15:36 / 18.11.2021
12622

Kongo DR milliy jamoasi Ektor Kuperning qo‘pol xatosi sababli JCh-2022 orzusidan mosuvo bo‘lish arafasida. Aslida nima bo‘lgandi?  

Foto: Tribuna.uz

Afrikada o‘tgan JCh-2022 saralash bosqich so‘nggi tur o‘yini ham mojarosiz o‘tmadi. O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Ektor Kuper boshqaruvidagi Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi o‘z guruhidagi so‘nggi tur uchrashuvida Benin ustidan 2:0 hisobida zafar quchib, guruh g‘olibi sifatida hal qiluvchi o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma olgan edi. Ammo argentinalik tajribali murabbiyning birgina xatosi Kongo DRni JCh-2022 orzusidan mosuvo qilishi mumkin. 

Ektor Kuperning qo‘pol xatosi

So‘nggi 6-tur o‘yini doirasidagi Kongo DR – Benin uchrashuvidan avval mehmonlar 10 ochko bilan 1-o‘rinda, kongoliklar esa 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinda edi. Mezbonlarning g‘alabasi Kongoga 1-o‘rinni olib berishi, durang esa mehmonlar foydasiga ishlardi. Uchrashuvning 10-daqiqasida Mbokani tortishuvlarga sabab bo‘lgan penaltidan gol kiritib hisobni ochgan bo‘lsa, 75-daqiqada Malango yana bitta gol kiritib, Ektor Kuper jamoasiga ishonchli g‘alaba keltirgan edi – 2:0. Natijada, Kongo DR milliy jamoasi guruhda ochkolari sonini 11taga yetkazib, 1-o‘rin bilan JCh-2022 o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma oldi.  

Foto: Kongo DR

Biroq uchrashuvning 90-daqiqasida Kuper zarurati bo‘lmagan vaziyatda ko‘proq vaqt cho‘zish uchun navbatdagi o‘zgarishga qo‘l urdi. FIFA reglamentiga ko‘ra o‘yinda 3 urinishda 5ta o‘zgarish qilishga ruxsat bo‘lsa-da, u 4-urinishni amalga oshirib 4-o‘yinchini maydonga tushirdi. Qatar-2022 orzusi armonga aylanishini istamagan Benin o‘yindan keyin raqib tomonidan reglamentning qo‘pol ravishda buzilganini «ushlab» oldi.  

Foto: FIFA

 Natijada, bu mojaro Afrika doirasidan ham chiqdi. FIFA chorshanba kuni Kongo DR bilan o‘yindagi reglamentning qo‘pol buzilishi bo‘yicha Benin futbol assotsiatsiyasidan shikoyat xati olingani va bu ko‘rib chiqilishi haqida ma'lum qildi. 

Benin sport vaziri Osvald Xomeki ham BBCga bergan intervyusida, Kongo DR milliy jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozilishiga umid qilayotganini yashirmadi.

«Kongo DR milliy jamoasining FIFA qoidalarini ochiq-oydin buzgani ustidan shikoyat xati yo‘lladik. Futbolchilarni almashtirish bo‘yicha qoidalar barchaga yaxshi ma'lum, jazo choralari ham jiddiy. Benin futbol assotsiatsiyasi FIFAdan o‘yin qoidalari qo‘pol tarzda buzilishi bo‘yicha odilona qaror chiqarishni va raqibga belgilangan jazo choralarini qo‘llashni so‘rab murojaat qildi», - deydi Benin sport vaziri. 

Kongo DR milliy jamoasini qanday jazo kutmoqda?

Ektor Kuper boshqaruvidagi jamoa Afrikada saralashning o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadigan 10 jamoadan biri bo‘lgandi. Qur'aga ko‘ra, o‘tish uchrashuvi mart oyida uy-safar tizimida o‘tkazilib, 5ta g‘olib jamoa Qatarga yo‘llanma oladi.  

FIFA 3 urinishda 5ta o‘zgarish amalga oshirishni joriy qilgan vaqtdan buyon Yevropaning kuchli beshlik milliy chempionatlarida ikki jamoa bu borada jazolangan. Jumladan, mavsum boshida Germaniya kubogi doirasida «Volfsburg» g‘alaba qozonganiga qaramay, turnirdan chetlatilgandi. Sababi bosh murabbiy Van Bommel kubok o‘yini qo‘shimcha bo‘limlarida adashib, jamoasining 4-o‘zgarishini amalga oshirgan edi. 

Foto: Kongo DR

Yanvar oyida esa Italiya kubogi doirasida «Roma» shunday qo‘pol xatoni takrorlagan. Rimliklar qo‘shimcha bo‘limlarda 6-o‘zgarishni amalga oshirib, yakunda texnik mag‘lubiyat yozilgandi. 

FIFA futbolchilarni almashtirish qoidasi buzilishini reglamentga binoan talqin qilsa, katta ehtimol bilan Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasiga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Uning o‘rnini esa Benin egallaydi. Hozirda Kongo DRdan tashqari, Jazoir, Tunis, Nigeriya, Gana, Mali, Misr, Senegal, Marokash va Kamerun milliy jamoalari yo‘llanma olgan.

Top