10:10 / 20.11.2021
8809

DXX Surxondaryoda 115 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi. 

1982 yilda tug‘ilgan fuqaro 28 kg 895 gr. “opiy” hamda 2 kg “gashish” moddalarini, shuningdek, boshqa bir holatda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan, 1962 va 1970 yillarda tug‘ilgan aka-uka 9 kg 161 gr. “opiy” va 446 gr. “geroin” moddalarini kelgusida sotish maqsadida qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Har ikki holatda ham giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan mamlakat hududiga olib o‘tilgan.

Sariosiyoda kuzatilgan holatda tojikistonlik narkokurerlar tomonidan tumanning tog‘li hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga berkitib ketilgan 28 kg 506 gr. “opiy” moddasini qabul qilib olgan, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlandi.

DXX xodimlarining Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Termiz shahrida o‘tkazgan tezkor tadbirida esa 1969, 1970 va 1990 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro 481 gr. “opiy” moddasini 9400 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

DXX, IIV hamda Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Termiz tumani “Manguzar” YPX maskanidan o‘tib, viloyat markazi tomon harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilgan. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi va Denov tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli yuk sumkalarida Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 45 kg 913 gr. “gashish” borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 67 kg 43 gr. “opiy”, 47 kg 913 gr. “gashish” hamda 446 gr. “geroin” giyohvand moddalari musodara qilindi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top