18:22 / 17.11.2021
6378
Qahva, ijtimoiy tarmoqlar va bazmlar: Talabalar hayoti haqida 7 fakt

Kun.uz xalqaro talabalar kuni munosabati bilan talaba yoshlar hayotiga oid faktlarni yig‘di. O‘qing, nega talabalar ko‘p qahva ichadi, ular darsning qancha vaqtini smartfonga chalg‘ib o‘tkazadi?

Talabalar ko‘p qahva ichishadi

Talabalar ko‘p miqdorda kofein iste'mol qilishi ko‘plab ilmiy maqolalar va tadqiqotlar mavzusi bo‘lib kelgan. 

Foto: studenttorget.no

Tadqiqotlarga ko‘ra, talabalarning 92 foizi kuniga 200 mgdan 400 mg oralig‘ida qahva iste'mol qiladi.

Sababi juda oddiy: ko‘p uy vazifasi va ularni bajarish uchun uxlab qolmaslik kerak. 

Talabalarning kofeinni ko‘p iste'mol qilish sabablari quyidagilardan iborat: hushyorlik (talabalarning 79 foizi), ta'midan zavqlanish (68 foiz), ijtimoiy jihat (39 foiz), konsentratsiyani yaxshilash (31 foiz), jismoniy quvvatni oshirish (27 foiz), kayfiyatni yaxshilash (18 foiz) va stressni yengillashtirish (9 foiz).

Talabalikdagi bazmlar: talabalarning katta qismi bazmlarga qiziqmaydi

Foto: funik.ru

Talabalikdagi bayram kechalari ko‘pchilik talabalar uchun o‘yin-kulgi va dam olishning asosiy vositalaridan biridir. Shunga qaramay, talabalarning faqat 30 foizi imkon qadar bazmlarga qatnashadi.

Talabalar o‘zlarini guruhdagi eng yaxshi talaba deb biladi 

Talabalar o‘zlarini sinfda eng zo‘r ekanliklariga ishonishadi. Taxminan 71 foiz talabalar o‘zlarini guruhdagi eng zo‘r 10 foiz talabalar qatoriga qo‘shadi.

Foto: psyfiles.ru

Bu shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalariga ko‘ra, bir necha o‘n yillar oldingi talabalarga qaraganda ancha ishonchli. 

Talabalar ko‘p vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadilar 

Talabalarning ijtimoiy tarmoqlarda va ularning telefonlarida o‘tkazadigan o‘rtacha vaqti eng yuqori darajaga yetdi.

Foto: stock.adobe.com

Bu unchalik qiziqarli fakt bo‘lmasligi mumkin, lekin talabalar haftasiga taxminan olti soatni ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishlarini bilish qiziq.

Ijtimoiy tarmoqlarda haftasiga doimiy ravishda olti yoki undan ko‘p vaqt o‘tkazadigan talabalar soni 2016 yilda 40 foizga, 2018 yilda esa 70 foizga ko‘tarildi.

Ular bo‘sh vaqtlarini muloqot qilish o‘rniga telefonda o‘tkazishadi. Hech bo‘lmaganda ular o‘qish uchun ham telefonlaridan foydalanishlariga umid qilishimiz mumkin.

Talabalar qancha vaqtini o‘qishga sarflaydi?

Kerakli materiallar bilan bir qatorda, talabalar o‘z qiziqishlari uchun ko‘p o‘qiydilar. Bunga ishonish qiyin bo‘lishi mumkin, ammo Barnes & Noble kolleji ma'lumotlariga ko‘ra, talabalarning taxminan 65 foizi haftasiga besh soatgacha kitob o‘qiydi.

Foto: lib.tsu.ru

Talabalarning qolgan 13 foizi muntazam o‘qish topshiriqlari bilan bir qatorda haftasiga olti soatdan ko‘proq kitob o‘qishadi.

Albatta, ba'zi talabalar faqat kerakli materiallarga e'tibor berishadi va ular barcha talabalarning 22 foizini tashkil qiladi.

Talabalar darsning 20 foizini smartfonga chalg‘ish bilan o‘tkazadi

Hozirda Talabalar dars vaqtida har qachongidan ham ko‘proq chalg‘iydi

Foto: wowonder.com

Nebraska-Linkoln universiteti qoshidagi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar kolleji tadqiqotiga ko‘ra, bugungi kunda talabalar dars vaqtining o‘rtacha 20 foizini smartfon va raqamli qurilmalarda o‘tkazishadi.

Talabalik davri bag‘rikenglik va tolerant bo‘lishni o‘rgatadi

Talabalik davrida yoshlar boshqa din va irq vakillarini uchratishadi. Bu ularga boshqa irqlarni tushunishga va ularga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishga yordam beradi.

Foto: fa.ru

Ular yangi urf-odatlar haqida bir xonada boshqa din va irq vakillari bilan o‘tirish, birga ziyofat qilish orqali o‘rganadilar.

Madina Ochilova tayyorladi.

facslegends.org va campusadv.com materiallari asosida 

Top