20:28 / 16.11.2021
3769
Sudga Meta kompaniyasiga qarshi 100 milliard dollarlik da'vo berildi
Foto: AP

AQShning Ohayo shtati prokuraturasi Mark Tsukerbergning Meta (avvalgi Facebook) kompaniyasini sudga berdi. Da'vo kompaniyaning sobiq xodimasi Frensis Xaugen ko‘rsatmalariga asoslangan. Bu haqda shtat prokurori Deyv Yost ma'lum qildi.

Da'vo arizasi shtatning pensiya kompaniyasi OPERS va Meta’ning boshqa investorlari tomonidan berilgan. Ular o‘zlari ko‘rgan zararni 100 mlrd dollarga baholashmoqda.

Javob beruvchilar sifatida nafaqat kompaniya, balki Mark Tsukerberg va qolgan rahbarlar ko‘rsatilgan.

Da'vo arizasida kompaniya o‘z algoritmlari borasida yolg‘on xabar bergani va o‘z dasturlari foydalanuvchilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararni yashirgani aytilgan. Da'vogarlarning ta'kidlashicha, kompaniya rahbariyati aksiyalar narxini oshirish maqsadida o‘z dasturlarining “xavfsizligi, himoyalangani va ma'lumotlar maxfiyligini ta'minlashini” aytib, qimmatbaho qog‘ozlar haqidagi qonunni buzgan.

“Kompaniya Facebook mahsulotlari bolalarga ziyon yetkazmasligi, zararli kontent tarqatilishini to‘xtatish uchun samarali va beayov choralar ko‘rishi, o‘z standartlarini barcha foydalanuvchilarga birdek qo‘llashini aytib, investorlar va jamoatchilikni yanglishtirgan”, deb aytilgan hujjatda.

Sarmoyachilar kompaniya haqidagi haqiqatni Frensis Xaugen chop etgan hujjatlardan bilishgan.

Xaugenning ta'kidlashicha, Facebook ijtimoiy tarmog‘i adovatni qo‘zg‘ash uchun “juda qo‘l keladi” va ijtimoiy tarmoq adovatni qo‘zg‘ovchi materialni ataylab tarqatadi. Facebook’ning sobiq xodimi bunday materiallar foydalanuvchilarda adovat va g‘azab kabi kuchli his-tuyg‘ularni keltirib chiqarishi hamda ularni saytda yanada ko‘proq vaqt o‘tkazishga undashi, bu esa kompaniya daromadlari oshishiga olib kelishini aytgan.

“Facebook’da agar algoritmlar xavfsizlik tomon sozlansa, odamlar saytda kamroq vaqt o‘tkazishi, kamroq reklama ko‘rishi, natijada kompaniya kamroq daromad olishini tushunib yetishgan”, deb aytgan Xaugen.

Avvalroq Facebook kompaniyasi o‘z nomini Meta deb o‘zgartirgandi.

Mavzuga oid
Top