16:55 / 19.11.2021
7149

Bayden va Putin yil oxirigacha yana uchrashishi kutilmoqda

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin yil yakuniga qadar yana bir marta uchrashishi mumkin. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.

Oldinroq Rossiya Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Putrushev hamda AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeykob Salivan telefon orqali suhbatlashgan va ular «oliy darajadagi uchrashuvni» ham muhokama qilgandi.

Dmitriy Peskov matbuot anjumanida uchrashuv yil yakuniga qadar o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmadi va unda qaysi mavzular haqida so‘z borishini anons qildi.

«Tabiiyki Ukraina haqida gaplashishadi. Biz NATO askarlarining chegaramiz yaqinidagi faollashuvini provakatsion harakat deb baholaymiz. Bu boradagi tortishuvli mavzular muhokama qilinadi», deydi Peskov.

Putinning matbuot kotibiga ko‘ra, uchrashuv yil yakunida ham, undan keyinroq ham o‘tkazilishi mumkin. Moskva uchun videokonferensiya ko‘rinishidagi suhbat qulayroq, ammo Putin va Bayden qanday ko‘rinishda gaplashishni o‘zaro hal qiladi.

Rossiya prezidenti 18 noyabr kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Jyenevada o‘tgan Bayden bilan uchrashuvdan keyin ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘nglanishiga umid uyg‘onganini aytgandi. Putin va Bayden ilk marta joriy yil iyun oyida Shveytsariyaning Jyeneva shahrida o‘tgan sammitda uchrashgandi.

Top