16:51 / 17.11.2021
2888
2022 yil oxirigacha O‘zbekiston tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda – Moliya vazirligi

2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoydan 4,2 mlrd dollar, Yaponiyadan 2,8 mlrd dollar, Janubiy Koreyadan 1 mlrd dollar va Fransiyadan 600 mln dollar tashqi qarzi mavjud.

Foto: Paul Yeung / Bloomberg

2022 yil oxirigacha davlat qarzi 33,5 mlrd dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan va 2022 yil uchun mo‘ljallangan budjetnomada keltirib o‘tilgan.

Shundan 23,5 mlrd dollar O‘zbekiston nomidan jalb qilingan, 6,9 mlrd dollar O‘zbekiston kafolatlagan tashqi qarz, 3,1 mlrd dollar esa davlat ichki qarzi hisoblanadi.

2022 yilda davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish (asosiy qarz va foiz) xarajatlari 1,9 mlrd dollar miqdorida, jumladan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 0,7 mlrd dollar mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning Osiyo taraqqiyot bankidan 5 mlrd dollar, Xitoydan 4,2 mlrd dollar, Jahon bankidan 3,8 mlrd dollar, Yaponiyadan 2,8 mlrd dollar, xalqaro investorlardan 1,7 mlrd dollar, Janubiy Koreyadan 1 mlrd dollar, Islom taraqqiyot bankidan 900 mln dollar, Fransiyadan 600 mln dollar va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan 1,8 mlrd dollar tashqi qarzi mavjud.

Ma'lumot uchun, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash maqsadida 2020 yildan boshlab jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi miqdorlarini qonuniy chegaralash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgandi:

  • 2020 yil uchun davlat tashqi qarzini jalb etish bo‘yicha shartnomalarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar;
  • 2021 yil uchun davlat qarzining xavfsiz darajasi (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz) va davlat tashqi va ichki qarzini jalb qilish bo‘yicha yillik limitlar (5,5 mlrd dollar, shundan davlat ichki qarzi – 5 trln so‘m) miqdorida belgilangan.
Top