10:41 / 17.11.2021
20309
Bayden va Si o‘rtasidagi muzokaralar: Xitoy AQShga Tayvanda o‘t bilan o‘ynashmaslikni maslahat bermoqda

Amerikalik hamkasbi bilan virtual uchrashuvda Xitoy rahbari Si Jinping Jo Baydenni Tayvanning mustaqilligini rag‘batlantirish – olov bilan o‘ynashish ekani haqida ogohlantirdi.

Foto: EPA

Si va Bayden uchrashuvi Amerika prezidenti lavozimiga kirishgan vaqtdan beri eng mazmunli uchrashuv bo‘ldi. Sammit ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishga qaratilgandi. Biroq Tayvanning o‘zini o‘zi boshqarish masalasini chetlab o‘tish imkonsiz edi.

Xitoy Tayvanga isyonkor provinsiya sifatida qaraydi. Uning materik bilan qayta birlashishi vaqt masalasidir. AQSh Xitoyning pozitsiyasini tan oladi va u bilan rasmiy munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq shu bilan birga, Tayvanni ham qo‘llab-quvvatlab, Pekin tomonidan hujum sodir bo‘lganida unga yordam qilishga va'da beradi.

Xitoy davlat nashri Global Times yozishicha, Si tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi kelishmovchilikni «Tayvan rasmiylarining o‘z mustaqillik dasturida AQSh ko‘magidan foydalanish, shuningdek, ayrim amerikaliklarning Xitoyni ushlab turish uchun Tayvandan foydalanish» deb hisoblaydi.

«Bu olov bilan o‘ynashish kabi xavfli. Kim olov o‘ynasa, kuyadi», - deyiladi maqolada. Oq uy esa o‘z navbatida Jo Bayden «status-kvoni o‘zgartirish va Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik hamda barqarorlikka putur yetkazish bo‘yicha bir tomonlama sa'y-harakatlarga keskin qarshi» ekanini ma'lum qildi.

Keskin bayonotlarga qaramay, uchrashuv iliq salomlashuv bilan boshlandi. Si o‘zining «eski do‘sti» Baydenni ko‘rganidan xursand ekanini aytdi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular Si Jinping bilan doim rost va ochiqchasiga muloqot qilishgan hamda muzokaralarni suhbatdosh nima o‘ylayotganini aniq bilgan holda yakunlashgan.

Si Jinping esa so‘nggi vaqtlarda tez-tez bo‘lgani kabi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash va muammolarni birgalikda hal etishni taklif qildi.

«Insoniyat global qishloqda yashayapti va biz ko‘plab muammolarga duch kelmoqdamiz. Xitoy va AQSh muloqot hamda hamkorlikni kengaytirishi kerak», - dedi u.

Yana nimalar muhokama qilindi?

Dunyodagi ikkita eng qudratli mamlakatning bir qator masalalar yuzasidan fikrlari turlicha. Bayden AQSh Hongkong hamda shimoli-g‘arbiy hudud - Shinjonda inson huquqlari buzilishi borasidagi xavotirini bildirdi.

Mazkur tanqidga javob tariqasida Xitoy AQShni ichki ishlarga aralashishda ayblamoqda. Bayden «amerikalik ishchi va sanoatni XXRning adolatsiz savdo hamda iqtisodiy amaliyotidan himoya qilish» zaruratini ham alohida qayd etdi.

GETTY IMAGES

Si Jinping ham jim turmadi: Reuters agentligining ma'lum qilishicha, u Baydenga javob qaytardi va AQSh «Xitoy kompaniyalarini bostirish uchun milliy xavfsizlik konsepsiyasini suiiste'mol qilish»ga chek qo‘yishi zarurligini aytdi.

Bu Baydenning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan keyin ikki rahbar o‘rtasidagi uchinchi muloqot bo‘ldi. Muzokaralar kutilganidan uzoqroq – uch yarim soat davom etdi.

Si Jinping Covid-19 pandemiyasi boshlanganidan beri deyarli ikki yil Xitoyni tark etmadi.

AQShning oldingi prezidenti Donald Tramp davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yomonlashgandi. Tomonlar ularni normallashtirish choralarini ko‘rmoqda: ikki qudratli davlat o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar nafaqat ularning o‘zi, balki butun dunyo uchun ham muhim.

Shu bilan birga, har ikki rahbarning ham o‘z vatanida qiladigan ishlari bor: Baydenning reytinglari inflatsiya, koronavirus xavfi, Afg‘onistondan shoshilinch chiqib ketish va uning xaosga aylanishi tufayli keskin tushib ketdi. Si Jinpingda esa energetika resurslari tanqisligi va ko‘chmas mulk sohasida yuzaga kelayotgan inqiroz kabi masalalar bor.

Tahlil

Stiven MakDonell, BBC’ning Xitoydagi muxbiri

Dunyoning ikkita eng qudratli yetakchilari ishtirok etgan ushbu uchrashuvning o‘tkazilishi har ikkala tomon fikriga ko‘ra, Pekin va Vashington o‘rtasidagi avvalgi ochiqchasiga dushmanlik ish bermagan va xavfli bo‘lganini ko‘rsatyapti.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar shu darajada zaharli va nofunksional bo‘lganki, ushbu muhokamalarga Xitoy va AQSh o‘rtasidagi raqobat o‘zaro tushunmovchilik sababli dunyodagi eng qaynoq qurollangan mojaroga aylanib ketmasligining oldini olish uchun harakat deya qarash mumkin edi. Bir tomondan, AQSh va Xitoy yetakchilari o‘z mamlakatlarini ehtimoliy urushdan uzoqlashtirayotganidan xursand bo‘lish kerak. Boshqa tomondan bunga zarurat tug‘ildi va ular buni his qilishdi.

Yaxshilab nazar solinsa, mamlakatlar munosabatlari anchadan beri iliq bo‘lib ko‘rinmayotgandi. Joriy yil mart oyida Alyaskada yuqori darajadagi uchrashuvlar vaqtida ro‘y bergan diplomatik keskinlikni yodga olish kifoya. O‘shanda uchrashuv ommaviy ayblov va kamsitishlar tufayli boshlanmay turib yakunlangandi. Bu qayta tiklashga urinishga o‘xshaydi va u global geosiyosiy munosabatlarni aniq o‘zgartiradi deya umid qilish uchun asoslar bor.

Mavzuga oid
Top