo‘nalishlarni takomillashtirish yuzasidan alohida chora-tadbirlar ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida boshqaruv raisi boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, huquqbuzarliklar uchun qariyb 30 dan ortiq rahbar va mas'ul xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilib, ayrimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top