15:12 / 17.11.2021
6133

Tibbiy niqob hamon kerak: Koronavirusdan qutulmay, grippga tutilish xavfi bor

O‘zbekistonda negadir hech kim niqob taqmay qo‘ydi. Ko‘chalarda-ku mayli, jamoat transportlarida, bozorlarda ham niqobli odamlar kamnamo bo‘lib qoldi. Lekin bugungi kunda faqat koronavirusdan emas, umuman respirator kasalliklardan, ayniqsa grippdan qattiq himoyalanish shart.

Foto: Kun.uz

So‘nggi paytda koronavirus jilovlangandek, hamma kasallanib tuzalib chiqqandek tasavvur o‘yg‘ongan. Koronavirus tarqalishi bo‘yicha ma'lumotlar deyarli hech kimni qiziqtirmay qo‘ydi, arang o‘rgangan elementar himoya usullarini yana unutdik, qo‘ydik. Aslida dunyodagi vaziyat hamon murakkab, bizda ham bir necha kun ichida og‘irlashib ketishi hech gap emas. Lekin koronavirus tufayli orttirgan tajribamiz ayni kunlarda asqotishi tayin. Chunki yuqori nafas yo‘llari kasalliklari tarqalishi bo‘yicha vaziyat nihoyatda jiddiy. Xususan bolalar orasida kasallanish ancha yuqori.

Ayniqsa poytaxt Toshkentda so‘nggi kunlarda kasallanish holatlari keskin oshgani tufayli yuzlab bolalar shifoxonalar yo‘laklarida yotishga majbur bo‘lmoqda. Kuni kecha vazir Behzod Musayev tungi vaqtda shahar shifoxonalarida bo‘lib, tezkor choralar ko‘rishga topshiriq bergan.

Umuman, insoniyat har yili o‘tkir repirator kasalliklar, xususan gripp bilan kasallanib chiqadi. Biror bir kasallik keng va ko‘p tarqalishi bo‘yicha grippga yaqin ham kela olmaydi. Hatto butun dunyoni falaj holatiga keltirib qo‘ygan koronavirus kasalligi ham keltirgan zarari ko‘lami, o‘limlar soni va eng muhimi – tarqalish tezligi bo‘yicha grippga yeta olgani yo‘q. Har yili yoshi kattalarning o‘rtacha 30, bolalarning 10 foizi albatta bu kasallikka chalinadi. Iqtisodiyot katta zo‘rar ko‘radi, tibbiyotga mavsumiy yuklama keskin ortib ketadi, kasallik hayotiy muhim a'zolarda jiddiy asoratlar qoldiradi. Yillik o‘limlar soni dunyo miqyosida millionga qadar boradi.

Ma'lumot uchun: 1918 yilda boshlangan va 1920 yilda yakuniga yetgan hamda tarixga “ispanka” nomi bilan kirgan gripp pandemiyasida kamida 550 million kishi kasallangan. Bu o‘sha paytda Yer aholisining taxminan 30 foizini tashkil qilgan. Turli ma'lumotlarga ko‘ra 20-100 mln odam kasallikdan vafot etgan va bu aholining 1-5,5 foiziga teng kelgan. Bu raqamlar mazkur pandemiya insoniyatga eng og‘ir zarar keltirgan degan xulosa qilishga asos bo‘la oladi.

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi – nega shuncha ming yillik va keng tarqalgan kasallikning davosi yo‘q? Gap shundaki, gripp (qadimgi nomi – inflyuensa) virusining fanga ma'lum variantlarining o‘zi 2000 tadan ortiq. Har yili bu variantlar bir-birlari bilan qorishib, mutatsiyalarga uchrab, turli shtammlar shaklida paydo bo‘laveradi va aynan virusga qarshi oldingi tajribalarni amalda yo‘qqa chiqaraveradi. Jahon tibbiyoti esa yana virusning o‘ziga emas, asosan kasallikning belgilariga, asoratlariga qarshi kurashishga majbur.

Tibbiyotning grippga qarshi uzoq yillik kurashida gripp g‘olib bo‘lgan, deb aytish mumkin. Chunki u tarqalmagan hudud yoki ijtimoiy guruh yo‘q, ehtiyotsizlik qilinishi bilanoq yuqadi va o‘zi belgilagan muddat yakuniga yetmaguncha organizmni tark etmaydi. “Grippni davolasang, 7 kunda tuzalasan; davolanmasang, bir haftaga cho‘zilib ketadi”, degan gap bejiz aytilmagan.

Yuqish yo‘llari va himoya

Yuqish yo‘llari juda oddiy – eng keng tarqalgani bemor aksiradi va havoga milliardlab viruslarni sochib yuboradi. Atrofdagilar esa bu havodan nafas oladi va yuqtirib ketaveradi. Shuningdek, havo-tomchi usulida virus yuzalarga o‘tirib qoladi, kontakt orqali tarqaladi.

Demakki, himoya ham oddiy va bugungi kunda juda dolzarb. Unutgan niqobni qayta taqishimiz, kasallik ehtimoli bo‘lgan odamdan uzoqroq yurishimiz, qo‘llarimizni muntazam yuvib turishimiz zarur.

Gripp va koronavirusni qanday farqlaymiz? Qaysi biri xavfliroq?

Bu hatto shifokorlarni ham jiddiy o‘ylantiradi. Shu bois har qanday shubha paytida eng samarali va aniq usul test topshirishdir. Hozir test topshirish imkoniyati juda keng, shu bois tavakkal qilmagan, vaqtni yo‘qotmagan ma'qul.

Bevosita alomatlariga kelsak, grippning belgilarini hamma biladi. Ammo koronavirus ham kechishi bo‘yicha grippga o‘xshab ketadi. Lekin ayrim belgilar borki, grippdan farqlashda qo‘l keladi:

Koronavirusning o‘ziga xos belgilaridan eng mashhurlari – hid va ta'm bilish xususiyatlarining yo‘qolishi. Ba'zan kasallik kechganda bu belgilarning o‘zigina kuzatilib, faqat shu simptomlar COVID-19'dan dalolat beradi.

Shuningdek, COVID-19'ning asoratlari grippga nisbatan ancha jiddiy kechadi, ya'ni aynan asoratlar jihatdan koronavirus xavfliroq. Agar organizmda surunkali kasalliklar bo‘lsa, COVID-19 ularning yanada og‘irlashishiga olib keladi.

Emlanish yordam beradimi?

Tibbiyotning grippga qarshi kurashidagi eng salmoqli yutug‘i bu emlanish bo‘lmoqda. Albatta, grippga qarshi vaksina ham salkam 100 yillik tarixga ega bo‘lsa-da, himoyaning bu uslubi so‘nggi yillardagina ommalashdi.

Bugungi kunda keksalar, bolalar, tibbiyot vakillari va umuman xavf guruhida bo‘lganlarga grippga qarshi vaksina qat'iy tavsiya qilinadi. Ko‘p davlatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham emlanish vaziyatga ko‘ra bepul amalga oshiriladi. Ayni shu kunlarda ko‘p maktablarda bu jarayon ketmoqda, bolalar tabiiyki emlanishdan qochishadi. Lekin ota-onalar emlanishga jiddiy qarashlari va nazorat qilishlari lozim.

Abror Zohidov

Mavzuga oid
Top