18:50 / 16.11.2021
6549
Rossiya iqtisodiyotidagi muammolar migrantlar yetishmovchiligi bilan bog‘liqligi aytildi

Yirik kompaniyalar ishchilar yetishmasligi muammosiga duch kelgan.

Foto: AP

Rossiyada ish kuchi yetishmasligi mamlakat iqtisodiyoti tiklanishini sekinlashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg agentligi.

2020 yilda chegaralar yopilganidan so‘ng millionlab ishchi-migrantlar Rossiyani tark etdi va endilikda ular yangi lokdaunlardan xavfsirab ortga qaytishni istamayapti.

Shu bilan birga, Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, xorijlik ishchilar soni pandemiya boshlanguniga qadar 4,5 milliondan 3 million nafarga kamaygan.

Yirik kompaniyalar ishchilar yetishmasligi muammosiga duch kelgan. «Ayrim regionlarda bir yildan beri yetarlicha ishchi yollay olmayapmiz», — dedi «Rusagro» bosh direktori Maksim Basov. Rossiyaning eng yirik qishloq xo‘jalik kompaniyalaridan biri oylik maoshlarni o‘n foizga oshirishiga va terim mashinalari sotib olishiga to‘g‘ri keldi. 

Samolet Group kompaniyasi ham ishchilar yetishmasligi muammosini hal qilish uchun maoshlarni oshirdi. Kompaniyaning bildirishicha, yil boshida ish o‘rinlarining deyarli yarmi bo‘sh qolgan. 

SuperJob ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda kurerlar uchun vakansiyalar soni qariyb 900 foizga oshgan.

Oktyabrda markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina ham ish kuchi yetishmovchiligi haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi zarur.

Top