17:41 / 19.11.2021
6410

To‘lov shakliga qarab sotuvchilarning tovarga har xil narx belgilashi taqiqlanmoqda

Senatorlar «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma'qulladi.

Oliy Majlis Senatining 21 yalpi majlisida «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, ma'qullandi.

Yangi qonun bilan iste'molchi tomonidan tovarlar uchun haq to‘lash naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda sotuvchiga haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli) uchun har xil narxlar belgilashi taqiqlanmoqda.

Iste'molchiga sotilgan nuqsonli yoki maqbul sifatli tovarlarni qaytarib berishda o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalarga ham aniqlik kiritib ketilmoqda.

Xususan, agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste'molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Tovarda nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) o‘tkazishni tashkil qilgan iste'molchi yoki iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni tekshirish (testdan o‘tkazish, ekspertiza qilish) bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq qoplashi kerakligi haqidagi norma kiritilmoqda.

Tovarlarni namunalar va (yoki) ularning tavsifi bo‘yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste'molchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi talablar alohida yangi modda sifatida kiritilmoqda.

Top