14:25 / 19.11.2021
5013
SSV shifoxonalardagi tozalik holatini alohida nazoratga oldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tibbiyot muassasalaridagi qator kamchiliklarni aniqladi: uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozlik va sanitariya-gigiyena me'yorlariga yetarli darajada e'tibor berilmayotgani. Yangi vazir Behzod Musayev barcha muassasalardagi sanitar-gigiyena holatini zudlik bilan yaxshilashga topshiriq berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tibbiyot tizimidagi muammo va kamchiliklarni atroflicha o‘rganib, ularni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

SSV matbuot xizmatining yozishicha, xususan, o‘rganishlar davomida bemorlarning shifokor qabuliga uzoq navbat kutishi, tibbiyot xodimlarining ortiqcha qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq yuklamalari ko‘pligi kabi kamchiliklar qatorida joylardagi aksariyat davolash-profilaktika muassasalarida sanitariya-gigiyena me'yorlariga yetarli darajada e'tibor berilmayotgani ma'lum bo‘ldi.

«Qolaversa, hududlardagi bir qator shifo maskanlarida parazitar va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, sanitariya qoidalari va gigiyena normalariga amal qilinishini ta'minlash, fuqarolar uchun bu borada zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha ishlar jiddiy oqsayotgani aniqlandi.  Bu esa tabiiyki, fuqarolarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan kelib chiqqan holda sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev tizimdagi barcha muassasa rahbarlariga mazkur yo‘nalishdagi muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi.

Unga ko‘ra, vazirlik tasarrufidagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida 3 kun ichida tegishli talablarga javob bermaydigan sanitariya-gigiyena xonalarini ta'mirdan chiqarish, barcha zarur tozalik vositalari (sovun, suyuq sovun, bir martalik qog‘oz sochiq, urna va boshqa tozalash anjomlari) bilan doimiy ta'minlash bo‘yicha mas'ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Shuningdek, endilikda davolash-profilaktika muassasalari faoliyati samaradorligini baholashda ulardagi sanitariya-gigiyena holati ham alohida mezon sifatida belgilanadigan bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, bugun vazirlik tizimida jami 3365ta muassasa faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Jumladan, ularning:

  • 207tasini tuman va shahar tibbiyot birlashmasi, 
  • 208tasini ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 
  • 995tasini oilaviy poliklinika, 
  • 863tasini oilaviy shifokor punkti, 
  • 11tasini oliy ta'lim muassasasi,
  • 75tasini o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash ta'lim muassasasi tashkil etadi.
Top